16:46 / 27.08.2020
2 683

Depoga kirishning «stavkasi» qancha?

Depoga kirishning «stavkasi» qancha?
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «O‘zbekiston» lokomotiv deposi navbatchisi Yu.B. qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Yu. B bir fuqaroni tanishlari orqali deponing Jizzax filialiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1000 AQSH dollari talab qilib, shundan 300 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalil bilan ushlangan. Qanday lavozimga, dersiz? Oddiy haydovchilikka! Haydovchilik «stavka»si shuncha bo‘lsa, kattarog‘i qancha ekan, degan xayolga bordingiz-a?

Qo‘lga tushmagan o‘g‘ri emas. Shu bois xayollarni yig‘ishtirib, xabarning davomiga o‘tamiz.

Aytilishicha, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Yu.B. yana 23 nafar fuqaroni «O‘zbekiston» lokomotiv deposining turli lavozimlariga ishga joylashtirib qo‘yishi evaziga jami 18400 AQSH dollarini qo‘lga kiritgani, shundan 21 nafar fuqaroning 13300 AQSH dollarini qaytarmasdan kelayotganligi aniqlangan.

Ayni raqamlar «O‘zbekiston» lokomotiv deposi lavozimlarining o‘ziga xos «narxi» borligini mantiqan tasdiqlaydi. To‘g‘ri, Yu. B. firibgar ekaniga shubha yo‘q, biroq uning gapiga laqqa ishonib, qo‘liga pul tutqazgan yigirmadan ortiq fuqaroni sidirg‘asiga ahmoq deb bo‘lmaydi-da. Demak... demak... va yana bir marta demak!

Holat bo‘yicha firibgarlik va pora berishga qasd qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Ayni jarayonda masalaga chuqurroq kirilib, «yuqori» doiralarga ham chiqiladimi yoki holatning o‘zi bilan chegaralanadimi - bu endi tergovchining mahorati tan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Depoga kirishning «stavkasi» qancha?