21:41 / 25.07.2020
3 066

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovni «o‘ldi»ga chiqargan shaxslar topildi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovni «o‘ldi»ga chiqargan shaxslar topildi
«Haqiqatchi bloger» shifokor, unga ma’lumot bergan esa SEOM xodimi ekan: Surxondaryo viloyati hokimining salomatligi to‘g‘risida yolg‘on xabar tarqatganlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi, deyiladi hokimlik axborot xizmati xabarida.

Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi ta’minlangan. Tekshirish natijasida, ushbu xabarni tarqatgan shaxs fuqaro D.O. ekanligi aniqlangan.

«Haqiqatchi blogerlar» akkauntini yurituvchi D.O. 1971 yilda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Uning ma’lumoti oliy bo‘lib, Samarqand tibbiyot institutini tamomlagan. Sariosiyo tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida shifokor-kardiolog bo‘lib ishlaydi. Sariosiyo tumanining Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada ham davolovchi shifokor sifatida faoliyat yuritadi.

Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni unga viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimidan olganligini ma’lum qilib, ushbu ayolning ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etganligi haqida bildirgan.

Shu paytning o‘zida D.O. o‘zining «Redmi NOTE 9» rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab «Facebook» hamda «Telegramm» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 24.07.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma’muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.O.ga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan «Redmi NOTE 9» rusumli uyali qo‘l telefoni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O. ga qo‘ng‘iroq qilib yolg‘on ma’lumot taqdim etgan noma’lum ayol – Termiz shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi G.R. ekanligi aniqlandi.

G.R. o‘z tushuntirishida D.O.ga mazkur yolg‘on xabarni aytganligini bildirdi.
Mazkur holat yuzasidan G.R. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib tegishli sud organiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga oid noxush xabarlar tarqalgach, viloyat hokimligi axborot xizmati vaziyatga oydinlik kiritgandi.
So‘ng, turli xil mish-mishlarning oldini olish maqsadida To‘ra Abdiyevich o‘zining hozirgi holati haqida videomurojaat yo‘lladi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovni «o‘ldi»ga chiqargan shaxslar topildi