07:39 / 24.08.2020
3 454

«UzAuto Motors» muhokamalar markazida. Voqealar qanday rivojlanadi?

«UzAuto Motors» muhokamalar markazida. Voqealar qanday rivojlanadi?
Foto: UzAuto Motors
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqda «UzAuto Motors» avtomobillari narxlari mavzusi keng muhokama qilinmoqda, bu mavzu atrofida kutilmagan qaror va raddiyalarga ham guvoh bo‘ldik.

Dastlab, 20 iyul kuni Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev pandemiya tufayli kechayotgan og‘ir vaziyat va shunday paytda ham tez yordam xizmati uchun avtomobillarini juda qimmat narxda sotishda davom etayotgan «UzAuto Motors»ga jiddiy e’tirozlarini bildirgandi.

Deputat bu borada Farg‘ona viloyati hokimligi viloyat aholisi uchun 20ta yangi «Damas»ning har birini 75 mln so‘m atrofidagi narxda sotib olib, «Tez yordam»ga topshirganini misol sifatida keltirgandi.​

«Ayrim siyosatchilar uchun populizm asosiy, ba’zida esa, yagona qurol bo‘lishini yaxshi tushungan holda​», milliy avto ishlab chiqaruvchi «O‘zavtomotors» deputatning e’tiroziga javob qaytardi. Xususan, «O‘zavtosanoat» korxonalari tomonidan​ «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoatchilik fondiga 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘, respublikaga xorijiy hamkorlaridan 2 milliard so‘mlik tibbiyot jihozlari keltirilgani eslatildi. Xullas, kompaniya turli raqamlar bilan pandemiyada o‘z hissasini qo‘shganini iddao qildi.

Shundan so‘ng, deputat «UzAuto Motors »ga qarshi navbatdagi bayonoti bilan chiqdi.​ U «O‘zavtosanoat» AJ nomidan xayriya qilingan ishlarni «UzAuto Motors» kompaniyasi «o‘z hisobiga yozib qo‘yishi»ni savol ostiga oldi va kompaniyani «sotilmay chiriyotgan avtomobillarni yanayam arzon qilib»​ sotishga chaqirdi.

Kusherbayev masalani tashlab qo‘ymadi: u 23 iyul kuni MY5 telekanalidagi «Markaziy studiya» dasturi mehmoni bo‘lib, kompaniya vakillari «keyinchalik o‘zgarishlar bo‘ladi», deya bergan va’dalari quruq va’daligicha qolib ket​ayotganini eslatib o‘tgan.

Ko‘p o‘tmay Oliy Majlis deputatlari Rasul Kusherbayev, Doniyor G‘aniyev va Nodir Jumayev tomonidan «Parlament nazorati» shaklida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddin Sharipovga tegishli deputatlik so‘rovi yuborildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tekshiruvida esa kompaniya tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun buzilgani aniqlandi. «UzAuto Motors» AJga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror qabul qilin​ishi kerak edi.

Shu orada deputatlik so‘rovi mualliflari Kun.uz'ga berilgan intervyuda so‘rovdan kutilayotgan natija va maqsadlarini tushuntirib berishdi. Deputat Nodir Jumayevning aytishicha, parlament a’zolari kompaniya tomonidan narx asosli shakllantirilishini talab qilishgan.

Bu voqealardan so‘ng «UzAuto Motors» AJ deputat Rasul Kusherbayev ustidan parlamentga arznoma kiritdi. Unda O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi, deputat Rasul Kusherbayevning ijtimoiy tarmoq va OAVda aytgan fikrlari «UzAuto Motors»ning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar deb baholangan.

19 avgust kuni mazkur ish Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida yana ko‘rib chiqildi. Maxsus komissiya tomonidan yuqoridagi holatlar atroflicha o‘rganilib, «UzAuto Motors» AJga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish to‘g‘risida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.​

Unga asosan, «UzAuto Motors» AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillar narxini shakllantirishda tovar narxiga xom ashyo va materiallarga, yoqilg‘i-energetika resurslariga va haqiqatda amalga oshirilmagan xarajatlarni, amalda yuz bermagan mehnat xarajatlarini va boshqa xarajatlar yoki bajarilmagan ishlarni kiritish orqali monopol yuqori narx qo‘llayotgani aniqlangan. Endilikda kompaniya avtomobil narxlarini tushirib, eng yaqin o‘tgan vaqtda sotilgan mashinalar uchun kompensatsiya to‘lab berishga majbur bo‘lgandi.

Kompaniya esa «avtomobillar narxi asosli va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsiz»ligini bildirib, bahsli masalalarni asoslash uchun zarur qo‘shimcha materiallarni tayyorlashga muddat qisqaligi tufayli ish ko‘rib chiqilishi keyinroqqa qoldirilishini so‘rab iltimosnoma yo‘llagan. ​

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasini «ishni bir taraflama ko‘rib chiqish»da ayblagan «UzAuto Motors» qo‘mita maxsus komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilishini bildirdi.

Avvalgi tarkibdan 2 nafarga ko‘paygan deputatlar guruhi esa bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi direktori Akmal Burxonovga deputatlik so‘rovi yubordi.​ Ular mutasaddilardan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari bo‘yicha olingan ma’lumot va hujjatlarda qonunbuzarliklar, korrupsion holatlar va iste’molchilarning huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar ko‘rinayotgani sababli mazkur masalani alohida o‘rganib, jinoyat alomatlari bor-yo‘qligi yuzasidan huquqiy baho berish va vakolat doirasida choralar ko‘rishni so‘rashgan.​

21 iyul kuni esa Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi «Cooperation LAB» markazining o‘zida hududlarda sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirishni kengaytirish masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat rahbari yig‘ilishda «avtomobil sanoatida import qilinayotgan 1 ming 712 turdagi butlovchi qismlarni yurtimizda ishlab chiqarib, valyuta xarajatlarini kamida 150 million dollarga kamaytirish mumkinligi​»ni bildirgan. Shunday qilib, prezident O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini pasaytirish zaruriyati haqida gapirgan.

Iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish markazi direktori Yuliy Yusupov esa «UzAuto Motors» AJ raqobatbardosh kompaniyaga aylanishi, raqobat bozorida ishlashi uchun import avtomobillarga o‘ta yuqori, deyarli taqiqlovchi bojxona to‘lovlari pasaytirilishining o‘zi kifoya, deb hisoblaydi.

20 avgust kuni o‘tgan O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etgan agentlik direktori Akmal Burxonovning aytishicha, sud Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarorini asosli deb topsa, bu keyingi jarayonlar boshlanishiga asos bo‘ladi va Korrupsiyaga qarshi agentlik ham o‘z vakolati doirasida surishtiruvlar olib boradi.​

Ushbu masala hali o‘zining mantiqiy yakuniga yetmadi: agar kompaniya o‘z pozitsiyasida qat’iy turib, qo‘mita qarori ustidan sudga shikoyat qilsa, sud bu ishni ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi. Agar «UzAuto Motors» kompaniyasi bu fikridan qaytsa, qo‘mita qarorini ijro etib, narxni tushirishi va avval sotilgan mashinalar uchun kompensatsiya to‘lashi lozim. Bu esa juda katta masalaning ​hali boshida ekanimizni anglatadi.

Alisher Ro‘zioxunov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «UzAuto Motors» muhokamalar markazida. Voqealar qanday rivojlanadi?