08:50 / 28.08.2020
2 709

Shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari uchun bozorga keng yo‘l ochiladi

Shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari uchun bozorga keng yo‘l ochiladi
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati
Vakolatli davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari sohasidagi vazifalari va ishtiroki ochib berilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020 yil 26 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida dolzarb masalalar qatorida “Shaxsiy tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, majlisda deputatlar avvalgi qonunlar hamda hozirgi paytda amal qilayotgan qonunchilikdagi ayrim nomuvofiqliklarni o‘rtaga tashladilar. Misol uchun, amaldagi qonunchilikda yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyni obodonlashtirish uchun berilgan yer uchastkalarining tomorqa qismiga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki uni obodonlashtirish amalga oshirilmaganligi uchun huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash ko‘zda tutilgan. Biroq qonunchilikda shaxsiy tomorqa yer uchastkasi tushunchasi, shaxsiy tomorqa xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanish masalalari batafsil yoritib berilmagan.

Prezidentning 2020 yil 1 maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasida mazkur masalalar keng qamrab olingan.

Loyihada shaxsiy tomorqa yer uchastkasi, shaxsiy tomorqa xo‘jaligi, shaxsiy tomorqa xo‘jaligini yuritishda yer uchastkalaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Shu bilan birga, vakolatli davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari sohasidagi vazifalari va ishtiroki ochib berilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari mustahkamlanadi. Xususan, shaxsiy tomorqa xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirishda yetishtirilgan yoki qayta ishlangan mahsulotlarni bozorlarda, savdo shoxobchalarida o‘zlari yoki ularning vakillari tomonidan hech qanday to‘sqinliksiz erkin realizatsiya qilish uchun sharoit yaratiladi, meva-sabzavotchilik klasterlari bilan hamkorlik qilish, shuningdek, meva-sabzavotchilik kooperatsiyalariga a’zo bo‘lishiga ko‘maklashiladi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari uchun bozorga keng yo‘l ochiladi