20:05 / 11.08.2020
5 459

G‘aniyev «UzAutoMotors» haqida: «Yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin?»

G‘aniyev «UzAutoMotors» haqida: «Yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin?»
«UzAutoMotors» AJ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Odob komissiyasiga deputat Rasul Kusherbayev ustidan shikoyat xati yuborgan. Bunga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G‘aniyev Doniyor Avazovich o‘z munosabatini bildirdi.

Kusherbayev kompaniya va uning faoliyati haqida asossiz fikrlar bildirish orqali «UzAutoMotors»ning «ishchanlik obro‘siga» putur yetkazganmish, yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin, deya hayratini yashirmagan deputat.

Ta’kidanishicha, kecha O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy fraksiyasi yig‘ilishida ushbu shikoyat xati ko‘rib chiqildi. Unda fraksiyaning barcha deputatlari bir ovozdan Kusherbayevni qo‘llab-quvvatlashdi. Zero, «UzAutoMotors» AJ haqida Kusherbayevning bildirilgan fikrlari qanchalik haqiqatga yaqinligini unga bo‘lgan xalqning munosabati ko‘rsatib turibdi.

«UzAutoMotors» AJ esa yillar davomida davlatning o‘nlab trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalaridan foydalangani, iste’molchilar huquqlarini doimiy kamsitib kelgani yetmaganidek, endi unga nisbatan xalqning, deputatlarning, jamoatchilikning tanqidlarini rad etib, o‘zi tushib olgan ko‘lmakdan chiqishni istamasligi bu kompaniyaning qanchalar yuzsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi, dedi Doniyor G‘aniyev.

Qolaversa, bir necha kun avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining «UzAutoMotors» AJ faoliyatiga oid tekshiruvi natijalari bo‘yicha maxsus komissiyasi muhokama yig‘ilishida kompaniyaning bir qancha kirdikorlari oshkor bo‘lgan edi. Yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar yakuniga ko‘ra kompaniya 2020 yilda avtomobil tannarxlarini shakllantirishda jami 1,1 trln so‘mdan ko‘proq asossiz xarajatlar hisoblanganligi tekshiruv davomida aniqlangan. Bu esa o‘rtacha hisoblaganda har bir avtomobil tannarxi kamida 4-5 mln so‘mgacha asossiz oshirilganini anglatadi.

Shunday ekan, «UzAutoMotors» AJ deputat ustidan shikoyat qilib, gapni aylantirguncha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan aniqlangan 1,1 trln so‘m bo‘yicha aniq faktlar asosida hisob bersa yaxshi bo‘larmidi?

Kusherbayev ham deputat, ham fuqaro sifatida o‘zining konstitutsiyaviy huqularidan foydalangan holda o‘z fikrini bildirdi. «UzAutoMotors» AJ esa uning bu huquqlaridan foydalanganligini qoralamoqda. Bu esa muhtaram prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan siyosiy o‘zgarishlar, xususan, mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, kuchli demokratik davlat qurish yo‘lidagi islohotlarga ziddir.

PS: Agar bu gaplarim bilan men ham «UzAutoMotors»ning «obro‘siga putur yetkazib, ularning paxtadek yumshoq ko‘ngliga ozor bergan bo‘lsam», iltimos, ovora bo‘lib shikoyat yuborib yurishmasin. O‘zim oldindan uzr so‘rab qo‘ya qolaman, deya so‘zlarini yakunlagan deputat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘aniyev «UzAutoMotors» haqida: «Yo‘q obro‘ga qanday putur yetkazish mumkin?»