08:39 / 31.08.2020
1 731

O‘zbekistonda maktablarga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi safarbar qilindi

O‘zbekistonda maktablarga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi safarbar qilindi
Foto: Zarnews
Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligida o‘tkazilgan maktablarda yangi o‘quv yilini tashkil etishda sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda maktablarga 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi safarbar etilishi haqida ma’lum qilindi, deb yozmoqda SSV axborot xizmati.

Videoselektorda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilarining barcha jarayonlarda ta’lim maktablarida tibbiy xavfsizlikni ta’minlash borasida ko‘mak va tavsiyalarini berib borishi ta’kidlangan.

«Pandemiya sharoitida yangi o‘quv yilini boshlash jiddiy tayyorgarlikni talab qiladi. O‘zbekistondagi 9942 ta maktabda faoliyat ko‘rsatadigan 480 ming nafardan ziyod o‘qituvchi va u yerda tahsil olayotgan 6,2 million nafardan ziyod o‘quvchining sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasiga ham qator mas’uliyat va vazifalar yuklaydi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov shu talabdan kelib chiqib, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari hududidagi ta’lim muassasalariga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi biriktirilganini qayd etdi», — deyiladi SSV xabarida.

Xabarda aytilishicha, tibbiyot xodimlari maktablarda filtrlarni tashkil etishda ishtirok etadi, ushbu jarayonda tana harorati ko‘tarilgan va bemor deb topilgan o‘quvchilar haqidagi ma’lumotni hududdagi tegishli muassasa rahbarlariga yetkazadi. Shuningdek, karantinga olingan xonadon egalariga bemor yoki ular bilan muloqotda bo‘lgan bolalarni faqat oila shifokorining ruxsati bilan maktabga yuborish kerakligini tushuntiradi, bemor aniqlangan xonadonda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibini nazorat qiladi.

Shuningdek, ta’lim muassasasiga biriktirilgan tibbiyot xodimlari maktab jamoasi va o‘quvchilar orasida koronavirus profilaktikasi bilan shug‘ullanish, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish, amalga oshirilgan ishlar va bemor bolalarning holati bo‘yicha mahalliy hokimliklar, xalq ta’limi muassasalari kabi qator tashkilotlarga tegishli ma’lumotlarni taqdim qilish ishlari bilan ham shug‘ullanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda maktablarga qariyb 10 ming nafar tibbiyot xodimi safarbar qilindi