12:30 / 13.08.2020
3 064

Sergelida 24 yoshli ayol onasi va 3 oylik chaqalog‘i bilan yerto‘lada yashab kelgani ma’lum bo‘ldi

Sergelida 24 yoshli ayol onasi va 3 oylik chaqalog‘i bilan yerto‘lada yashab kelgani ma’lum bo‘ldi
Foto: senat.uz
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida yashab kelayotgan oila haqida videolavha tarqaldi.
Videoda ko‘chada qolgan ona yordamga muhtoj bo‘lib, Sergeli tumanidagi Yangi Choshtepa mahallasi O‘zar ko‘chasi 14-uy yerto‘lasida uch oylik chaqalog‘i va onasi bilan birga yashab kelayotgani aks etgan.

Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov mazkur masalani joyiga chiqib o‘rgandi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro A.I. poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida doimiy ro‘yxatda turadi. Biroq uyi yo‘qligi sababli onasi U.I. bilan birga, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser nazoratida turadigan opasi N.P.ning Sergeli tumanidagi Yangi Choshtepa mahallasi O‘zar ko‘chasi 14-uyida istiqomat qilgan.

Bir xonali uyda yashab turgan paytda yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sabab opasi ularni uyidan haydaydi. Oqibatda u uch oylik farzandi va onasi bilan yerto‘lada yashab turishga majbur bo‘lgan.

A.Inog‘omova Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligiga va boshqa bir qator tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan.

Senatorlar bu masala yuzasidan MFY raisi, mahalla faollari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda ularga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

«A.Inog‘omovaning muammosi qonuniy ko‘rib chiqilishi uchun ma’lum muddat talab etilishi tabiiy. Shu bois, unga hozirda vaqtinchalik yashab turishi uchun ushbu hududdagi xonadonlardan birida sharoit yaratildi va ijara haqi to‘lab berildi. Mazkur masala senatorlar tomonidan nazoratga olinib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi», – deyiladi xabarda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sergelida 24 yoshli ayol onasi va 3 oylik chaqalog‘i bilan yerto‘lada yashab kelgani ma’lum bo‘ldi