08:23 / 11.08.2020
3 532

Kocani mayga to‘ldipgan aël

Kocani mayga to‘ldipgan aël
Oilasidan ajrashgan Laylo ikki farzandini tashlab, Dilmurod bilan uning otasidan qolgan hovlida norasmiy ravishda er-xotin bo‘lib yashay boshladi. Dilmurodning yaqinlari uning Laylo bilan yashashiga qarshilik qilishdi. Biroq Rossiyadan qaytganidan beri ichkilikka berilib qolgan erkak ularning gapiga parvo ham qilmadi.

Tez orada Dilmurodning sog‘lig‘i yomonlashib, shifoxonaga tushib qoldi. Laylo unga sog‘aygunga qadar qarab turdi. Ammo uning sog‘lig‘i to‘liq yaxshilanib ketmadi. Oyoqlari ishlamay, kuni qo‘ltiqtayoqqa qoldi. Shifoxonadan chiqqanidan so‘ng Dilmurod tez-tez asabiylashib, janjal qiladigan bo‘ldi. Laylo ham u bilan birga ichkilik ichib turardi. Er-xotin ichkilik uchun uydagi turli buyumlarni sotishga tushishdi.

O‘sha kuni ham kechki ovqat vaqtida er-xotin “yarimta”ni maydalashayotgan edi. Ikki piyola aroq ichganidan so‘ng Dilmurod nos chekdi. Laylo tashqariga chiqib, qaytib kirsa, eri yana piyolaga aroq quyayotgan ekan.
– Bo‘ldi, ichmaysiz, – deya Laylo xontaxta ustidagi aroqni olib, yashirib qo‘ydi.

Dilmurod achchiqlanib, xontaxta ustida turgan piyolani unga otdi. So‘ng o‘tirgan joyida sudralib kelib, yuziga tarsaki tushirdi. Laylo qo‘rqqanidan yashirib qo‘ygan arog‘ini olib, kosaga to‘ldirib quydi va Dilmurodga uzatdi. Ammo erining g‘azabi bosilmadi.
– Sening qo‘ling tekkan idishdan aroq ichmayman, – deya uni so‘ka ketdi.

Ayol jahl ustida kosadagi aroqni o‘zi oxirigacha sipqorib yubordi. May ta’sirida bir zumda o‘zini sher chog‘ladi. Xontaxta ustidagi pichoqni qo‘liga olganicha “o‘ldiraman seni” deya dag‘dag‘a qilayotgan eriga nopisand qarab turdi.

So‘ng beparvogina buyurdi:
– Janjalni bas qiling!

Ammo Dilmurodga gap uqtirishning foydasi yo‘q edi. U so‘kinishda davom etdi.
– Sen meni o‘ldirishingdan oldin men seni o‘ldiraman, – toqati toq bo‘lgan Laylo shunday deb Dilmurodning ko‘ksiga pichoq urdi…

So‘ng pichoqni gilamning tagiga yashirib qo‘ydi. Hovliga chiqib, zina ustida ancha vaqt o‘tirdi. Salgina hushi o‘ziga kelganidan keyin xonaga qaytib kirib, Dilmurodga qaradi. Uning kiyimlari qon, tepaga qaragan holatda hushsiz yotardi. Laylo uni bir necha marta turtkilashiga qaramasdan qimir etmadi. Ayol dahshat ichida ko‘chaga chiqib, qo‘shnisi Nurmat akaning darvozasini taqillatdi. Derazadan qaragan qo‘shnisiga hovliqqanicha erini o‘ldirib qo‘yganini aytdi. Ammo qo‘shnisi chiqavermadi.

Laylo uyga qaytib kirib, singlisiga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo u ham javob bermadi. Ayol yana jasad yotgan xonaga kirdi. Ammo kayfi zo‘rligidan uxlab qoldi…

Ertalab turib daf’atan nima bo‘lganini eslay olmadi. Dilmurodni uyg‘otmoqchi bo‘lib, yana turtkilab ko‘rdi. Tanasini ushlab ko‘rganida muzlab yotar edi…

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudida Laylo Hamroyevaning jinoyat ishi ko‘rildi. Sudda u aybiga iqror bo‘lib, qonuniy yengillik so‘radi. Sud Laylo Hamroyevaga 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Shu tariqa ichkilikbozlik botqog‘iga botgan oila zavolga yuz tutdi…

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)