19:00 / 10.08.2020
3 238

Dilmurod Ergashev: «Xususiy klinikalar o‘gaymi?»

Dilmurod Ergashev: «Xususiy klinikalar o‘gaymi?»
"Doktor D" xususiy klinikasi rahbari koronavirusga chalingan bemorlarni tegishli ruxsatnomasiz davolagan klinikalar jazoga tortilishi borasida fikr bildirdi. Quyida uni e’tiboringizga havola qilamiz.

«Men 33 yil avval «Doctor D» klinikasini tashkil etgan va shu yerda shuncha yildan buyon rahbarlik qilayotgan fuqaroman, ya’ni xususiy klinika asoschisi va rahbariman.

Kuni kecha hamma xususiy klinikalar rahbarlarini yig‘ib «Qaysi xususiy klinika Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma tuzmasdan COVID-19 bemorlarni davolagan bo‘lsa va u jarayonda standartlarga rioya qilmagan bo‘lsa», litsenziyalarini sud orqali to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirilgan.

Klinikamiz sharoiti to‘g‘ri kelmagani uchun biz COVID-19’ga chalingan bemorlarni davolamadik, lekin zudlik bilan hamma xonalarga kislorodli konsentrator o‘tkazdik va sun’iy nafas olish apparatlarini shaylab qo‘ydik. Bemorlarni davolashga joy yetmay, xodimlarimiz kasal bo‘lib tang holatda qolinsa, o‘zimizning ishchilarga, yaqinlarimizga yordam berishimiz zarur degan maqsadda tayyorgarlik ko‘rib qo‘ydik.

Oradan ikki oylar o‘tgach, shunaqa vaziyat boshlandi. Kuniga yuzlab qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshladi, «Tez yordam» kelmayapti, og‘ir bemorlarni hech qayerga qabul qilishmayapti, yordam bering» degan gaplar bo‘ldi. Bunday holda nafaqat biz, balki ko‘plab boshqa klinikalar ham bemorlarni qabul qila boshladi. Doktorlar ham odam, lekin ular o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib qarashdi. Ularda tajriba yo‘q. Qo‘lida qo‘llanmasi yo‘q, ingliz tilini bilmaydi, lekin yordam berishga harakat qilishdi, shu orada oramizdan bir necha doktorlar vafot etdi. Nega o‘sha paytda bularga standartlar yetkazilib berilmadi? Nega sharoit og‘irlashganda klinikalar faoliyati muvofiqlashtirilmadi? Hamma bemorlar uylarida og‘ir ahvolda qolganda TV orqali ham bemorlarni koordinatsiya qilsa bo‘lar edi-ku?

Virus yuqtirganlar tanish doktor yoki tanish hamshirasini uyiga chaqirib har xil kerak-kerakmas dorilar bilan davolanishga majbur bo‘ldi. Chunki «Tez yordam» kelmadi, taqdim etilgan telefon raqamlari javob bermadi. O‘lim to‘shagida yotgan bemorlarni ko‘tarib xususiy klinikalarga olib kelishdi. Hech kim yordam qilmagani uchun klinikalar bemorlarga qarashga, yotqizishga majbur bo‘ldi. Bizning klinikaga ham «otam o‘lyapti, onam o‘lyapti, yordam bering, doktor» deb yalinib-yolvorib o‘nlab bemorlarni olib kelishdi. Biz «sharoitimiz yo‘q, klinikada homilador ayollar bor» deb ularni qabul qilmadik, xalqdan malomatlarga qoldik.

Diagnostika uchun alohida ko‘chadan kiradigan qilib maxsus xonalar tashkil qilindi, 24 soatda kasallikni aniqlashga harakat qildik, «Tez yordam» mashinasi orqali faqat bemorlarga yordam bera oldik, xolos. Mamlakatda bunday holat yuz berganda hamma qo‘lidan kelgan yordamni berishi kerak emasmi? Vrachlarimiz onlayn konsultatsiya berib, bemorlarni uydan kuzatib turdi. Nafas yetishmovchiligi ikkinchi darajaga yetgan bemorlarni ham yotqiza olmadik. Kislorod beradigan mobil qurilmalarni tekin yetkazib, vaqtincha qo‘llash uchun bemorlarga berib turdik. Shu vaqtlarda mutaxassislar tomonidan ham ko‘p noto‘g‘ri maslahatlar (masalan, «Plakvenil» qabuli bo‘yicha) berildi.

Endi tajriba oshdi, CDC tarjima qilindi, yaqinda yangi standart davolash uchun qabul qilindi. Ahvol ancha yengillashdi. Qo‘ng‘iroqlar kamaydi, barcha viloyatlarda, hududlarda qo‘shimcha koykalar tayyorlanib bo‘ldi. Endi aybni xususiy klinikalarga ag‘darishmoqchi.

Xususiy klinikalar o‘gaymi? Ularni kim himoya qiladi? Boshidan, ya’ni mart oyida shunaqa bo‘lishi mumkin ekanligini bilar edik, nega barcha xususiy klinikalarga tavsiyalar, qo‘llanmalar berilmadi? «Xususiy klinikalarda kerakli asbob-uskunalar yo‘q, dori-darmon yo‘q, ular noto‘g‘ri davolaydi», deb aytilgan. Davlat klinikalarida to‘g‘ri davolanildimi? U yerlarda kerakli hamma narsa bormidi?

Men qaynotam misolida ahvol qandayligini ko‘rdim. Qaynotam professor, respublikada ko‘zga ko‘ringan, shu kunlarda ham ishlab kelayotgan olim edilar. Hech qayerda joy yo‘q, qayerga telefon qilishmasin hech iloji yo‘q deyishardi, bir amallab klinikaga yotqizdik. Dorilarini, kislorod konsentratorini ham o‘zimiz olib berdik.

Qilinayotgan terapiyadan ahvol yaxshilanish o‘rniga yomonlashavergach, doktor «uyga olib ketinglar, bu yerda vafot etsa, o‘zlari ko‘mishadi», deb qo‘rqitgach, uyga olib keldik. Bechora qaynotam o‘ta og‘ir ahvolda uyga olib kelindi. Uyda SDC bo‘yicha davolay boshladik, lekin vaqt o‘tib bo‘lgan, poliorgan yetishmovchiligi boshlangan edi. Shunda ham to‘rt kun kurashdik, afsus...

Bizning klinikamizda ham hamshiralar, vrachlar kasal bo‘lib yotib qolishdi. Deyarli hamma kasallikka chalindi. Faqat onlayn tarzda ularni kuzatib davolash jarayonini nazorat qilib turdik. Shunday paytlarda bu tizim rahbarlari qayerda edi? O‘gay bolani aybdor qilish yaxshimi? Hamma bolasini birdek ko‘rish kerak emasmi? Do‘q-po‘pisa qilib, «litsenziyangni olib qo‘yaman» deb ishlaydigan zamonlar o‘tib ketmadimi?

Xususiy klinikalar davlatga foyda keltirmaydimi yo? Kim ularni himoya qilishi kerak? Nega ularni ham loyihalarga qo‘shishmaydi? Nega shtab tashkil qilinganda ular taklif qilinmaydi, maslahatga chaqirilmaydi? Pandemiya sharoitida hamma joy frontga aylanadi, bunday paytlarda barcha tibbiyot sohasi vakillari kabi biz ham o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Mening fikrim shunday, agar shunaqa qo‘rqitib ish yuritilsa, ertaga yurtimizda klinika qurishga, tibbiyot texnologiyasini olib kirishga bitta ham investor kelmaydi. Aslida xususiy klinikalarga to‘g‘ri tavsiyalar qilinib, nega xatoliklar bo‘lganining tagiga yetib chora ko‘rilsa to‘g‘ri bo‘ladi. Butun dunyoda xususiy klinikalar asosiy yuklamalarni ko‘tarishadi. Ularni ham rag‘batlantirish kerak, axir. Yaqinda hukumat tomonidan bir guruh shifokorlar rag‘batlantirildi, lekin ular orasida birorta xususiy klinika vrachlari yo‘q.

Bizning klinikamiz tashkil etilganiga 33 yil bo‘ldi. Bu yillar ichida minglab bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatdik, davoladik, yuzlab operatsiyalar qilindi, aksiyalar o‘tkazib, qanchadan qancha bemorlarga bepul yordamlar ko‘rsatganmiz. Shu 33 yil ichida birorta doktorimiz hatto choynakning qopqog‘i bilan bo‘lsa ham mukofotlanmadi.

Vazirlikni isloh qilish kerak. Xususiy klinikalarga ham e’tibor qaratilsin, ularni ham asrash va avaylash, ravnaqi uchun yordam berish zarur».

Dilmurod ERGASHЕV, "Doktor D" klinikasi rahbari.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dilmurod Ergashev: «Xususiy klinikalar o‘gaymi?»