17:00 / 26.08.2020
3 103

Qaysi sadaqaning ajri ulug‘?

Qaysi sadaqaning ajri ulug‘?
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat etiladi: Bir kishi payg‘ambar alayhissalom huzuriga kelib so‘radi:
- Ey Allohning elchisi! Qaysi sadaqaning ajri ulug‘?

- O‘zing sog‘lom, moling ketishiga qizg‘anib - kambag‘allikdan qo‘rqib, boy bo‘lishni umid qilib turganingda qilgan sadaqang ulug‘dir, - dedilar Rosululloh alayhissalom. - Vaqtni cho‘zmaginki, jon halqumga kelganda "falonchiga buncha, pistonchiga muncha" deb qolasan, holbuki mol o‘zi falonchiniki bo‘lib bo‘ldi.
Muttafaqun alayh (Buxoriy va Muslim rivoyati).

* * *
Kim eng afzal ehson, eng ulug‘ sadaqa qilmoqchi bo‘lsa, hali kuchdan qolmay, o‘lim sharpasi kelmasdan qilib olsin. Kambag‘al bo‘lib qolarmikanman deb xavfsirab turgan paytida qilsin.

Zotan, Alloh uchun molini sarf etganlarni Alloh taoloning o‘zi qo‘riydi, o‘zinigina emas, farzandlarini ham. Zero, solihlarning solihligi aksar hollarda zurriyotlariga ham ta’sir qiladi. Shuningdek, yomonlarning yomonligi ham zurriyotlariga kasri urmay qolmaydi.

Gap sadaqa haqida ekan, zamondosh mashoyixlardan biri hikoya qilgan bir voqeani aytib o‘tish o‘rinli bo‘lsa kerak.

Fransiyada oddiy ishchi bo‘lib ishlab yurgan bir kishi bor edi. U har oy maoshidan bir qismini biriktirib qo‘yar, qariganda yurtiga qaytib, o‘zi va bola-chaqasiga bir uy sotib olishni niyat qilgan, ijaraga pul to‘lashdan qutulib, umrining oxirini o‘z uyida xotirjam yashab o‘tkazishni ko‘zda tutgan edi.

Bir kuni bankka borib, orttirilgan mablag‘ning qancha bo‘lganini aniqlab keldi. 63 000 yevro bo‘libdi. Bu pul yurtida yaxshigina uy olishga yetadigan mablag‘ edi.

Xotirjam uyiga qaytib, ertasi juma kuni juma namoziga erta otlandi.

Masjidda zikru tasbeh, tilovat qilib o‘tirar ekan, imom minbarga chiqib, Alloh uchun, uning uyi uchun pul sarflash eng afzal amallardan biri ekanini ta’kidlab o‘tdi. Payg‘ambarimiz alayhissalomning "Kim Alloh uchun masjid quradigan bo‘lsa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi" degan hadisi sharifini eslatdi.

Masjiddan chiqar ekan, bu kishi qat’iy qarorga kelib bo‘lgan edi.
Shartta bankka borib, pullarning barchasini oldi-da, yangi qurilayotgan masjidlardan biriga eltib berdi!

La ilaha ilalloh... Bunday fidoyilikni har kim ham qilavermaydi. Kishini bunday harakatga keltirish uchun qalbdagi iymon undovi juda kuchli bo‘lishi kerak. Oxiratga intilish juda oshiq bo‘lishi lozim.

Alloh taolo barchamizni oxirat uchun yashaydigan bandalaridan qilsin. Omin.

Sayfulloh NOSIR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qaysi sadaqaning ajri ulug‘?