09:10 / 27.07.2020
2 893

Ichki ishlar mulozimi «plan»ni to‘ldirish uchun har kuni 5tadan ma’muriy bayonnoma tuzishga topshiriq berdi

Ichki ishlar mulozimi «plan»ni to‘ldirish uchun har kuni 5tadan ma’muriy bayonnoma tuzishga topshiriq berdi
Olmazor tuman IIO FMB HPB maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolov Telegram messenjeridagi maxsus guruhda ovozli xabar qoldirib, tumanda belgilangan reja to‘lmayotgani, fuqarolarga nisbatan juda kam ma’muriy bayonnoma tuzilayotgani, natijada Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Mahkam Vafoyev boshchiligida o‘tgan katta majlisda e’tiroz eshitganini ta’kidlab, barcha ichki ishlar organlari xodimlarini qattiq koyigan va har bir profilaktika inspektori turli moddalar bo‘yicha kuniga 5tadan ma’muriy bayonnoma tuzishi haqida topshiriq bergan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (avvalgi tuman IIB)da bo‘lib o‘tgan majlisdan yozib olingani taxmin qilingan ovozli xabar tarqaldi.

O‘zA'ning aniqlashicha, ovozli xabar Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli.

Ovozli xabarda Xolov Olmazor tumani fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzishda juda kam ko‘rsatkichga egaligi, natijada bu yuqori turuvchi rahbarlarni qanoatlantirmayotgani, tuman rahbarlari shahar miqyosida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda buning uchun qattiq gap eshitishayotganini ta’kidlagan.

Podpolkovnik ushbu kamchilikni zudlik bilan bartaraf etish uchun bugundan boshlab har bir profilaktika inspektori fuqarolarga nisbatan turli moddalar bo‘yicha 5tadan ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha topshiriq bergan.

Ovozli xabarda, jumladan, shunday deyiladi:
«Olmazor tumani HPB (tahr. – huquqiy profilaktika bo‘limi) boshliqlari, 1-GOM, 2-3-5-6-8-GOM (tahr. – GOM – hududiy ichki ishlar bo‘limi). Hozir selektor tugadi, shahar rahbariyati – Vafoyev o‘tkazdi (tahr. – polkovnik Mahkam Vafoyev, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari). Juda «jyostkiy» bo‘ldi selektor. So‘rov qattiq bo‘ladi.

Olmazor tumani «voobshe» dabdala qildi. Sizlarning qo‘l ostingizda xodimlar ishlayaptimi, «uchastkoviy»lar? «Rezultat» qilmagandan keyin, hammamiz dabdala bo‘ldik.

Olmazor tumani yo‘q, «bolshe ne sushestvuyet» biz uchun deyapti. Hozir eshit, diqqat bilan! Kechqurun ham 22:00da selektor, men kiraman. Lekin qaysi «GOM» «rezultat» bermasa, men aytaman hozir qanaqa «rezultat»ligini, men qo‘yib beraman. Uch kundan buyon «protokol» (tahr. – huquqbuzarlik uchun tuziladigan ma’muriy bayonnoma nazarda tutilmoqda) bermayapsizlar.

Mayli, hech bo‘lmasa kunduzi 15-20 nafar «uchastkoviy» chiqsa, ikkitadan «protokol» qilsa ham 40ta bo‘ladi. Balo ham yo‘q. Kecha 11ta «protokol», o‘tgan kuni 6ta, uch kun oldin 6ta.

Kimdir ishga chiqyapti-ku kunduz kuni. Men yozib olaman, kunduz kuni qaysi «uchastkoviy» ishlayapti va kechqurungacha u nima ish qildi, nechta «protokol» tuzdi. Har bir «uchastkoviy» beshtadan «protokol» tuzsin, har xil modda bilan. Mayli, agar sud ishlamasa, «arest» (tahr. – ma’muriy qamoq jazosi) qilmasin, jin ursin. Boshqa modda bilan «protokol» tuzsin.

Qiyin bo‘lyapti javob berish, sizlar kirmaysizlar-da selektorga. Ketgan bo‘lasizlar o‘sha paytda. Mayli, qatnashmanglar, lekin «rezultat» qilib beringlar.

Menga gapiryapsan «odamlar o‘lib ketyapti» deb. Qo‘lingdan kelmaydi odamlarni qutqarish. Faqat shuning oldini olish bo‘yicha ishlaysan, kimgadir yordam berasan, 183 bo‘yicha «protokol» tuzilsa, shu yordaming bo‘ladi (tahr. – MJtK 183-moddasi (mayda bezorilik) nazarda tutilmoqda). Boshqa narsa qo‘lingdan kelmaydi odamni qutqarish uchun. Ishdamisan, demak ishlash kerak. Koronavirus, koronavirus, koronavirus deysanlar. «Rezultat» qilib ber menga, «rezultat» so‘rayapmiz sendan.

54 bo‘yicha mahallada yursa, dalolatnoma, raport, rasmga ol, yuboramiz SESga (tahr. – MJtK 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) nazarda tutilmoqda). Yoki boshqa material to‘pla, mingta odam niqobsiz yuribdi.

Mayli, bitta «GOM»da uchta «uchastkoviy» bo‘lsa, ikkitadan, uchtadan tuzsin, o‘nta «protokol» bo‘ladi shunda», – deyiladi ovozli xabarda.

O‘zA muxbiri F.Xolov bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha uning munosabatini so‘ragan.

– Ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari xodimlarining majlisidan yozib olingani taxmin qilingan bir ovozli xabar tarqaldi va undagi ovoz sizga tegishli ekani haqida ma’lumot oldik. Haqiqatdan bu ovoz siznikimi?
– Ha, bu ovoz meniki.

– Bu voqea qachon bo‘lgandi? Va o‘zi umuman bu bo‘yicha qanday izoh bera olasiz?
– Bu voqea 14 iyul kuni bo‘lgan. Telegramda tuman rahbariyati va 8ta hududiy IIB rahbarlari a’zo bo‘lgan guruhimiz bor. O‘sha yerda ko‘rsatma va topshiriqlarni yetkazamiz. Bu ovozli xabarni o‘sha ichki guruhda qoldirgandim. Lekin qanaqa qilib keyin bu tarqab ketdi, ochig‘i bilmadim.

Eshitgan bo‘lsangiz, biz har doim xodimlardan ish talab qilamiz. Ish ko‘rsatkichini talab qilish 100 yil oldin ham bo‘lgan, 100 yil keyin ham bo‘ladi. Misol uchun, fuqarolar niqobsiz yursa, baribir chora ko‘rish kerak, yo‘qsa bir-biriga yuqadi, kasallik tarqaydi. Qayerdadir janjal bo‘lsa, profilaktika inspektorini yuboramiz, chora ko‘radi, og‘ir jinoyatlarning oldi olinadi. Bu faqat oldini olish uchun, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash uchun qilingan narsa edi, birovlarga yomonlik uchun emas.

Nonvoy non yopsa, oylik oladi. Bizning profilaktika inspektorlari esa hududini ko‘rikdan o‘tkazsa, shu hududda huquqbuzarliklar bo‘lmasa, shunga oylik oladi. Ish ko‘rsatkich bo‘lishi uchun ma’muriy bayonnoma qiladi-da u.

– Ovozli xabardan anglashiladiki, demak, ichki ishlar xodimlari uchun ma’muriy bayonnoma tuzish bo‘yicha kunlik reja bor ekan-da?
– Hech qanaqa reja yo‘q, lekin huquqbuzarlik har kuni baribir sodir etilyapti, to‘g‘rimi? Agar niqob bo‘yicha chora ko‘rmasa, hamma niqobsiz yuradi va bir-biriga yuqtirib, vaziyatning dabdalasini chiqaradi. Aniq reja yo‘q, faqat vaziyatdan kelib chiqqan holda qilinadi bu ishlar. Qayerdadir huquqbuzarlik ko‘p bo‘lyapti, baribir profilaktika inspektorlari umuman ishlamasa, umuman chora ko‘rmasa, bo‘lmaydi-ku.

Eslatib o‘tamiz, ichki ishlar vaziri maslahatchisi, general-polkovnik Zokirjon Almatov o‘tgan oyda Kun.uz`ga bergan intervyusida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari misolida ichki ishlar organlari xodimlaridan «bugun nechta protokol qilding» deb so‘rash odatiga chek qo‘yilganini aytgandi.

«Ichki ishlar vazirligi rahbariyati bunga qarshi kurashadi. Bugun nechta protokol qilding, bugun nechta mast topding, deb so‘roq qilinadigan holatlardan yiroqmiz. Bizning asosiy vazifa – tinchlikni, ko‘chalarda odamlar o‘lmasligini ta’minlash.

To‘g‘ri, biz xodimlardan ularning hududida sodir bo‘lgan avariyalar uchun hisob so‘raymiz, ammo bugun necha kishini jarimaga tortding, deb so‘ramaymiz. Bunga barham berildi
», – degandi Zokirjon Almatov.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ichki ishlar mulozimi «plan»ni to‘ldirish uchun har kuni 5tadan ma’muriy bayonnoma tuzishga topshiriq berdi