19:43 / 18.08.2020
3 291

O‘likdan ham pul qilindi... Bu shu qadar g‘ayritabiiymi?

O‘likdan ham pul qilindi... Bu shu qadar g‘ayritabiiymi?
Foto: RIA Novosti
Bosh prokuratura Toshkentda mayitni o‘likxonadan chiqarish evaziga 200 dollar talab qilgan ekspert ushlangani to‘g‘risida xabar berdi. Jamoatchilik bir qalqib tushdi, «o‘likdan ham pul qilish mumkinmi?» degan savol ko‘pchilikning g‘azabini qo‘zg‘atdi, gap yana azaliy va «qadrdon» mavzu – korrupsiyaga ulanib ketdi.

Aslini olganda «o‘likxona»larda ishlovchi patanatom, «medekspert»larning pora olishi ko‘pchilik o‘ylaganidek yangilik emas. O‘limning aniq sababini o‘zgartirib, shifokorlardan (ya’ni hamkasblaridan) nimadir undirish, jinoyat ishi ochilgan holatlarda yetkazilgan jarohat turini «sal boshqacharoq» ko‘rsatish orqali gumondordan, va nihoyat bugun e’lon qilingan holatdagi kabi dafnga shoshib turgan qarindoshlardan...

G‘ayritabiiy emas, deyilgani bu harakatlarni oqlash, deb tushunilmasin. Poraxo‘rlik, ayniqsa o‘lim ustidagi vaziyatda nimadir ta’ma qilish bir qarashda aqlga sig‘maydi. Ammo hammasining tag zamirida ildiz otib ketgan ming yillik muammo – korrupsiya yotadi.

Xo‘sh, «o‘likxona»da ishlovchi tibbiyot xodimi pora olmasligi mumkinmi? Yigitlari jarroh, qizlari ginekolog bo‘lishni orzulab o‘qiydigan ta’lim tizimida mazkur sohaga muhabbat uyg‘otish bo‘yicha muayyan ish olib boriladimi? Umuman, ertayu-kech murdalar bilan ishlovchilar qancha maosh olishlari kerak?

Mana, mavzuning asl mohiyatiga ham yetib keldik. Tibbiyotning bu yo‘nalishi azaldan e’tibordan chetda qolgan, maoshlari ham umumiy tizimdan aytarli farqlanmaydi. Shifoxonalarning bir chetida, odamlar borishga qo‘rqadigan ovloq va befayz hududlarida joylashgan o‘likxonalardagi xodimlar o‘z hayoti, boshqalar ko‘p ham havas qilmaydigan faoliyati bilan yashab yuradilar. O‘sha joyda, g‘alati hidlar anqiydigan hududlarda ovqatlanadilar, dam oladilar. Ayniqsa, pandemiya sharoitida ularning ham ish hajmi keskin ko‘paydi, xavf darajasi oshdi.

Mana shunday vaziyatda, ming afsuski, «o‘likdan pul qilish»ni bu qadar g‘ayritabiiy deb bo‘lmaydi. Chunki nafaqat ular, balki butun tibbiyot biz ko‘nikib ketgan va yangilik deb bo‘lmaydigan «oldi-berdi» tizimiga allaqachon o‘rganib bo‘lgan.

Mantiqqa zid keluvchi yana bir jihat – murda bilan bog‘liq qaysidir ishni bitirish uchun 200 dollar berishning o‘zi borib turgan ahmoqlik. Bemorni davolash, inson hayoti uchun kurashayotgan jarrohga nimadir uzatishda aniq mantiq bor. Ammo pul bilan murdaga qanday yordam berish mumkin? Axir ming og‘ir bo‘lmasin, endi u jonsiz bir vujud, bir-ikki soat ertaroq yoki kechroq olib ketishdan biror manfaat topmaydi.

Vaziyat umumiy tizimda – tibbiyot xodimlari bemorlar qo‘liga qarab qolishgan va buni yashirish oyni etak bilan yopishdan ham battar.

Ularning maoshini darhol va karrasiga oshirish kerak. Toki ular ro‘zg‘orini, bolalarining qornini bugun qanday to‘ydirishni o‘ylab ishlamasinlar. Uzoq muddat o‘qib, og‘ir sharoitlarda ishlab, eng minimal ehtiyojlar uchun har kimga sarg‘aymasinlar.

Albatta, katta maosh berilishi korrupsiya bir onda yo‘qolib, hammasi silliqlanib ketishini anglatmaydi. Ammo aynan mana shu chora birinchi va eng zarur qadam bo‘ladi.

Abror Zohidov

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘likdan ham pul qilindi... Bu shu qadar g‘ayritabiiymi?