09:33 / 10.08.2020
2 217

Davlat Chorvoqda aholining cho‘milishini taqiqlamoqchi

Davlat Chorvoqda aholining cho‘milishini taqiqlamoqchi
Foto: «Fergana»
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan 8 avgustda «Chorvoq» suv ombori havzasining sanitariya muhofazasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan.

Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv ombori (Chorvoq) poytaxt aholisi orasida eng ommaviylashgan dam olish maskanlaridan biri. Ammo uzoq yillar davomida mahalliy plyajlardagi sharoitlar hamda dam oluvchilarning xavfsizligi masalasi tanqid qilingan.

Hujjatda qayd etilishicha Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisini ekologik jihatdan toza va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashda strategik ahamiyatga ega, so‘nggi yillarda suv omborida to‘planayotgan suvning sanitariya-gigiyenik holati maishiy va kimyoviy chiqindilar tashlanishi sababli tobora yomonlashib bormoqda suv ombori strategik ahamiyatga ega.

Bundan tashqari, «Chorvoq» suv ombori joylashgan hudud relefining murakkabligi, suvning 220 metrdan chuqurligi hamda suvda suzuvchi transport vositalaridan foydalanish, aksariyat holatlarda aholi tomonidan cho‘milish qoidalariga rioya etilmasligi cho‘kish bilan bog‘liq noxush holatlarga olib kelayotgani ham Vazirlar Mahakasining qarorida bayon qilingan. 2017 yilda ikkita skuter to‘qnashuvi oqibatida ikki nafar, 2015 yildan 2020 yil iyuligacha 8 nafar odamning cho‘kib ketgani ham eslatib o‘tilgan.

Qaror loyihasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va «O‘zbekgidroenergo» AJning «Chorvoq» suv omborida motorli qayiqlar, katerlar, yaxtalar, gidrotsikl va boshqa suzuvchi vositalardan foydalanilish va aholining cho‘milishini taqiqlash bo‘yicha takliflari inobatga olib, 2020 yil 1 avgustdan boshlab Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan «Chorvoq» suv omborida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan motorli qayiqlar, katerlar, yaxtalar, gidrotsikl va boshqa suzuvchi vositalardan foydalanish hamda plyajlar tashkil etish va suv omborining qirg‘og‘i perimetri bo‘ylab aholining cho‘milishi qat’iyan taqiqlash taklif qilinmoqda.

«Chorvoq» suv omborida maxsus vazifalarni bajarish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralarga o‘z motorli qayiqlaridan foydalanishga ruxsat etilishi mumkin.

Hujjat loyihasining muhokamasi 23 avgustga qadar davom etadi.

Qaror loyihasi ostida foydalanuvchilar qoldirgan izohlarda boshqa xorij mamlakatlaridagi okean va dengizlarda yiliga FVV hujjatda keltirib o‘tganidan ko‘proq odamlar halok bo‘lishi, lekin u yerlarda plyajlar yopilmasligi qayd etilgan. Yana bir fuqaro plyajlarda odamlar xavfsizligini ta’minlashga katta sarf-xarajat ketmasligi va buning uchun suv omborini yopib qo‘yishni to‘g‘ri qaror deb hisoblamasligini bildirgan. Boshqa bir foydalanuvchi esa FVV turizmni rivojlantiraman deb xalqni dam olish huquqini poymol qilayotgani haqida yozgan.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining pandemiyadan keyin turizmni tiklashga qaratilgan qarorida Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborida skuterlar va motorli qayiqlardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan.

Taqiq motorli bo‘lmagan qayiqlarga, muqobil energiya manbalari orqali harakatlanuvchi suv transportiga, maxsus motorli qayiqlarga, vazirliklar va idoralarning vakolatli suv transportlariga taalluqli emas.

Bundan tashqari, Chirchiq daryosi va uning irmoqlari bo‘yida suzish, avtoulovlarni yuvish va maishiy chiqindilarni tashlash taqiqlanadi. Faqatgina maxsus ajratilgan joylar bundan mustasno.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat Chorvoqda aholining cho‘milishini taqiqlamoqchi