22:45 / 30.08.2020
1 292

«Boshiga qop kiygizib, vertolyotda olib ketishdi» — so‘xlik blogerning otasi

«Boshiga qop kiygizib, vertolyotda olib ketishdi» — so‘xlik blogerning otasi
Dadaxon Haydarov.
Kadr: YouTube

Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidan bo‘lgan videobloger Dadaxon Haydarov 10 sutkaga qamoqqa olingan. Blogerning otasi Sherali Eraliyev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda o‘g‘li 22 avgustdan buyon qayerda ekanligini bilmasligini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 22 yoshli fuqaro huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan may oxirida So‘x tumanida yuz bergan tartibsizliklar sabab olib ketilgan. Bosh prokuratura avvalroq olti nafar shaxsning hibsga olingani haqida xabar bergan edi. «Gazeta.uz»ning axborot manbasi esa huquq-tartibot organlari tomonidan 80—90 kishi olib ketilganini ma’lum qildi.

Blogerning chiqishi
31 mayda Farg‘ona viloyati So‘x tumani va Qirg‘izistonning Botken viloyati Qadamjoy tumani aholisi birgalikda Chashma suv manbasini tozalayotgan vaqtda ommaviy tartibsizliklar kelib chiqqan edi. O‘zbekiston tomonda kamida 187 kishi jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan; o‘shanda ularning 15 nafari og‘ir ahvolda ekani aytilgan edi.

Abdulla Aripov va Shuhrat G‘aniyev.
Foto: So‘x tumani hokimligi

1 iyun kuni bosh vazir Abdulla Aripov So‘xga tashrif buyurgan edi. Qirg‘iziston delegatsiyasi va mahalliy aholi bilan bo‘lgan uchrashuvda u eksklav koridori, So‘x—Rishton yo‘li ochilishini, Chashma bulog‘ining kelajagi kabi savollarni muhokama qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalliy YouTube-bloger Dadaxon Haydarov (Dengiz TV)ning bosh vazir bilan uchrashuvdagi chiqishi videosi tarqaldi.

«So‘x tumanida faqat men blogerlik faoliyatini olib boraman. YouTube’da auditoriyam bor. Internetda So‘x muammolarini ko‘targanimda hokimiyatdagilar darrov ‘Chiqarma. Boshingga balo orttirasan’, deyishadi. So‘xdan bo‘lishimga qaramay, men birinchi raqamli blogerman, 800 ming obunachim bor. Shuning uchun sizlardan bir iltimos: So‘xdagi muammolarni to‘g‘ri Toshkentga yetkazish uchun biror tashkilot, axborot vositasi tashkil qilinglar. Bizga Farg‘ona viloyati hokimiyati kerak emas. Iltimos, So‘x hokimiyatini to‘liqligicha o‘zgartiringlar», — degan Dadaxon Haydarov o‘z chiqishida.

«Iltimos, kerak bo‘lsa, Farg‘ona viloyati hokimini o‘zgartiringlar… Bu faqat mening taklifim. Umid qilamanki, siz meni to‘g‘ri tushunasiz», — deb qo‘shimcha ham qilgan u. Videoda boshqa fuqarolar ham hokimdan norozi ekanligini bildirayotganini ko‘rish mumkin. Bundan avval viloyat hokimi rahbarligidagi delegatsiyaga qarata toshlar otilayotgani aks etgan videolar tarqalgan, shunday videolarning birida Shuhrat G‘aniyev «bilib-bilmay sho‘xlik qilgan yoshlarga tegilmasligi»ni aytayotganini ko‘rish mumkin.

So‘x tumanidagi ko‘chalardan biri.
Foto: «Gazeta.uz»

Dadaxon Haydarov hukumat rahbariga mobil aloqadan foydalanishdagi muammolarni ham aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, So‘x tumanida yashovchilar qirg‘iz operatorlari xizmatidan foydalanishga majbur bo‘lmoqda.

«So‘x tumanining 85 ming aholisi qirg‘iz mobil operatorining SIM-kartalaridan foydalanadi, chunki bu yerda aloqa yaxshi emas — na 3G, na 4G bor, hech kim internetdan foydalanmaydi. Agar har kuni O‘zbekistonning 80 ming fuqarosi 1000 so‘mdan Qirg‘izistonga yuborib tursa, So‘xdan har kuni Qirg‘izistonga 80 million so‘m chiqib ketadi», — dedi u.

Abdulla Aripov aloqa bilan bog‘liq muammoni o‘zi ham his qilganini aytib, muammo yaqin vaqt ichida bartaraf etilishiga va’da bergan. 3 iyul kuni So‘x tumani hokimligi Prezident va hukumat topshirig‘iga asosan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tumanda aloqa sifatini yaxshilash, Uzmobile transport tarmog‘ining o‘tkazish quvvatini ikki karra oshirish, 10 ta bazaviy stansiyani modernizatsiya qilish va ularni 4G standartiga o‘tkazish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan edi.

«Boshiga qop kiygizishdi va vertolyotda olib ketishdi»
Farg‘ona viloyat prokuraturasi 1 iyun kuni Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 214-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) bo‘yicha jinoiy ish ochgan. Biroq ushbu bo‘yicha gumon qilinuvchilarning qo‘lga olingani avgust oyidagina ma’lum bo‘ldi. Jinoiy ish ochilgan olti nafar shaxs orasida 10 avgust kuni hibsga olingan 23 yoshli Davlatjon Mallayev ham bor. Sud qarorida aytilishicha, u hukumat vakillariga tosh otgan.

Chorshanba kuni «Ozodlik» kamida 12 kishining qo‘lga olingani va ularning orasida bloger Dadaxon Haydarovning ham borligi haqida xabar berdi. Dadaxon Haydarovning otasi Sherali Eraliyev «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda 22 avgust kuni soat 09:00 atrofida huquq-tartibot organlari xodimlari uning o‘g‘lini olib ketganini ma’lum qildi.

Sherali Eraliyev va Aziza Eraliyeva So‘x tumani «Navobod» mahallasidagi uyida.
Foto: «Gazeta.uz»

«O‘g‘lim uxlab yotgandi. Uyimizga uch nafar ichki ishlar xodimi, mahalla vakili, ‘uchastkavoy’ va yana bir fuqaro kiyimidagi kishi keldi. Hammamiz tashqariga chiqdik, men tashrif sababini so‘radim. Ular o‘g‘limning bloger ekanligini va uning faoliyatini tekshirish uchun olib ketishlari kerakligini aytishdi. Tekshiruv ishlaridan keyin uni qo‘yib yuborishga va’da berishdi. Biz ishondik va xavotirga tushmadik. Keyin uni yengil mashinada, adashmasam, Nexia’da olib ketishdi», — dedi u.

Keyinroq mahalla qo‘mitasi xodimi blogerning onasiga qo‘ng‘iroq qilgan va o‘g‘lining ishiga e’tiborli bo‘lishlari kerakligini aytgan.

So‘x tumani IIB binosi.
Foto: «Gazeta.uz»

«1—2 soatdan keyin men militsiya bo‘limi ro‘parasidagi madaniyat uyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishga borish uchun markazga ketdim. Shu payt fuqaro kiyimida yurgan, o‘g‘limni olib ketgan xodimni ko‘rdim. O‘g‘lim qayerda ekanligini so‘radim. U hozir madaniyat uyida yig‘ilish bo‘lib o‘tayotganiligini, o‘g‘lim shundan keyin chiqishini aytdi. Buni eshitib bir oz tinchlandim. 11:00 da yig‘ilish tugadi, lekin hech kim chiqmadi. Militsiya bo‘limida u yerda hech kim yo‘qligini aytishdi. Tanishlarim ham o‘g‘lim militsiyada emasligini aytishdi», — deydi Sherali Eraliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kechga yaqin, soat 17:00—18:00 atrofida, u ayoli bilan yana So‘x tumani ichki ishlar bo‘limiga borgan. IIB boshlig‘i Qosimjon Rahimberdiyev ularning o‘g‘li va boshqa hibsga olinganlar Farg‘onaga olib ketilganini aytgan.

«Biz nima bo‘lganini tushunmadik. Ertalabgacha kutdik. Ertalab Dadaxonning o‘zi telefon qildi. U Farg‘onada, xolasinikida ekan. Dadaxon uni militsiyaga olib borishgani, keyin boshiga qop kiygizib, vertolyotda olib ketishganini aytdi. 5—10 minutdan so‘ng ko‘zini ochsa, Farg‘onada ekan. U yerda uni kechgacha so‘roq qilishgan va ertaga tekshiruv uchun yana 10:00 kelishini aytib, qo‘yib yuborishgan. Dadaxon u yerga ertalab borgan va, menimcha, shundan so‘ng uni hibsga olishgan. Biz uni shundan beri ko‘rganimiz yo‘q, hech qanday xabar yo‘q», — dedi blogerning otasi.

Sherali Eraliyev ayoli bilan Farg‘onaga borgan, davlat advokati Shoira Abdurazzoqova bilan ko‘rishgan va advokatlik xizmatlarini ko‘rsatish uchun u bilan shartnoma tuzgan (2 million so‘mga).

«U bu ishning ba’zi jihatlarini so‘zlab berdi va Dadaxon qaysi moddalar bo‘yicha ayblanayotganini aytdi — Jinoyat kodeksining 219 (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 244-moddalari (ommaviy tartibsizliklar). 22 soat o‘tib, uning 10 sutkaga hibsga olingani haqida aytdi. Shundan beri Dadaxon va uning qayerda saqlanayotganligi haqida xabar berishmayapti», — deydi ota.

Dadaxon Haydarovning ota-onasi advokatning ma’lumotlariga tayanib, viloyatning Oltiariq va Quva tumanlariga borgan, lekin IIB xodimlari blogerning u yerda saqlanmayotganini aytgan. «Keyin bizga uning Farg‘ona viloyati IIBlaridan biridagi izolyatorda saqlanayotganligi va aniq qayerda ekanligini bilmasliklarini aytishdi», — dedi u.

Dadaxon Haydarov.
Foto: «Gazeta.uz»

Sherali Eraliyev uning o‘g‘lini bosh vazir oldida chiqish qilganligi uchun hibsga olishgan deb taxmin qilmoqda. «Qo‘shnilar o‘sha kuni undan bloger sifatida chiqishini va barcha muammolar haqida so‘zlab berishini iltimos qilgan edi. Bola yoshlik qilib, chiqib gapirib qo‘ygan», — deydi yigitning otasi.

Sherali Eraliyev — rasman ishsiz, lekin qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib boradi, uning ayoli — shifokor. Otaning so‘zlariga ko‘ra, Dadaxon Haydarov ham rasman ishsiz, lekin oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirishni rejalashtirayotgan edi, biroq koronavirus pandemiyasi sabab bu niyati amalga oshmay qoldi.

«Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, So‘x tumani huquq-tartibot organlariga 80—90 kishi olib ketilgan. So‘x tumanida yashovchi fuqarolardan biri ismini oshkor etmaslik sharti bilan ma’lum qilishicha, «Sarikanda» mahallasida yashovchi Maxsum Ahmedov (1973 yilda tug‘ilgan, uni mashinada ketayotgan vaqtida to‘xtatishgan), Qal’a ko‘chasida yashovchi Dilmurod Mahbubov (1992 yilda tug‘ilgan), «Chumoqcha» mahallasida istiqomat qiluvchi Oybek Otashov (2000 yilda tug‘ilgan) ham IIBga olib ketilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil noyabrida Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi Abdulloh Tohirov 26 oktabr kuni viloyat IIBga chaqirilganidan so‘ng yo‘qolib qolgan, oradan 14 kun o‘tibgina aloqaga chiqqan edi. Shuncha vaqt davomida Abdulloh Tohirov qayerda, qanday sabab bilan saqlangani yuzasidan hozirgacha biror rasmiy izoh berilmagan. O‘shanda IIV bu ish bilan «boshqa idora shug‘ullanayotgani» sabab vaziyat yuzasidan izoh bermagan, Bosh prokuratura esa bu borada ma’lumotga ega emasligini bildirgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)