18:43 / 27.07.2020
3 001

Mobil telefon orqali koronavirus yuqtirish mumkinmi?

Mobil telefon orqali koronavirus yuqtirish mumkinmi?
Illustrativ foto
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi rahbari Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq dolzarb savollarga javob qaytarildi.

— Xitoy koronavirusi aslida biologik qurol ekanligi rostmi?
— Rasmiy versiya quyidagicha: yangi virus tarqalishining manbasi taxminan Uxandagi dengiz mahsulotlari, shuningdek, yovvoyi va ekzotik hayvonlar (bo‘ri, tulki, ilonlar, ko‘rshapalak va hokazo) go‘shti savdosi bilan shug‘ulllanadigan shahar bozori hisoblanadi.

Tabiatda aynan ko‘rshapalaklar koronavirus infeksiyasining asosiy tashuvchisi hisoblanadi.
Fikrimcha, koronavirus Xitoy biologik quroli emas, chunki aynan Xitoy o‘z vaqtida ushbu pandemiyadan o‘ta jiddiy aziyat chekkan.

— Nega internet tarmoqlarida tibbiyot xodimlari koronavirus tashxisi, davolash va profilaktikasi bo‘yicha bir-biriga umuman qarama-qarshi fikrlarni yozishayapdi. SSV rahbarligida hamma shifokorlar yagona bir to‘xtamga kelib olib, bir xil tavsiyalar bersa bo‘lmaydimi. Ularga quloq solgan aholining ham boshi qotib qolgan, kimga ishonishini bilishmaydi?
— Bir soha vakillarining har-xil fikrda bo‘lishlari tabiiy hol, u o‘z yo‘lida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, natijada haqiqat qaror topadi.

Kuzatib borayapman ba’zi tibbiyot xodimlari qaysidir toifadagi (kategoriya) bemorlarga nimalarnidir tavsiya etsa, darhol ikkinchi bir shifokor paydo bo‘lib, ushbu tavsiyalarning noto‘g‘ri ekanligini, foyda bermasligini, hatto zarari borligini yozmoqda.

Nazarimda tibbiyot xodimlari bir-birini to‘ldirishni, qo‘shimcha tavsiyalar berishni, lozim bo‘lsa qaysidir shifokor nimanidir bilib-bilmay noto‘g‘ri tavsiya qilgan bo‘lsa, kishi bilmas ushbu vaziyatdan shifokorni va uning tavsiyalariga ishongan fuqaroni olib chiqib ketishni o‘rganishlari kerak.

— O‘tkir respirator infeksiyalar bilan shifokorga murojaat qilganda davolash uchun antibiotiklar tayinlangan. Koronavirus infeksiyasini antibiotiklar yordamida davolash va oldini olish mumkinmi?
— Yo‘q, antibiotiklar viruslarga ta’sir ko‘rsatmaydi, ular faqat bakterial infeksiyalarga ta’sir ko‘rsatadi.
Shuning uchun koronavirus infeksiyasini davolashda va kasallikni oldini olishda o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qabul qilish mumkin emas. Ularni faqat kasallikni kechishiga qarab shifokor tavsiyasi bilan virusli infeksiyalarni asoratini davolashda qabul qilish maqsadga muvofiqdir.

— Mobil telefon orqali koronavirus yuqtirish mumkinmi?
— Albatta, yuqishi mumkin. Mobil telefon boshqa buyumlar kabi kasallik qo‘zg‘atuvchisi, shu jumladan koronavirus infeksiyasi tashuvchisi bo‘lishi mumkin.

Mobil telefonidan ko‘chada, transportda, jamoat joylarida keng foydalaniladi, eshik va zinopoya tutqichlari, magazinlarda aravachalar va boshqa joylarga qo‘l bilan tekkandan so‘ng tez ifloslanganligi uchun telefonni tez-tez va doimiy ravishda antiseptik yordamida zararsizlantirish kerak. Agar telefon g‘ilofda bo‘lsa, albatta g‘ilof yechilib tozalanishi kerak.

— Tibbiyot chiqindilari (nina, qo‘lqop, niqob, foydalanilgan PZR-tizim) utilizatsiyasi (yo‘q qilish) qanday amalga oshiriladi?
— JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 15 foizga yaqin tibbiyot va sanitariya chiqindilari inson va atrof-muhit uchun xavfli hisoblanadi.
Ular infeksion, kimyoviy yoki radiaktiv xavfga ega bo‘lib, odamlarni ommaviy zaharlash va ekologiyani uzoq muddatga ifloslantirishga qodir.
Shuning uchun tibbiyot chiqindilarini yo‘q qilish sanitariya qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Mobil telefon orqali koronavirus yuqtirish mumkinmi?