16:14 / 27.08.2020
1 245

Muslimov zo‘riqib, Ortiqova «bo‘g‘ilgan» sud majlisida 16 nafar mahkuma ozodlikka chiqdi (foto)

Muslimov zo‘riqib, Ortiqova «bo‘g‘ilgan» sud majlisida 16 nafar mahkuma ozodlikka chiqdi (foto)
Foto: Oliy sud matbuot xizmati
Bunday sud majlislarining «o‘rish-u arqog‘i avvaldan tayyorlanib» (M. M. Do‘st iborasi), yaxshigina tadorik ko‘rilgan, biroq, ming rasmiyatchilikka o‘xshamasin, jarayon baribir og‘ir kechadi. Chunki, «ishi» ko‘rilayotganlarning barchasi ayol-da, ayol...

O‘n sakkiz nafar mahkumalarning eng kattasi yetmish birga (!) chiqqan, eng yoshi yigirma beshga to‘lmoqda. Ular orasida qasddan odam o‘ldirgani ham, odam savdosiga aralashgani-yu o‘g‘rilik, talonchlik, hatto bosqinchilik qilgani ham bor. Giyohvand moddalar savosiga arashganlarini-ku, aytmang! Biroq qanday jinoyat sodir etgan bo‘lmasin, qonundan o‘z nasibasini olib, necha yilki panjara ortida o‘tirgani e’tiboridan ko‘ngilning bir chekkasida shafqat uyg‘onaverar-uyg‘onaverar ekan-da...

Mana, Sh. Dilafro‘z: qirqqa kirgan. Uch nafar farzandi bor. Ilgari ham giyovand moddalar savdosiga aralashgani uchun javobgarlikka tortilgandi. 2013 yilda yana shu «biznes»ga qo‘l urdi va 11 yilga «kesilib» ke-yetdi. Yetti yildan buyon «o‘tiribdi». Shafqatga loyiqmi? Barakalla! «Ha!» deyishga til bormaydi, to‘g‘ri. Biroq qamoqda o‘tgan yillari mobaynida bir burdagina bo‘lib qolgani va ayniqsa, sudda «qo‘limga kishan urilganda kenjam 34 kunlik chaqaloq edi, shuning diydoriga to‘yib qolay, kechiringlar!» deya qilgan nolasi kimga ta’sir qilmaydi?!

Yoki qotillikka qo‘l urib, 46 yoshining salkam 14 yilini panjara ortida o‘tkazayotgan M. Zulxumor-chi?! Jazoni o‘tash davrida besh marotaba rag‘batga loyiq ko‘rilibdi. Bu uning xulq-atvori o‘zgarganidan darak. Xulq-atvor o‘zgarishi esa uning tavbasigayam dalolat qiladi. Shunday ekan, sho‘rpeshonani yana bir yil — tayinlangan jazo muddati tugaguncha «olib o‘tirish»dan ne ma’no?! Jazodan maqsad — tarbiya-ku...

A. Ziyoda (44 yosh) ilgari to‘rt marta sudlangan. Besh farzandning onasi bo‘lgan ayol beshinchi marotabasida fohishaxona saqlash, yolg‘on guvohlik berish, hujjatlarni qalbakilashtirish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Muddatning yetti yilidan ko‘prog‘i o‘tdi. Ozodlikka chiqishiga yana ikki yilga yaqin vaqt bor. Qilar ishni qilgandan keyin «o‘tirsin-da», deyish oson va bu... to‘g‘ri ham. Biroq shuncha yilki sarson-sargardon farzandlari-chi?! Shundog‘am tirik yetim bo‘lgan norasida qora ko‘zlar uchun onasini muddatidan sa-al ilgari ozodlikka chiqarish nainki ular uchun, balki jamiyat uchun ham foydaliroq emasmi? Jamiyat tirik yetimlarning ustini but, qornini to‘q qilishi mumkin, illo, ona o‘rnini bosolmaydi. Boshqalar uchun mahkuma ular uchun Ona-da, Ona...

...Uch nafar mahkumaning hasbi holini muxtasar bayon qildik. Qolganlarining qismati ham behroq emas.

Bir-biridan chigal, bir-biridan ayanchli va og‘riqli.
Bir necha yillardan beri qamoqxona tuprog‘ini yalab yurgan bu baxtiqarolar qismatida bitta o‘xshashlik bor: deyarli barchasi «erdan kuygan», vaqtida yaqinlarining yordami va e’tiboriga muhtoj bo‘lgan, baxtga qarshi, ko‘p holatlarda aynan ular sabab boshi berk ko‘chaga kirib qolgan ojizalar...

Ular sodir etgan jinoyatlar zamirida ham shuning alami va shaxsiy hayotidagi u yoki-bu ko‘rinishdagi nohaqliklarga isyon yotganday..

Biroq qonunning tili qattiq: u alam-u g‘araz, isyon-u iddaoni ko‘tarmaydi. Faqat jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib, ayollarga muayyan yengillik berilishi mumkin.

Hamma balo shundaki, mahkumalarning barchasi allaqachon qonundagi yengilliklardan bahramand bo‘lib ulgurgan, bu yog‘iga haqi qolmagan. Shunga qaramay, ularning nazorat tartibidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish jarayonida «delo»lar tit-pitisi chiqarildiki, zora, ozodlikka chiqarish uchun qonundan asos topilsa, topilaqolsa... (Salkam to‘rt soat davom etgan sud majlislariga raislik qilgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimovning to‘g‘ri ma’noda zo‘riqqani, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqovaning «bo‘g‘ilgani» boisi ham shunda bo‘lsa, ehtimol).

Ayni jarayonda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi mahkumlarning kafilligini olgani muhim ahamiyat kasb etgani alohida ta’kidga loyiq. Vazirlik — jamoat tashkiloti emas, balki davlat organi. Bundan mahkumlarni davlatning o‘zi kafillikka olayotgani anglashiladi.

Bu katta muruvvat bo‘lishi barobarida katta tavakkalchilik hamdir.
Shu tariqa bugun «ishi» ko‘rilgan 18 nafar mahkumaning 16 nafariga ozodlik ravo ko‘rildi. Ikki nafarining jazo muddati esa sezilarli qisqartirildi. Bu yog‘iga adashtirmasin...

Manba: Xabar.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)