21:55 / 09.08.2020
2 591

Antitana yo‘qoladimi? Virusni qayta yuqtirish mumkinmi?

Antitana yo‘qoladimi? Virusni qayta yuqtirish mumkinmi?
Foto: Getty Images
Yil boshida Xitoydagi sirli kasallikning qo‘zg‘atuvchisi yangi koronavirus ekanligi aniqlanganda, olimlarning mamlakatda tobora kuchayib borayotgan epidemiya haqidagi xavotiri deyarli umidsizlikka sabab bo‘lgandi. Qoida tariqasida, ushbu oilaga mansub virusga chalingan bemorlarda kuchli immunitet shakllanmaydi: tiklanishdan keyin olti oy yoki bir yil o‘tib, xuddi shu infeksiyani qayta osongina yuqtirib olish mumkin.

Biroq, yangi virus haqida qancha ko‘p bilimga ega bo‘lingan sari, shunchalik ko‘p ishonch hosil qilinyaptiki, Sars-Cov-2 o‘zining o‘tmishdoshlaridan juda farq qiladi. Bu esa sog‘aygan bemorlarda immun himoyasi ancha uzoq va hatto umrbod davom etadi, degan umidni beradi.

Ammo, hozircha bu faqat taxmin. Epidemiyaga qarshi kurash strategiyasiga bog‘liq bo‘lgan asosiy savollar javobsiz qolmoqda.
Pandemiya boshidan beri o‘tgan olti oy ichida olimlar Covid-19'ga nisbatan immunitet haqida nimalarni bilib olishdi? Nima uchun virusni tadqiq etuvchilar va vaksina ishlab chiquvchilarning aksariyati bu haqda optimistik fikr bildirishmoqda?

Immunitet o‘zi nima?
Immunitet - organizmning infeksiyaga qarshi turish imkoniyati, ya’ni u yoki bu kasallik qo‘zg‘atuvchisini (virus, bakteriya yoki zamburug‘) zararsizlantiruvchi himoya.

Immunitet tug‘ma, ya’ni ajdodlardan meros qilib olingan (u kasallik bilan to‘laqonli kurashishga yordam beradi) va orttirilgan, ya’ni tug‘ilgandan keyinchalik - ma’lum bir infeksiya bilan to‘qnash kelish natijasida (faqat undan himoya qiladi) shakllangan turlarga bo‘linadi.

Biror kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan birinchi marta to‘qnash kelinganda, bizning organizmimiz u bilan kurashish strategiyalarini ishlab chiqadi va keyingi to‘qnashuvda samarali qarshi tura olishni namoyon etadi. Bu aslida tanamiz eslab qolish imkoniga egaligini va boshdan kechirilgan kasallikni qanchadir vaqt o‘tib taniy olishini anglatadi.

Immun xotirasining - bu fenomen olimlar tomonidan shunday nomlanadi - odatiy xotiradan allaqachon o‘chib ketgan hodisalar haqida «esdaliklarni» saqlashi ko‘p kuzatiladi.

Masalan, siz chaqaloqligingizda qanday qilib suvchechak bilan kasallanganingizni yoki BSG bilan qay tarzda emlanganingizni eslay olmaysiz, ammo immunitetingiz buni yodda tutadi va tanangizga tushgan suvchechak virusini (yoki Kox tayoqchasini) zararsizlantirib, qayta kasallanishingizga imkon bermaydi.

Immunitet qanchaga yetadi?
Immun xotirasi davomiyligi kasallik turiga bog‘liq. Suvchechak, tepki yoki qizamiq aksariyat hollarda o‘zidan keyin umrbod immunitet qoldiradi - ammo bu katta ehtimol bilan qoida emas, istisno holat.

Gepatitning A turi yoki sariq isitmadan himoya qiluvchi emlashlar har 10 yilda takrorlanishi tavsiya etiladi.
Ajablanarlisi, mavsumiy gripp ham bemorda kuchli immunitet hosil qiladi - kichik anglashilmovchilik shundaki, bu virusning turli shtammlari orasida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Gripp tez mutatsiyaga uchraydi, shu sababli bir necha oy o‘tmay qayta kasallanish mumkin. Biroq bu holatda kasallik ko‘pincha yengil shaklda kechadi, chunki avvalgi infeksiyaga nisbatan hosil bo‘lgan antitana bemorni qisman himoya bilan ta’minlaydi (bu haqda batafsil quyida).

Antitana nima va u qanday ishlaydi?
Organizm har qanday infeksiyaga kalitni namuna va xato usuli orqali yig‘adi.
Tasavvur qiling, har bir virus parchasi - jimjimador tig‘li xanjar, sizning tanangiz esa qin ishlab chiqaruvchi zavod. Ushbu zavoddagi har bir konveyer aynan bir xil shakldagi g‘ilof ishlab chiqaradi, ammo birgalikda ular o‘lcham va konfiguratsiya turfa xilligi cheksizligini ta’minlaydi.

Antitelani aniqlash testlari - epidemiyaga qarshi kurashning muhim qismidir / GETTY IMAGES
Qinlardan birortasi xanjar shakliga mos kelishi va tig‘ yopilishi bilan zavodning barcha bo‘sh konveyerlari birdaniga katta ko‘lamda aynan shu shakldagi qinlar ishlab chiqara boshlaydi va ertami kechmi barcha xanjarlar xavfsizlantiriladi.

Bu holatdagi har bir konveyer qonning maxsus hujayrasidir (ular B-limfotsitlari deb ataladi, qinlar esa ushbu hujayra ishlab chiqaradigan oqsil molekulalari (antitana) hisoblanadi. Molekulalardan biri «tig‘» - koronavirus yuzasida ko‘rinuvchi tikan shakliga mos kelishi, uning shaklini o‘zgartirib, ustiga «o‘tirib» oladi va virusning hujayraga singib ketishiga shu tarzda to‘sqinlik qiladi.

Virus hujayra tashqarisida ko‘paya olmaydi: o‘zining nusxasini shtamplash uchun unga hujayraning tarkibiy qismlari kerak. Shuning uchun virusli zarrachalar ortishi sekinlashadi.

Aynan shu vaqtda organizm qaysidir antitana hujumni bartaraf etgani haqida belgi oladi va muqobil shakldagi molekulalarning «katta hajmli» ishlab chiqarilishini boshlab yuboradi. Barcha virusli zarrachalardagi tig‘lar yopilishi bilan inson sog‘ayadi.

Antitelaning virusga hujumi mikroskopda taxminan shunday ko‘rinadi
CHRISTOPH BURGSTEDT/SCIENCE PHOTO LIBRARY

Barcha bemorlarda antitanalar bir xil bo‘ladimi?
Bu muhim emas, axir aynan bitta xanjarni turli qinlarga solish mumkin.
Masalan, g‘ilof tig‘dan juda kalta bo‘lishi yoki uning kengligidan ingichkaroq sig‘imda bo‘la olmaydi. Lekin, unga nisbatan uzunroq, tirqishi kengroq bo‘lishi mutlaqo mumkin.

Olimlar Covid-19 bilan kasallangan bemorlar qonida organizm tomonidan infeksiyani to‘xtatish ilinjida ishlab chiqarilagan umumiy hisobda 250 xildan ortiq antitanalarni aniqlashdi. Ulardan 28tasi kasallik bilan nisbatan samarali kurashgan (ya’ni virusni yenggan).

Sog‘ayishdan so‘ng nima bo‘ladi?
Ishlatilmagan qinlar «omborga yuboriladi»: antitana qonda qoladi va qayta yuqtirish holatida organizmni himoya qilishni davom ettiradi. Aynan shuning uchun uni sog‘aygan bemorlar qonida hafta, oy yoki hatto yillar o‘tib ham uchratish mumkin.

B-limfotsitlarining bir qismi hujayra xotirasiga aylanadi. Infeksiya bilan qayta to‘qnash kelinganda ular faollashadi va zaxiraga olingan konveyerni ishga tushirib, tezkor immun javobi qaytaradi.

Biroq bu odam virusni ikkinchi marta yuqtirib olishdan himoyalangan degani emas. Immun javobining kuchi ko‘plab omillarga bog‘liq, birinchi navbatda - yuqtirilgan kasallik og‘irligi va sog‘ayishdan so‘ng qancha vaqt o‘tganiga.
Odatda kasallik qanchalik jiddiy kechsa, qayta infeksiyalanishdan himoya shunchalik kuchli bo‘ladi. Davolanishdan so‘ng qancha vaqt o‘tgan bo‘lsa, aksincha, immun javobi shuncha kuchsizlashadi.

Virusga nisbatan immunitet Covid-19 bilan kasallanmagan odamlarda bo‘lishi rostmi?
Nazariya jihatidan, bo‘lishi mumkin. Yuqorida ta’kidlanganidek, koronavirusdan antitana (boshqa kasalliklar singari) turli shakllarda bo‘lishi mumkin. Ulardan ba’zilari nafaqat bir, balki bir necha infeksiyaga qarshi samarali bo‘la oladi.

Masalan, epidemiya boshlanmasdan ancha avval sog‘lom insonlardan olingan qon namunalarida (2015-2018) yangi Sars-Cov-2 koronavirusi ta’sirini yo‘qqa chiqaradigan samarali antitanachalar topilgan. Vaholanki ular avvaldan boshqa bir kasallikdan himoyalanish uchun ishlab chiqarilgan.

Bu kabi antitanachalar mavjudligining o‘zi inson to‘laqonli immun javobi qaytara olishini anglatmaydi. Biroq bu kabi insonlarda Covid-19'ning yengilroq shaklda kechishi ehtimolini oshiradi.

Umuman olganda, mutlaqo aksi bo‘lishi mumkin. Gap virus o‘z-o‘zicha organizmga katta xavf sola olmasligida - salomatlik bilan bog‘liq asosiy muammolar paydo bo‘lishida bemorlarning shaxsiy immun tizimi sababchi bo‘ladi.
Og‘ir holatdagi bemorlardagi eng xavfli alomatlar aynan Covid-19 antitanachalari ishlab chiqarilishi boshlangandan so‘ng kuzatilmoqda. Shuningdek, insonda avvalroq boshdan kechirilgan kasallikdan qolgan o‘xshash antitanachalar mavjudligi immun reaksiyasini (sitokin bo‘roni deb ataladi) kuchaytirishi va kasallik kechishini og‘irlashtirishi ham istisno emas.

Koronavirusdan immunitet bilan faqat antitanachalar ta’minlaydimi?
Qisqasini aytganda - yo‘q. Antitanalardan tashqari, infeksiya bilan kurashda boshqa agentlar ham ishtirok etadi, xususan T-hujayralari (yoki T-limfotsitlari deb ataladi) ham immun xotira shakllanishida ishtirok etadi.

Bundan tashqari, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, T-hujayralar Covid-19'ga immunitet tizimi javobida koronavirusga antitanachalarga nisbatan katta ahamiyatga ega, chunki T-limfotsitlari hayotiyligi sezilarli darajada uzoq.

Xuddi yangi virusdan qisman himoyani ta’minlay oluvchi antitanachalar bilan bo‘lgani kabi, boshqa bir infeksiya bilan kurashdan so‘ng organizmda saqlanib qolganiga qaramay T-hujayralari muqobil xususiyatni ko‘rsatishi va hatto avval Covid-19 bilan to‘qnash kelmagan odamlarda virus qo‘zg‘atuvchisini yetarlicha darajada kuchsizlantirishi mumkin.

Bu bemorlarning bir qismi kasallikni juda og‘ir shaklda boshdan kechirayotgan bir paytda, nega boshqalar Covid-19'ni hech qanday alomatlarsiz yengayotganining izohlaridan biri bo‘lishi mumkin: oramizdan ba’zilar avval yengib o‘tilgan boshqa kasalliklardan qolgan immunitet tufayli qisman himoyalangan.

Gap shundaki, odatiy shamollashni ham «tojli» (coronaviridae) oilaga mansub to‘rt xil virus qo‘zg‘atadi. Demakki, so‘nggi bir necha yil ichida shamollash bilan og‘rigan ko‘plab insonlar organizmida katta ehtimol bilan ushbu koronaviruslarning birortasidan antitana yoki avvalgi infeksiyani xotirasida saqlaydigan T-hujayralar mavjud.

Bu fenomen o‘zaro faoliyat immuniteti deb ataladai va ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi ixtisoslashmagan T-hujayralar har uchinchi insonda uchraydi. «O‘zaro birlashgan» antitanachalar bilan esa sayyora aholisining yarmi Covid-19'dan qisman himoyaga ega bo‘lishi mumkin.

«Chiniqqan immunitet» nima?
T-limfotsitlari va antitanachalardan tashqari, so‘nggi yillarda olimlar tomonidan tez-tez takrorlanayotgan, «tug‘ma chiniqqan immunitet» deb ataluvchi yana bir himoya mexanizmi mavjud.

Yuqorida ta’kidlanganidek, irsiy immunitet ixtisoslashmagan, ya’ni muayyan bir infeksiyaga qarshi yo‘naltirilmgan. Biroq borgan sari ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatyaptiki, u ham garchi uzoq vaqtga bo‘lmasa-da, boshdan kechirilgan kasallikni eslab qolish xususiyatiga ega.

Makrofaglar, monotsitlar va tabiiy killerlar avval to‘qnash kelingan virus va bakteriyalarni samaraliroq kuchsizlantiradi va hatto organizmga mutlaqo yangi patogenlardan ham himoya qila oladi.

Xususan, ba’zi izlanishlar ma’lumotlariga ko‘ra, silga qarshi emlash (BSJ) organizmni sariq isitma va boshqa infeksiyalardan qisman himoya bilan ta’minlashi mumkin.

Chiniqqan immunitetga ega odamlar infeksiyaga kamroq chalinadi, yuqtirilgan vaqtda esa kasallikni ko‘pincha yengil shaklda o‘tkazib, tezroq sog‘ayadi.

Shunday qilib, Covid-19'ni qayta yuqtirish mumkinmi?
Hozircha koronavirus bilan qayta kasallanish haqida birorta ham ishonarli ma’lumot yo‘q. Olimlar bu bo‘lishi mumkinligini istisno etishmayapti, ammo yuqorida keltirilgan kontekstdan ma’lumki - bunday kasallanish ehtimoli juda yuqori emas.

Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, Covid-19'dan sog‘aygan bemorlarning aksariyati va hatto virusni alomatlarsiz yengganlar qonida ham maxsus antitanachalar aniqlanmoqda.

Boshqa ko‘plab virusli kasalliklar holati kabi, ularning konsentratsiyasi xastalikni og‘ir shaklda o‘tkazganlar qonida yuqori, ammo bu har qanday holatda 3 oy o‘tiboq taxminan ikki barobarga kamayadi. Ba’zida bu bir necha hafta ichida ham kuzatiladi.

Sars-Cov-2 birinchi marta atigi yetti oy avval aniqlangani sababli, olimlar orttirilgan immunitet qancha vaqt davom etishi va qayta zararlanish ehtimoli nuqtayi nazari haqida taxminlar berishdan tiyilishmoqda. Biroq uning ko‘proq o‘rganilgan o‘tmishdoshlari - SARS (atipik pnevmoniya) va MERS (Yaqin Sharq respirator sindromi) viruslariga asoslanib ba’zi xulosalarga kelish mumkin.

2002-2003 yillarda SARS bilan og‘rigan bemorlar qonida virusga maxsus antitanachalar o‘rtacha 2 yil davomida saqlangan (aniqroq aytadigan bo‘lsak, bir yildan uch yilgacha). Vaholanki, atipik pnevmoniyani juda og‘ir holatda boshdan kechirganlar qonida ular 12 yil o‘tib ham aniqlangan.

Yaqin Sharq respirator sindromidan xastalanganlar (undan har uchinchi bemor vafot etgan) qonida MERS virusiga ixtisoslashgan antitana kamida 34 oy davomida saqlanib qolgan.

Olimlar Covid-19'dan immun himoyasi qancha davom etishi va u qay darajada samarali bo‘lishini hozircha bilishmasa ham, shu faktlarning o‘zi nekbinlik tug‘diradi. Bu savolga javob topilmasligi qancha davom etsa, qayta zararlanish imkonsizligi ehtimoli shuncha ortadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Antitana yo‘qoladimi? Virusni qayta yuqtirish mumkinmi?