18:53 / 29.07.2020
2 877

Infeksionist Tohirbek Dolimov: "Afsuski, yurtdoshlarimiz virusning xavfliligini uni yuqtirgandan keyin bilib qolishmoqda"

Infeksionist Tohirbek Dolimov: "Afsuski, yurtdoshlarimiz virusning xavfliligini uni yuqtirgandan keyin bilib qolishmoqda"
Koronavirus pandemiyasi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyodagi barcha davlatlarni havotirga solgan diqqat markazidagi muammo bo‘lib turibdi. Bu ko‘zga ko‘rinmas “dushman”ni qanday yengish, qanday unga qarshi kurash olib borish borasida butun dunyo olimlari bosh qotirmoqda. Bir qator rivojlangan davlatlarda Covid-19 infeksiyaga qarshi vaksinalar ham tayyor bo‘ldi deyilmoqda.

Ularning odamlarda sinalib, keng miqyosda tatbiq etilishiga esa umidli kunlar qoldi. Ungacha bizni muhim maslahatlari bilan fidoyi shifokorlarimiz qo‘llab-quvvatlab turadi. Ulardan biri Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasi, bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, infeksionist Toxirbek Dolimovga bir qator savollar bilan yuzlandik.

– O‘zbekistonda karantin muddati uzaytirilishi bo‘yicha qanday fikrdasiz?
– Karantin muddatining uzaytirilishi ijobiy natijaga erishishimiz uchun xizmat qiladi. Bu nimalarda namoyon bo‘ladi?
Birinchidan: kasallik o‘chog‘ini aniqlash va tarqalish zanjirining uzilishi. Bu esa o‘z navbatida bemorlar sonining kamayishiga yordam beradi, shu bilan birga tibbiyot tizimiga tushayotgan ortiqcha yuklamaning oldini oladi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlashni istardimki, tibbiyot tizimida davolash muassasalariga ortiqcha yuklama tushishi xizmat ko‘rsatish sifati pasayishiga olib keladi. Demak, karantin choralarining uzaytirilishi bunga qarshi omil bo‘lib, kasallik bilan og‘riganlarning o‘lim ko‘rsatkichini kamaytirishga yordam beradi. Karantin muddatining uzaytirilishi bunday ijobiy natijalari boshqa davlatlarda o‘z tasdig‘ini topgan.

– Umuman O‘zbekistondagi epidemiologik holat haqida, yosh o‘limlar haqida nima deya olasiz? Bu virus faqat keksalar va surunkali kasalligi borlarda o‘limga olib kelishi mumkin, deyilgandiku?
– O‘zbekistonda yosh o‘limlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularning foiz darajasi juda kam. Yoshlar orasidagi o‘lim asosan surunkali kasalligi mavjud, ortiqcha vaznga ega bo‘lgan, qandli diabeti mavjudlarda uchrab turibdi. Bunday bemorlar uy sharoitida davolanishga harakat qilib, nafas yetishmovchiligi, yurak-qon tomir yetishmovchiligi kabi alomatlari paydo bo‘lgandagina shifoxonalarga murojaat qilishmoqda.

Albatta, bunday holatlarda organ va tizimlarda qaytmas jarayonlar kuzatiladi va jonlantirish bo‘limlariga tushib qolishmoqda. Ana shunday ko‘ngilsiz holatlar bo‘lmasligi uchun uyda davolanayotgan bemorlar, albatta, turar joy poliklinikalarida biriktirilgan shifokorlar bilan telefon orqali har kuni shikoyatlari borasida maslahat olib turishlari zarur. Bu esa ularning o‘z vaqtida shifoxonaga yotqizilishini taminlaydi.

Amaliyot shuni ko‘rsatayaptiki, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilib, ortiqcha vaznga ega bo‘lmagan yoshlarda bu xastalik yengil ko‘rinishda o‘tmoqda.

– Koronavirusda foydasi yo‘q, hatto zararli deyilgan dori vositalari nega hamon uyda davolanayotgan bemorlarga tavsiya etilmoqda?
– Hozirgi kunda asosiy muammolarimizdan biri bemorlar uyda keraksiz bo‘lgan dori vositalaridan foydalanishidir. Buning asosiy sababi reklama va ijtimoiy tarmokdagi mavjud feyk, asoslanmagan xabarlardir. Xalqimiz biron kasallikka chalinsa, davolash masalalarini internet tarmoqlaridan topishga harakat qilishadi.

Covid-19 kasalligini davolashda internet tarmoqlarida yuzlab keraksiz bo‘lgan dori vositalari reklamalari paydo bo‘lgan. Hozirda SSV tomonidan uyda davolanayotgan bemorlar uchun qo‘llaniladigan dori vositalarining, kasallikning simptomatikasiga qarab, buyuriladigan aniq ko‘rsatmalari mavjud va ular birlamchi tizim, ya’ni, poliklinika, QVP, QOP shifokolariga tarqatilgan.

Shuning uchun uyda davolanayotgan bemorlar, birinchi navbatda turar joylaridagi birlamchi tizim shifokorlariga masofaviy (telefon orqali) murojaat qilishlari shart. Shifokor bemorning shikoyatlarini hisobga olib, davoni uyda davom ettirish yoki shifoxonaga yotqizishni belgilab beradi. Bu eng asosiy masalalardan biri.

Ko‘p bemorlarimiz uyda davolanish davrida, shifokor nazoratida bo‘lmagani uchun, hayotga xavfli bo‘lgan holatlarni o‘tkazib yuborishmoqda va og‘ir holatlarda (kech bo‘lganda) shifoxonaga olib kelinmoqda.

– Bizda shifokorlar kiyib yurgan himoya kiyimi chet eldagilarga o‘xshamaydi. Oddiy prezilindan tikilgan xalatlar virusdan saqlanishda yordam beradimi?
– Covid-19ni davolash faoliyatida bizning muassasalarda dunyo standartlariga javob beradigan himoya kiyimlari bilan ta’minlangan. Ularning samaraligiga shubha yo‘q. Himoya kiyimidan to‘g‘ri foydalanish asosiy shartlaridan biri, deb hisoblayman.

– Bugungi kunda Covid-19ga qarshi kurashish uchun shifokorlar, hamshiralar va boshqa kichik tibbiyot xodimlari aniq belgilangan ish haqi va o‘z vaqtida to‘lash tartibi asosida ishga taklif etilyapti. Ammo ko‘pchilikda kasal yuqtirib olaman, degan xavotir, ikkilanish bor. Ularga himoyalanish va davolanishda qanday maslahat bera olasiz?
– Yuqorida aytib o‘tganimizdek, tibbiyot xodimlari himoya kiyimlaridan to‘g‘ri foydalana olsalar, karantin zonalarida barcha epidemiologik qoidalarga rioya qilsalar, kasallik yuqtirib olish ehtimoli 0% gacha tushadi.

– Uyda davolanayotganlar turli ildizlarni damlab ichish kasallikda yordam beradimi?
– Albatta, ushbu xastalikda ko‘p suyuqlik iste’mol qilish davolashning asosiy mezonlaridan biri hisoblanadi. Tabiiy bo‘lgan damlamalarni iste’mol qilishga qarshiliklar yo‘q, biroq ular me’yoridan oshib ketmasligi zarur.

– Aynan Covid-19ni yuqtirganlarda birinchi belgi bu isitma chiqishi ekanligini bugun hamma bilib oldi. Ammo so‘nggi paytlarda tibbiyotchilar 37 darajadagi isitma uchun organizmning o‘zi qarshi kurashishiga qo‘yib berish kerak, faqat 38 darajada bo‘lgandagina shifokorga murojaat qilish lozimligi tushuntirilyapti. Aslida isitma qachon foydali, qachon zararli? Isitmani qanday paytda tushirish shart? Qanday qilib?
– Juda qiziq savol!!! Umuman olganda, isitma chiqishi barcha yuqumli kasalliklar uchun xos belgi hisoblanadi. Isitma organizmning infeksiyaga qarshi javob reaksiyasidir. Tana harorati ko‘tarilganda aynan mana shu infeksiyaga qarshi antitanalar, ya’ni spetsifik immunoglobulinlar sintezi bir necha barobar ko‘tariladi. Bu antitanalar tushgan infeksiyani organizmdan yo‘qotishda eng asosiy o‘rinni egallaydi.

Surunkali xastaliklari bo‘lmagan, sog‘lom katta yoshdagi odamlarda, tana harorati 38,5°C gacha ko‘tarilishi xavfli, deb hisoblamayman. Bu hollarda ko‘proq suyuqlik ichib turish tavsiya etiladi. Isitmaning foydali tomoni shunda.

Isitma zarar qilishi mumkin bo‘lgan holatlar bu yosh bolalarda surunkali nevrologik xastaliklari mavjud bo‘lsa, onkologik xastaliklar, qandli diabet, surunkali virusli gepatitlar va boshqa surunkali xastaliklar mavjudligidir. Bu holatda uzoq vaqt tana harorati ko‘tarilib turishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.

Aynan Covid-19 bilan kasallangan bemorlarga tana haroratini tushirish uchun paratsetamol va ibuprofendan foydalanish tavsiya qilingan.

– Avvalgi davrlarda noma’lum kasallikni o‘ziga yuqdirib uning klinikasini kuzatgan, davosini topgan shifokorlar bo‘lgan. Bizda ham o‘z boshidan kechirib, COVID-19 ning nimadir yangiligini aniqlaganlar bormi?
– Bu savolga shunday javob berishim mumkin. Covid-19 klinik kechishini bir tizimga kiritib bo‘lmaydi. Ya’ni xastalik har bir bemorda turlicha kechmoqda. Kasallik davri 5 kundan 30 kungacha bo‘lishi ham mumkin. O‘pkada bo‘ladigan o‘zgarish atipik holda kechayapti, ya’ni atipik pnevmoniya holida. Umuman olganda ushbu xastalikning belgilari juda ko‘p, desam mubolaga qilmagan bo‘laman. Shuning uchun bu savolingizga juda mavhum javob bera olaman, xolos. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Umuman ataylab yuqtirmasa ham shifokorlarimiz orasida bu virusni yuqtirib, sog‘ayib chiqqanlar bor. Ular barchaga davolanish, kasallikni qanay yengish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berishmoqda.

– Yurtdoshlarimizga va shifokorlarga yana nimalarni aytishni xohlardingiz?
– Yurtdoshlarimizdan karantin choralarini to‘g‘ri qabul qilib va sabr bilan unga rioya qilishlarini so‘rab qolar edim. Eng achinarlisi shundaki, bu virusning nechog‘li xavfliligini xalqimiz kasallikni yuqtirib olganlaridan keyin, og‘ir ahvolga tushganlaridagina tushunib yetmoqdalar.

Karantin vaqtida xalqimiz barcha qoidalarga rioya qilsalar, vatanimizda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy va iqtisodiy qiyinchiliklarning oldini olishda katta hissa qo‘shgan bo‘ladilar.

Ma’lumot uchun:
Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasi 176 ta Covid 19 xastaligi bilan og‘rigan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan. Shifoxona deyarli har kuni bemorlar bilan to‘la holda faoliyat yuritmoqda.

Shifoxona qisqa vaqt ichida bemorlarni qabul qilishga tayyorlandi. Kasallik ko‘payishidan oldin, reanimatsiya bo‘limi 12 ta ventilyatsiya apparati bilan taminlandi, 100 dan ortiq bemorlar yotoqlariga kislorod nuqtalari o‘tkazildi. 20 ga yaqin kislorod konsentratorlari mavjud.

Hozirda Covid-19 bilan og‘rigan bemorlarni klinikaga yotqizish tizimi yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni apparat yetmay qolish holatlarining oldi olinmoqda. Har kuni ya’ni nechta va qanday holat bor va nechta bo‘sh o‘rin mavjudligi bo‘yicha SSVga hisobot berib turiladi. Bo‘sh o‘rinlar to‘g‘risidagi ma’lumot 103 xizmatiga taqdim etiladi.

Hozirda bu yerga o‘pkasida patologik o‘zgarishi bor bo‘lgan, nafas qisishi bilan kelgan og‘ir va o‘rta og‘ir holdagi bemorlar yotqizilayapti. Yuqorida qayd etilgandek, kasallikning yengil shakllarini boshdan kechirayotgan va o‘pkasida o‘zgarish bo‘lmagan bemorlar uy sharoitida, turar-joy shifokori nazorati ostida davolanmoqda.

Manzura BЕKJONOVA suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Infeksionist Tohirbek Dolimov: "Afsuski, yurtdoshlarimiz virusning xavfliligini uni yuqtirgandan keyin bilib qolishmoqda"