13:58 / 07.08.2020
3 608

ISO 37001:2016: Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi

ISO 37001:2016: Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi
Korrupsiya jiddiy jinoyat turi bo‘lib, jamiyat uchun ko‘plab salbiy oqibatlarga olib keladi. Xususan, davlat organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy qarashni shakllantiradi, rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, inson huquqlarini shubha ostiga qo‘yadi va muhtojlarga yordam berishga to‘sqinlik qiladi. Korrupsiya, shuningdek, biznesdagi xarajatlarni ko‘paytiradi, tovarlar va xizmatlar narxini oshiradi, mahsulot va xizmatlar sifatini pasaytiradi va h.k.

Davlatlar qonunlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashda katta yutuqlarga erishgan, ammo muammoni hal qilish uchun faqat qonunlarning o‘zi yetarli emasligi namoyon bo‘lmoqda. Shu sababli tashkilotlar faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashning amaliy ifodasi bo‘lgan standartlarni joriy etish zaruriyati tug‘ilgan. Shu maqsadda ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi ishlab chiqilgan bo‘lib, u korrupsiya bilan bog‘liq xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan mexanizm ekanligi bilan ahamiyatlidir. Ushbu standart tashkilotlarga poraxo‘rlarga qarshi tadbirlarni tashkil etish, amalga oshirish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirishga yordam beradi.

ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimining mazmun-mohiyati
ISO 37001:2016 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi – bu xalqaro standart bo‘lib, tashkilotga korrupsiyaga qarshi kurash tizimini boshqarishda yordam beradi. ISO 37001 korrupsiyaga qarshi kurash tizimiga ega bo‘lmagan, lekin tartibga soluvchi va tartibga solinmaydigan talablarni aniqlashga ko‘p vaqt sarflamasdan muvofiqlik dasturini amalga oshira oladigan tashkilotlar uchun samarali qo‘llanma hisoblanadi.

Ushbu standart 2016 yilda Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) (ISO Loyiha qo‘mitasi ISO/PC 278) tomonidan e’lon qilingan boshqaruv tizimining standartidir. Standart korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini (ABMS) tashkil etish, joriy etish, boshqarish, qo‘llab-quvvatlash va doimiy ravishda takomillashtirishga qaratilgan talablarni belgilaydi. Shuningdek, tashkilot ushbu standart talablariga rioya qilish uchun qanday harakatlar va yondashuvlarni amalga oshirish to‘g‘risida ko‘rsatma beradi.

Standart Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Xalqaro savdo palatasining ko‘rsatmalariga asoslangan. Ushbu standartda AQSH Adliya Departamenti, AQSH Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyasi va Buyuk Britaniya Adliya vazirligi kabi tashkilotlar tomonidan berilgan ko‘rsatmalar ham mavjud.

ISO 37001 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi korrupsiyani oldini olish va aniqlash bo‘yicha bir qator tadbirlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu choralar korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqish, korrupsiyaga qarshi faoliyat uchun mas’ul shaxsni tayinlash, o‘qitish, loyihalar va biznes sheriklarini huquqiy baholash va xavflarni baholash, moliyaviy va tijorat nazorati, hisobot va tekshiruv tartiblaridan iborat.
ISO 37001 har qanday hajmdagi, har qanday sohada ishlaydigan tashkilotlar uchun mos keladi.

Standart tashkilot faoliyati bilan bog‘liq quyidagi hodisalarga nisbatan amal qiladi:
- davlat, xususiy va notijorat sohalarda pora olish;
- tashkilotlar tomonidan pora olish;
- tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ishlaydigan xodimlar tomonidan pora olish;
- tashkilot nomidan yoki uning foydasiga ish olib boradigan tashkilotning sheriklari tomonidan pora olish;
- tashkilotning poraxo‘rligi;
- tashkilotning faoliyati bilan bog‘liq tashkilot xodimlarining poraxo‘rligi;
- tashkilotning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilot sheriklarining poraxo‘rligi;
- to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki kimdir orqali pora olish (masalan, uchinchi tomon orqali taqdim etilgan yoki qabul qilingan pora).

Tashkilotlarga qo‘yiladigan talablar
Sertifikat olish uchun tashkilot ma’lum standartlarga javob berishini isbotlashi lozim. Ushbu standartlarga quyidagilar kiradi:
-Korrupsiyaga qarshi ichki nazoratni amalga oshirish;
-Top-menejmentning korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini joriy qilish va ta’minlashdagi rolini oshirish;
-Tashkilotdagi har bir kishi tizimni tushunishini va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga tayyorligini ta’minlash choralari mavjudligi;
-Qarama-qarshi tomonlarning xatarlarini munosib baholash;
-Korrupsiya bilan bog‘liq qoidabuzarliklarga nisbatan tegishli choralarning mavjudligi;
-Korrupsiya bilan bog‘liq muammolarni olib chiqishning samarali mexanizmlari mavjudligi.

ISO 37001: 2016ni qabul qilgan tashkilotlar va hukumatlar
ISO 37001 standarti Malayziyada Bosh vazir Tun Dr Mahathir Mohamad boshchiligidagi hukumat tomonidan joriy qilingan. Yangi tizim ham davlat sektorida, ham xususiy sektorda ijobiy natija bergan. Bu haqda Malayziyaning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha sobiq rahbari “Xalqning, hukumatning korrupsiyaga qarshi jiddiy choralar ko‘rishi 2016 yildagi 59,8 foizdan 70,8 foizgacha ko‘tarildi” degan edi. Shuningdek, u Malayziya bir qator muhim xalqaro tadqiqotlar va indekslar bo‘yicha o‘z ko‘rsatkichlarining yaxshilanishini ko‘rsatganini ta’kidlagan (New Straits Times, 2019).

Birgina Malayziya emas. Peru, Singapur va Xitoyda (Shenzhen Standartlar va Texnologiyalar Instituti) milliy standart organlari ISO 37001 standartini qabul qilgan. Italiyada ISO 37001ning akkreditatsiya sxemasi Accredia tomonidan rivojlantirilgan; Buyuk Britaniyada esa Birlashgan Qirollikning Akkreditatsiya Xizmati (Accreditation Service) akkreditatsiya sxemasini ishlab chiqish uchun ISO 37001 boshlang‘ich dasturini amalga oshirdi. BAAda Xalqaro Akkreditatsiya Markazi (Accreditation Centre) ISO 37001 akkreditatsiya sxemasini ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, Microsoft va Walmart ISO 37001 sertifikatiga ega bo‘lish niyatida ekanligini e’lon qilgan.

ISO 37001ning afzalliklari
ISO 37001 standartining uni tatbiq etadigan tashkilotlar uchun ko‘pgina afzalliklari mavjud. Ular quyidagilardan iborat:
Xatarlar xavfini kamaytirish: ushbu standart bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish xatarlar xavfini kamaytiradi.
Ma’lumot uchun: ISO 37001 korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimini yaratish yoki takomillashtirish uchun ma’lumot vazifasini o‘taydi.
Oshkoralik: ushbu standart oshkoralikni qo‘llab-quvvatlash va manfaatdor tomonlarning korrupsiyaga nisbatan pozitsiyasi to‘g‘risida xabardor bo‘lish uchun vosita bo‘lib xizmat qiladi. Manfaatdor tomonlar tarkibiga direktorlar kengashi, xodimlar, biznes sheriklar va investorlar kiradi.
Manfaatdor tomonlarning ishonchi: ISO 37001 manfaatdor tomonlarga tashkilot korrupsiyaning oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rayotganiga ishontiradi.
Himoya: ISO 37001 tashkilotni, uning aktivlarini, aksiyadorlari va direktorlarini korrupsiya va korrupsiyaning salbiy ta’siridan himoya qiladi.
Muvofiqlikni namoyish etish: standartni amalga oshirish tashkilotlarga amaldagi qonunlarga muvofiqlikni namoyish etish usulini taklif qiladi.
Osonlik bilan birlashtirilganligi: ISO 37001 ISO 9001, ISO 14001 va ISO 45001 bilan bir xil tuzilishga ega va shuning uchun uni boshqarishning mavjud tizimlariga osonlik bilan kiritish mumkin.
Sug‘urta: nizolar yuzaga kelgan taqdirda, sertifikatlashtirish tegishli tekshiruvning dalili sifatida foydalanilishi mumkin.
Qiyoslash mezoni sifatida xizmat qilishi: ISO 37001 standarti tashkilotlarning boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llaniladigan eng yaxshi global amaliyotga nisbatan pozitsiyasini baholash uchun foydalaniladi.

Xulosa qilib aytganda, ISO 37001 Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi korrupsiyaga qarshi siyosat va uni qo‘llab-quvvatlaydigan boshqaruv tizimi bo‘lib, tashkilotga korrupsiyani amalga oshirishda xarajatlar, xatarlar va zararlarning oldini olish yoki minimallashtirish, ishbilarmonlik munosabatlariga bo‘lgan ishonchni rivojlantirish hamda tashkilotning obro‘sini oshirishga yordam beradi.

ISO 37001 tashkilotda korrupsiyaning ro‘y bermasligiga aniq kafolat bo‘lmasa ham, bu tashkilot har qanday tashkilot uchun qimmatli sarmoyaga aylanib, korrupsiyani aniqlash va oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni amalga oshirganining yaqqol namoyishidir.

Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » ISO 37001:2016: Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi