08:23 / 13.08.2020
873

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoq sahifalari administratorlari daromad solig‘i to‘laydimi?

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoq sahifalari administratorlari daromad solig‘i to‘laydimi?
Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga reklama joylash bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar 2020 yilning birinchi yarmida olgan daromadlaridan soliq to‘lashi lozimligini eslatib o‘tdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilish faoliyati (Giveaway) bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar olgan daromadlaridan 12 foiz miqdoridagi stavkada daromad solig‘i to‘lashlari lozim (2020 yil 1 iyuliga qadar olgan daromadlari bo‘yicha).

Bu haqda doimiy yashash joyidagi soliq organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish lozim
», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 8 iyundagi qaroriga asosan, o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kengaytirilgan edi. Ro‘yxatga AKT sohasida xizmat ko‘rsatish — «Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat» (ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish (SMM), ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori) turi ham qo‘shilgan.

Shunga ko‘ra, Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq, qonun hujjatlarida belgilanadigan tartibda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi uchun daromad solig‘idan ozod qilinadi.

«Joriy yilning 1 iyulidan boshlab ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, ya’ni ijtimoiy tarmoqlarda xizmatlarni ilgari surish va reklama qilish hamda ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori o‘zini o‘zi band etgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, olgan daromadlari bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bunda mehnat stajiga ega bo‘lish uchun 2020 yilda bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi (111,5 ming so‘m) miqdorida ijtimoiy soliq to‘lash lozim bo‘ladi
», — deya aniqlik kiritilgan Davlat soliq qo‘mitasi xabarida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)