21:35 / 12.08.2020
3 104

Kambag‘al va ishsiz aholini kasbga o‘rgatish tizimi joriy etiladi

Kambag‘al va ishsiz aholini kasbga o‘rgatish tizimi joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Kambag‘al va ishsiz aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Qayd etilishicha, qarordan asosiy maqsad – kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitishning yangi tizimini joriy qilish, ularni kasb-hunarga o‘qitishda xususiy sektor bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish jarayonlarini tashkil etish, ehtiyojmand aholi va nogironlar ish bilan bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha choralarni amalga oshirishdir.

Qaror bilan:
- kambag‘al va ishsiz aholini kasb-hunarga o‘rgatish hamda ularning mehnat faolligini oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi;
- aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi;
- Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlarini o‘qitish choralari tasdiqlandi.

Hujjat bilan kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini joriy etish uchun moliyaviy xarajatlar miqdori va manbalari belgilandi.
Qarorda ko‘zda tutilgan kambag‘al va ishsizlarni kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «Ishga marhamat» monomarkazlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi kasb-hunarga o‘qitish markazlari;
- Toshkent shahri tumanlarida qisqa muddatli kasb-hunarga o‘qitish kurslari;
- mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari;
- nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari.
Hujjat orqali aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga, tadbirkorlik asoslari va xorijiy tillarga o‘qitishga, nodavlat sektori imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun davlat yordamini berish mexanizmi joriy qilinadi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarini tashkil etish uchun «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish muassasalarining binolari, mahalliy hokimiyat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyasiga ko‘ra boshqa bo‘sh turgan binolar yoki ularning bir qismi operativ boshqaruvga yoki uzoq muddatli imtiyozli ijaraga beriladi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalariga o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni mustaqil tanlash huquqi beriladi. Kasb-hunarga o‘qitish markazlari binolari bir qismi berilgan taqdirda – mazkur markazlarning o‘quv jihozlari va anjomlaridan imtiyozli foydalanish imkoni yaratiladi.

Nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalarida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan o‘qitish, bunda davlat buyurtmasining kafolatlangan eng kam darajasidan foydalanish belgilangan.

«Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida:
- bitiruvchilarning kasbiy malakasi xalqaro WorldSkills standartlari asosida baholanadi;
- baholashdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilarga O‘zbekiston va xorijda tan olinadigan Skills pasporti beriladi.
- Monomarkazlar va kasb-hunarga o‘qitish markazlari tomonidan bitiruvchilarga berilgan o‘qishni tamomlaganlikni tasdiqlovchi hujjat hamda Skills pasporti o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi diplomi darajasiga tenglashtiriladi.

Ushbu loyihalar ijrosini ta’minlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 150 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, mazkur qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har bir hududda kamida bittadan «Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi» bo‘yicha nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari o‘rtasida ochiq tanlov o‘tkaziladi.

Qaror bilan «Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi» tanlovi g‘oliblarining loyihalarini rag‘batlantirish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2020 yil uchun ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha ravishda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu tadbirlarni amalga oshirish natijasida har yili 60 ming nafarga yaqin ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga bepul o‘qitish imkoniyati yuzaga keladi, 25 mingdan ziyod nogironlarning bandligi ta’minlanadi.

Respublika ishchi guruhi davlat va nodavlat kasb-hunarga o‘qitish muassasalari samarali faoliyat yuritishini hamda sifatli va xalqaro standartlarga javob beradigan kasb-hunarga o‘qitish tizimi joriy etilishini tashkillashtiradi, shu maqsadda ajratilayotgan mablag‘larning manzilli sarflanishini ta’minlaydi.

Qaror bilan tasdiqlangan Aholi bandligini ta’minlash va ishchi kuchining raqobatbardoshligini oshirish dasturi esa aholi bandligiga ko‘maklashish sohasida xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirishga va bu borada normativ-huquqiy bazani mustahkamlashga, bandlik sohasida uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga hamda yaratilgan ish o‘rinlari va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha axborot almashinuvini tashkil etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, 800 mingdan ortiq fuqaro va ish beruvchilarga bandlik va mehnat sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatiladi, shu jumladan 410 ming ayollar va 300 ming yoshlarning bandligi ta’minlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kambag‘al va ishsiz aholini kasbga o‘rgatish tizimi joriy etiladi