22:21 / 30.07.2020
3 478

Uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiluvchi bepul dorilar ro‘yxati tasdiqlandi

Uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiluvchi bepul dorilar ro‘yxati tasdiqlandi
Foto: AP Photo / John Locher
O‘zbekistonda koronavirusdan uyda davolanayotgan bemorlarga beriladigan bepul dorilar to‘plamiga gidroksixloroxin ham kiritildi. Avvalroq JSST ushbu dorini koronavirus bemorlariga tavsiya etmasligini e’lon qilgan, shundan so‘ng preparat O‘zbekistondagi davolash protokolidan chiqarib tashlangan edi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinib, uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan dorilar to‘plami qayta tasdiqlandi. Bu haqda 30 iyul kuni AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zolari ishtirokida o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.

«Kuni kecha Maxsus komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda uyda va statsionar sharoitda davolanayotgan bemorlarning davolash protokoli ko‘rib chiqildi. Va uyda davolanuvchi bemorlar uchun bepul dori-darmonlar to‘plami tasdiqlandi.
Bu qutiga gidroksixloroxin, azitromitsin, D va S vitaminlari, rux (sink) va «Oksolin» mazi kiritilgan
», – dedi shtab a’zosi Habibullo Oqilov.

Qayd etish joiz, savdo nomi «Plakvenil» bo‘lgan gidroksixloroxin preparati koronavirusga qarshi befoyda ekani Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tasdiqlangan, shunday bo‘lsa-da O‘zbekistonda ushbu doridan foydalanish davom etib kelinayotgani jamoatchilikda e’tirozlarni uyg‘otmoqda.

Iyun oyi boshida Oksford olimlari ushbu dori kasallikni davolashda yordam berishini isbotlovchi dalillarni topa olmagan, aksincha preparat o‘lim xavfini oshirishi mumkinligi haqida xulosaga kelgan edi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, gidroksixloroxinni qabul qilgan bemorlarning 25,7 foizi 28 kun ichida vafot etgan. Bu malhamni qabul qilmaganlar orasida o‘lim darajasi 23,5 foizni tashkil etgan.

To‘plamdagi dorilar JSST ko‘rsatmalari asosida tanlanishi aytilgan edi
O‘zbekistonda koronavirusni yengil shaklda kechirib, uyda davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmonlar bilan ta’minlanishi haqida iyul oyi o‘rtalarida e’lon qilingan, to‘plamdan gidroksixloroxin ham joy olgandi.

Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, 17 iyulda to‘plamga kiritilgani e’lon qilingan gidroksixloroxin 13 iyulda O‘zbekistondagi davolash protokolidan chiqarilgan.

«Bu dori-darmonlar jamlanmasi JSST ko‘rsatmalariga asosan tanlanishi kerak», – degandi Respublika maxsus komissiyasi a’zosi Feruza Hamroboyeva 17 iyuldagi brifingda.

Ammo ta’kidlash joiz, JSST COVID-19 terapiyasida gidroksixloroxindan foydalanishni may oyidayoq to‘xtatgan, iyul oyi boshida ushbu preparat o‘lim darajasini kamaytira olmasligini tasdiqlagandi.

Shifokorga tahdid
Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasining Tibbiy standart va protokollarni ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Klara Yodgorovaning so‘zlariga ko‘ra, qator rivojlangan davlatlar JSSTning yuqoridagi bayonotidan avvalroq gidroksixloroxinni qo‘llashni to‘xtatgan.

«O‘rganishlar natijasida olimlar bu dorining nafaqat samara bermasligini, balki bemorlarda o‘lim xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashdi. Bu preparatlardan foydalanish Fransiyada to‘xtatildi, Germaniya millionlab dorilarni ishlab chiqaruvchilarga qaytarib berdi, AQSH olimlari ham bu doriga o‘z e’tirozini bildirdi», – dedi u 22 iyul kuni «Tez yordam» dasturidagi chiqishida.

Klara Yodgorovaning fikricha, Respublika maxsus komissiyasi bu dorini uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiluvchi to‘plamdan chiqarish kerak. U jonli efirdagi mazkur bayonotidan so‘ng ko‘p o‘tmay tahdidga uchragani, noma’lum shaxs qo‘ng‘iroq qilib, undan «jim yurishi»ni talab qilgani ma’lum bo‘ldi.

«Tez yordam» dasturining o‘sha sonida boshlovchi, Mass-media fondi rahbari Komil Allamjonov mamlakatdagi muayyan shaxslar «Plakvenil»ni davolash protokoliga qaytarishga urinayotgani aytgan edi.

Qayd etish joiz, uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiladigan to‘plamdagi dorilarning qanchasi xorijdan olib kelingani, qancha narxga va qancha miqdorda sotib olingani noma’lum.

JSST rasmiysi: Koronavirusni davolashda gidroksixloroxinning samarasi isbotlanmagan
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Favqulodda holatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayanning tasdiqlashicha, kichik tadqiqotlarda gidroksixloroxinni qo‘llashda muayyan ijobiy samara kuzatilgan bo‘lsa-da, biroq o‘tkazilgan yirik tadqiqotlarning hech birida ushbu doridan ijobiy natija olinmagan.

U kecha, 29 iyul kuni JSSTning «Savol-javob» dasturidagi chiqishida ma’lum qildiki, gidroksixloroxin koronavirusga chalingan bemorlar holatini yaxshilamagani haqida ilmiy tasdig‘ini topgan ko‘plab tibbiy isbotlar bor.

Bu preparatning koronavirusga qarshi samarasiz ekanini AQSHning bosh infeksionisti Entoni Fauchi ham tasdiqlagan. Shuningdek, AQSHning Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi gidroksixloroxinning koronavirusni davolashdagi xavfidan ogohlantirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatiluvchi bepul dorilar ro‘yxati tasdiqlandi