09:44 / 15.08.2020
1 847

Bo‘stonliq tumanidagi o‘nlab davlat ob’ektlari xususiylashtiriladi

Bo‘stonliq tumanidagi o‘nlab davlat ob’ektlari xususiylashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni Bo‘stonliq tumanida turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni ko‘rib chiqdi.

«Loyihalarda ko‘zda tutilayotgan eng muhim vazifa bu davlat-xususiy sheriklik asosida uddaburon tadbirkorlarga keng yo‘l berishdir. Shuningdek, sayyohlik hududida echkichilik, tuyachilik, asalarichilik kengaytirilib, sayyohlarga qo‘shimcha xizmatlar taklif etiladi. Hududda yoshlar uchun alohida maydonlar ajratilib, turizmni rivojlantirishda ularning imkoniyatlarini ham to‘liq ro‘yobga chiqarish muhimligi ta’kidlandi[i][/i]», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ma’lum qilinishicha, Bo‘stonliq tumani, xususan, Chorvoq suv ombori atrofidagi qishloqlarda yangi dam olish maskanlari quriladi. Bu bilan shu yerda yashayotgan aholini ish bilan ta’minlash maqsadi ham ko‘zlangan.

Bo‘stonliq tumanida bo‘sh turgan va samarasiz foydalanilayotgan ob’ektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 80 ga yaqin davlat ob’ektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratiladi. Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi.

Tadbirda noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgan sub’ektlarni aniqlash va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish borasidagi ishlar bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Jumladan, Bo‘stonliq tumanida soliq solish ob’ektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida orom.uz mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700dan ortiq ijarachilar ro‘yxatga olindi. Bundan tashqari, qo‘shimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod ob’ekt xatlovdan o‘tkazildi. Bular natijasida soliq tushumi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.

Bo‘stonliq tumanida yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va ta’mirlash bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari o‘rnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yo‘lakchalari qurildi.

Prezident yo‘llarni puxta o‘ylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va ta’mirlash zarurligini ta’kidladi.

Sayyohlar oqimining ko‘payishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanida kuniga o‘rtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli ko‘pincha yig‘ishtirilmay, tabiat qo‘ynida tashlab ketiladi.

Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yig‘ish punktlari va tashuvchi texnikalarni ko‘paytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.

Shuningdek, Bo‘stonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.

Tumanda elektr ta’minotini yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini ta’mirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik ob’ektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tog‘ yonbag‘irlarida, o‘rmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali ko‘chma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.

Davlat rahbari hududni to‘liq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisiga parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Bo‘stonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklatish taklifi bildirildi.

Taqdimotda keyingi ikki yilda sayyohlik o‘rinlari va xizmat turlarini ko‘paytirish natijasida hududning turizm salohiyatini 2 barobar ortishini ta’minlash vazifasi qo‘yildi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bo‘stonliq tumanidagi o‘nlab davlat ob’ektlari xususiylashtiriladi