16:46 / 10.08.2020
2 661

Iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini pasaytirish lozim

Iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini pasaytirish lozim
Hammamizga ma’lumki, yurtimizda karantin davrida iqtisodiyotni barqarorligini ta’minlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilab berilishiga qaramasdan ming afsuski, pandemiya holati jiddiy davom etmoqda. Ayniqsa, bu holat fuqarolarimiz daromadlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani kishini tashvishlantiradi. Ushbu sinovli kunlarda xalqimiz ham ma’naviy, ham iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga har qachongidan-da muhtojdir.

OTMlarda bu yilgi o‘quv jarayonlari yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashguncha katta ehtimol bilan masofaviy usulda olib borilishi rejalashtirilmoqda. Ta’lim berish masofaviy bo‘lsa, o‘z-o‘zidan ta’lim muassasalaridagi xarajatlar ham bir muncha kamayishi tayin.

Bundan tashqari bugungi kundagi pandemiya vaqtida barcha oilalarda bo‘layotgan iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini ham pasaytirish lozim. Ta’lim online shaklda olib borilsa, talabalar va ularning ota-onalariga internet to‘lovlari ham albatta qo‘shimcha xarajat hisoblanadi. To‘g‘ri online shaklda ta’lim olish talabalar uchun yo‘l kira xarajatlari, viloyatlardan kelib Toshkent shahrida va viloyat markazlarida ta’lim olayotgan talabalar uchun yotoq, turar-joy xarajatlari tejalishiga olib keladi. Lekin hozirgi vaziyatni hisobga oladigan bo‘lsak, bu tejamkorlik yetarli emas. Yuqoridagilardan kelib chiqqan xolda OTMda kontrakt to‘lovlarini kamaytirish yoki karantin o‘tgunga qadar imtiyozli vaqt berish lozim.

Prezidentimiz qaroriga muvofiq, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida kam ta’minlangan oila sifatida ro‘yxatga olinganlarga bepul yoki imtiyozli shartlarda ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ro‘yxati tasdiqlandi. Unga ko‘ra:

- davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida ota-onalar to‘lovidan ozod etish;
- maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘rnatilgan miqdorlarda ota-onalar to‘lovini to‘lash;
- umumiy o‘rta ta’lim maktablarida darsliklar ijara to‘lovlaridan ozod etish;
- umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;
- ayrim fanlarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta maktablar o‘quvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
- san’at maktablari, musiqa maktablari, «Barkamol avlod» markazlari va boshqa maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida o‘qish xarajatlaridan ozod etish;
- kam ta’minlangan oilalarning nogiron a’zolarini protez-ortopediya buyumlari bilan ta’minlash;
- ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yo‘llanma (order) olish kabilar belgilandi.

Bu qaror xalqimizga davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilgan yana bir g‘amxo‘rlik, albatta. Buni xalqimiz minnatdorlik va shukronalik bilan qabul qilishmoqda. Katta umid bilan aytamizki, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini ham OTMda to‘lanadigan kontrakt-to‘lovlaridan ozod qilinsa, bu ularga berilgan katta ishonch va imkoniyat bo‘lardi. Ikki yoki undan ortiq farzandlari to‘lov - kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarimiz bor.

Xuddi shunday oila farzandlari uchun ham kontrakt to‘lovlariga chegirmalar qilib berilsa, qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson bo‘lardi. Yoki farzandi super-kontraktda tahsil olayotgan va bugungi kunda pandemiya tufayli daromadidan ayrilgan oilalarga ko‘mak va imtiyozlar joriy etilsa, xalqimizning og‘iri yengib bo‘lib, erkin nafas olardi. Chunki hozirgi pandemiya sharoitda o‘g‘il-qizlarimizni ilmli, hunarli bo‘lish uchun qancha ko‘p imkoniyat hamda sharoit yaratib bera olsak, yurtimiz kelajagi va taraqqiyotiga shuncha ko‘p hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Zero, bugungi talabalar ertangi olimlar, shoirlar, rahbarlar yoki vazirlar ekanini unutmasligimiz lozim.

Shahnoza Xolmaxamatova,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Iqtisodiy sharoitdan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt narxlarini pasaytirish lozim