18:33 / 27.08.2020
4 065

Erini o‘ldirib, hojatxonaga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qildi

Erini o‘ldirib, hojatxonaga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qildi
Xalqimizning necha yillik urf-odatlari, an’analari bejiz yuzaga kelmagan ekan. Ularning har birida dunyocha ma’no bo‘lib, ulkan tajriba mahsuli ekan. Oddiy misol, oila barpo etguvchi ikki shaxsning o‘zaro nikohi qayd etilguniga qadar o‘rtada qanchadan-qancha bordi-keldi harakatlari amalga oshiriladi. Bu orada har ikkala taraf bir-birining ijtimoiy tengligidan tashqari, bo‘lg‘usi er-xotinlarning fe’l-atvorigacha o‘rganadilar.

Shu tariqa oila barpo etiladi. To‘g‘ri, hamma nikoh ham omadli bo‘lavermaydi. Biroq, har qanday oilani nikoh mustahkamlab turadi. U ne bir sinovlarga dosh berishni, ne bir qilmishlarga ko‘nishni, ne bir gunohlarni kechirishni o‘rgatadi. Endi aksi bo‘lsa-chi? Ya’ni, hech bir amallarsiz, ikki shaxs bir-birini ko‘r-ko‘rona tanlab, o‘zaro turmush qursa oqibati qanday bo‘ladi?

Andijon viloyatida yashovchi 25 yoshli Nasiba Ahmedova (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) ham fuqaro Ne’matjon Madrahimov bilan tanishib qoldiyu, munosabatlari kundan-kunga iliqlasha boshladi. Samimiy salom-aliklar bir piyola choy ustidagi do‘stona uchrashuvga aylandi. Ayolni kuzatib qo‘yishlar, uchrashuvda kutib olishlar har ikkisida bir-biriga bo‘lgan intilishni oshirdi. Shu tariqa 2019 yilning fevral oyida shar’iy nikoh orqali turmush qurishdi.

Vaqt hamma narsaning asl qiyofasini oshkor etadi. Bir-birlarining ko‘ziga Layli bilan Majnun bo‘lib ko‘ringan bu ikki dilning ham o‘zlariga yarasha qiyofalari bor ekan. Bu ko‘rinish kun o‘tgan sari namoyon bo‘la boshladi. 2019 yilning 3 may kuni Ne’matjonning ham axloqsizlarcha fe’l-atvori o‘z bo‘y-bastini ko‘rsatdi. U ayolidan g‘ayritabiiy holda jinsiy aloqada bo‘lishni talab etdi. Bu esa Nasibaxonning shaxsiyatini poymol qildi. U o‘zini chirkin makonning jirkanch maskaniga tushib qolgandek his etdi.

Ana shu jirkanchlik domida bo‘g‘ilib qolayotgandek bo‘g‘ziga allanima tiqildi. Erining fe’lini bilgani bois, uning talabidan qochib qutulolmasligiga aqli yetdi. Biroq, qachongacha bunday illat ichida yashash mumkin? Axir u baxt saltanatining malikasi bo‘lishni istamaganmidi? Nima endi bir umr fe’li buzuq bir kishining axloqsiz xatti-harakatlari qurboniga aylanadimi? Yo‘q, bunga chora ko‘rish kerak. Bunga yakun yasash darkor.

Ayol ana shu o‘y-xayol bilan reja tuzdi. Ha, ayol kishining xiylasi qirq tuyaga yuk bo‘ladi, deb bejiz aytishmagan ekan. Ne’matjon to‘shakdagi xohishini talab qilib ulgurmasidan Nasibaxon unga qarshi reja ishlab chiqdi. Unga binoan eriga muloyimlik bilan, balki mug‘ombirlik bilan jilmaydi. Xohishini o‘zining xohishiga uyg‘unlashtirmoqchi ekanligini aytdi. Qiziqib qolgan er ixtiyorini butkul ayoliga topshirdi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek yengil ko‘chganidan xursand ayol shu zahoti ikkita etakni olib, Ne’matjoning qo‘l-oyog‘ini bog‘ladi. Harakatdan cheklangan yigitning ustiga o‘tirib olgancha, sintetik ip bilan tomog‘idan bo‘g‘di. Ne’matjonning to joni chiqib ulgurmaguncha bor kuchini yig‘ib, bo‘g‘ishda davom etdi.

Xiylagar ayolning rejasi shu bilan yakun topmadi. Murdadan ertasi kuni qo‘lansa hid kela boshladi. Nasibaxon uni bir yoqlik qilish kerakligini tushundi. Qo‘shnisinikiga kirib, arra olib chiqdi. Yerda yotgan turmush o‘rtog‘ining tanasini ana shu arra bilan bo‘laklarga bo‘lib, bir uyum chiqindiga aylantirdi. So‘ng hojatxonaga tashlab yubordi.

Nasibaxon shu tariqa bir umr jim yurishi, erining jasadi ustidan axlat to‘kishda davom etishi mumkin edi. Kutilmaganda qayinakasi tomonidan ukasining bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risidagi xabar ichki ishlar bo‘limida paydo bo‘ldi. Surishtiruvlar besamar ketmadi. Olib borilgan tergov jarayonida ayol bor qilmishini tan olib, hammasini ro‘yi-rost aytib berdi. Kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudida Nasibaxon Ahmedovaga nisbatan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Umr insonga bir marta beriladi. Uni qay tarzda yashash o‘zimizga bog‘liq. Biroq, unutmasligimiz kerakki, biz yashayotgan umr nafaqat o‘zimizga, balki atrofimizdagilar hayotiga ham ta’sir qiladi. Shunday ekan, bir-birimizga faqat yaxshi amallar bilan ta’sir qilaylik. Hayotimizni chiroyli, mazmunli yashashga intilaylik. Shundoq ham besh kunlik dunyoda yaxshi iz qoldiraylik.

Saminjon HUSANOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Erini o‘ldirib, hojatxonaga tashlab yuborgan ayolga hukm o‘qildi