00:12 / 28.08.2020
2 159

Samarqandda fuqaroni karantin qoidasini buzishda ayblab, uning pullarini qo‘lga kiritgan soxta IIB xodimlari qo‘lga olindi

Samarqandda fuqaroni karantin qoidasini buzishda ayblab, uning pullarini qo‘lga kiritgan soxta IIB xodimlari qo‘lga olindi
Foto: Samarqand viloyat IIB
Samarqand viloyatida o‘zini IIB xodimlari deya tanishtirib, tovlamachilik qilgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, 2020 yil 23 avgust kuni Nurobod tuman IIBga, tumanning «Kechkeldik» mahallasida yashovchi, 20 yoshli fuqaro F. ariza bilan murojaat qilib, o‘zini IIB xodimlari deya tanishtirganlar uning 462 ming so‘m pullarini olib qo‘yganini ma’lum qilgan.

Fuqaro arizasida ta’kidlanishicha, u 2020 yil 19 avgust kuni soat 23:00 da Nurobod tuman hokimligi binosi oldida piyoda ketayotgan vaqtida «VAZ-2106» rusumli avtomashinadan uch kishi tushib kelib, o‘zlarini ichki ishlar bo‘limidan deya tanishtirgan. Ulardan biri fuqaroga qizil rangli guvohnoma ko‘rsatib, ular bilan IIBga borishini talab qilib, uni avtomashinaga mindirgan.

Foto: Samarqand viloyat IIB
«Mendan karantin qoidalarini buzib, tungi vaqtda nima maqsadda ko‘chada yurganligimni so‘rashdi, ma’muriy bayonnoma tuzib, eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida jarima jazosiga tortishlarini aytishdi. Men qo‘yib yuborishlarini iltimos qilganimda, mendan pul talab qilishdi», — degan 20 yoshli fuqaro F.

Fuqaro F. ularga «Mayli qancha pul kerak bo‘lsa, yonimda borini beraman» — deb aytgan vaqtida ulardan biri qo‘l telefoniga uning gaplarini yozib olib, «Sen bizga pora bermoqchimisan? Mana endi shu gaping uchun ham o‘zingni ‘pora berish’ jinoyati bilan jinoiy javobgarlikka tortamiz», deb qo‘rqitib uni avtomashinada Nurobod tumani IIB binosiga yaqin joygacha olib borgan.

IIBga murojaat qilgan fuqaro o‘sha uch nafar shaxs uni javobgarlikka tortmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan yonidagi 462 ming so‘m pullarini olib qo‘yganini yozib, uch nafar noma’lum shaxslarga qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.

Nurobod tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu tovlamachilik jinoyatini tumanning «Sh.Yulduzi» mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan D., 1997 yilda tug‘ilgan T. va Nurobod tumani Amir Temur nomidagi mahallada yashovchi 2002 yilda tug‘ilgan Sh. sodir qilganligi aniqlangan. Ulardan qizil rangli, tashqi qismida gerbli tamg‘asi bo‘lgan guvohnoma, telefon apparati va 240 ming so‘m pul daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib olingan.

Holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyat IIB fuqarolardan shu kabi holatlarga duch kelgan vaqtda zudlik bilan IIVning 1102 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘ragan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda fuqaroni karantin qoidasini buzishda ayblab, uning pullarini qo‘lga kiritgan soxta IIB xodimlari qo‘lga olindi