10:43 / 19.08.2020
4 393

Bosh prokuror sizlab-sizlab gapirib, «tuzlab-tuzlab» o‘tdi

Bosh prokuror sizlab-sizlab gapirib, «tuzlab-tuzlab» o‘tdi
Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev videoselektor shaklida yig‘ilish o‘tkazdi. Bosh qonun posboni rasiligida o‘tadigan katta-kichik majlislar «labga uchuq toshiradigan» holatlar-u raqamlar tilga olinishi tabiiy. Bu galgisi ham bundan mustasno bo‘lmadi. Farq shundaki, unda faqat tizim xodimlarigina ishtirok etgani yo‘q. Kun tartibidagi masala qishloq xo‘jaligi sohasida, jumladan g‘o‘za parvarishi va paxta yig‘im-terimiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlashga oid bo‘lgani bois unda tizimning sohaga mas’ul xodimlaridan tashqari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agroispeksiya, viloyat va tuman hokimlarining tegishli o‘rinbosarlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ham ishtirok etdi.

«Davra kengroq olingani» sabab Bosh prokuror yig‘ilishni shunga monand boshqardi. Biroq sizlab-sizlab gapirgani bilan ancha-muncha mutasaddilarni «tuzlab-tuzlab» ham oldi. Buning «ta’mi» hali-beri ketmasa kerak. Chunki, sohada qonun buzilishi holatlari tizimli tus olganligi oqibatida ozmuncha muammolar yig‘ilib qolgan-da.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati
Mana, bitta misol: respublika bo‘yicha jami 210 ming (shundan - Andijon viloyatida 3,7 ming, Buxoroda 3,8 ming, Toshkentda 5,4ming, Namanganda 6,4 ming, Navoiyda 8,3 ming, Farg‘onada 8,5 ming, Surxondaryoda 9,7 ming, Qashqadaryoda 12,6 ming, Samarqandda 18,6 ming, Xorazmda 17,9 ming, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 26 ming, Sirdaryoda 38,5 ming, Jizzaxda 50 ming) gektardagi g‘o‘zalar rivojdan orqada qolmoqda. Ahvol shu zaylda davom etsa, oqibatni tasavvur qilish qiyin emas. Bundan kimga zarar? Hammaga!

Yoki suv resurslaridan samarali foydalanishga oid muammo olaylik. Mamlakatimiz suv masalasi shundog‘am muammo. Shunga qaraymay respublikadagi barcha manbalardan g‘o‘zani sug‘orish uchun bir kunda 1 270 metr. kub sekund suv olinadi. Buncha miqdordagi suv bilan 55 - 60 ming gektar maydonni sug‘orish mumkin, biroq amalda 45 ming gektar sug‘orilmoqda, xolos. Qolgan suvlar qayoqqa suvday oqizilyapti (so‘z o‘yini ixtiyorimizdan tashqari holatda yuzaga keldi, uzr) - bu jumboq emas. Masala obdon o‘rganilmoqda. Natijasi ancha-muncha mutasaddining paytavasiga qurt tushurishi ehtimoli katta.

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus jamg‘arma borligidan boxabarsiz. Jamg‘armadan ajratilgan imtiyozli mablag‘lar maqsadsiz ishlatilgani alohida qayd etildi. Masala «qayd etib» o‘tilgani - shu bilan bo‘ldi - bu mavzuga qaytilmaydi degani emas. Maqsadsiz sarflangan mablag‘lar masalasida qonun qarichi bilan hisob-kitob qilinadi hali, xotirjam bo‘lishga asos yo‘q.

«Agrobank»ning joylardagi filiallari mansabdor shaxslarining bir oyog‘i prokuraturada bo‘lib qolsa, ajablanmang. Chunki paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘larining 58,7 mlrd. so‘mi maqsadsiz sarflab yuborilgan...

Shu o‘rinda o‘tgan yilgi harajatlardan jami 1 trln. 767 mlrd., (shundan 1 trln. 708 mlrd. so‘mi klasterlardan hamda 59,5 mlrd. so‘mi fermer xo‘jaliklaridan) qaytarilmagani inobatga olinsa, hisob-kitoblar borasida oldinda yaxshigina «hisob-kitoblar» turganini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak..

Klaster korxonalariga beriladigan savollar ham talaygina: mana, bittasi - ularning 19 tasi olti oydan buyon muddati o‘tgan 433 mlrd. so‘m qarzdorlikdan bir so‘mini ham qaytarmagan. Nega? Javobga tayyorgarlik ko‘raveringlar, hademay so‘rov so‘roqqa aylanib ketishi mumkin...

Soha mutaxassislarining hisob-kitoblari hamda hududlardan olingan takliflarga ko‘ra, joriy yilda 829,2 ming maydonda g‘o‘za defoliatsiyasini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Biroq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 6 - 8 foiz, Buxoroda 12 foiz, Xorazmda 25 foiz, Surxondaryoda 29 foiz defoliant zaxira qilinganbo‘lsa, Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida umuman zaxira qilinmagan. Bu yog‘i nima bo‘ladi? Bu og‘riqli savol ham javobini kutmoqda.

Yana bir fakt. Kartoshka bejiz ikkinchi nonga qiyoslanmaydi. Shu bois respublikaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, 42 534 gektar maydonlarga kartoshka ekish rejalashtirilgangandi. Biroq rejaga nisbatan 3 717 gektar maydonga kartoshka ekilmagan. Nima uchun?

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari prokurorlari va ularning sohaviy o‘rinbosarlari, mazkur viloyatlarning hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va boshqa mutasaddi rahbarlarning tushuntirishlari eshitildi. Tushuntirishlar esa mavjud holat va qonun mezoni bilan o‘lchanib, shunga yarasha xulosa qilinadi.

Hozircha qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish talab qilinadi. Chunki, kuz eshik qoqmoqda. Jo‘jalar esa kuzda sanaladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuror sizlab-sizlab gapirib, «tuzlab-tuzlab» o‘tdi