16:43 / 31.08.2020
3 829

Oliy sud sudyasi lavozimiga noloyiq deb topildi

Oliy sud sudyasi lavozimiga noloyiq deb topildi
Foto: Xabar.uz
O‘tgan hafta Sudyalar oliy kengashida rosa «ish qaynadi». Kengashning kunlik ishlari yetarli, biroq hammasi yig‘ilib, bo‘sh sudyalik o‘rinlari uchun o‘tkaziladigan tanlovlarga taqaldiki, shu kun(lar)i «ish rejimi»ga rioya qilmoqning iloji yo‘q edi.
Ketgan haftaning ikki kunida kengash a’zolari zo‘riqibroq ishlangani sababi shunda.

Sudyalar oliy kengashidagi yumushlar ilgargiga qaraganda ko‘payganining yana bir sababi bor. Yaqin-yaqingacha vakolat muddati tugagan sudya to navbatdagi muddatga tayinlanishini kutib hatto yil o‘tkazardi. Chunki, uning keyingi taqdiriga qancha muddatda oydinlik kiritilishi birorta huquqiy hujjatda aniq-tiniq ko‘rsatilmagandi-da. Bunday bo‘shliq vakolat muddati yakuniga yetgan sudyaning mehnatga oid huquqlariga soya solishi barobarida, korrupsion holatlarga yo‘l ochardi ham! Negaki, yarim yil-bir yillab bekor qolgan sudya tezroq ishga tushishi uchun «kanal» qidirishga tushadi. Hammasiyam murodiga yetmasligi mumkin, biroq uddalagani chiqadi baribir. Zero, sudyalik – hazilakam lavozim emas, bu maqomga yetganlar bor, yetmaganlar bor...

Nihoyat, «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish bilan mazkur bo‘shliq to‘ldirildi. Endi vakolat muddati tugagan sudyaning yana shu lavozimga munosib yo nomunosibligi uch oyda ichida ko‘rib chiqilib, uzil-kesil xulosa qilinishi kerak. Bu vaqt mobaynida unga olgan maoshi barobarida tovon to‘lab boriladi...

Xullas, qayd etilgan qonunga qo‘shimcha (26-1-modda) kiritilishi kengash ishini chandon ko‘paytirgani rost. Nega desangiz, hafta yo‘qki, yo vakolat muddati tugab, yoki boshqa ishga o‘tib yoinki boshqa sabablar bilan ishdan ketishi natijasida bir emas, bir necha sudyalik o‘rni bo‘shamasa... Bu yoqda shundog‘am 165 ta sudyalik o‘rni bo‘sh turibdi. Ammo bo‘sh o‘rinlarni munosib kadrlar bilan to‘ldirish oson bo‘layotgani yo‘q: sudyalar tayinloviga bog‘liq avvalgi xabarda 38 ta bo‘sh sudyalik o‘rniga da’vogar 66 nafar nomzodning faqat 23 (!) nafarining omadi chopgani biroz hayrat va og‘riq bilan ta’kid etilgandi. Tanlov jarayonida nomzodlarning «tutday to‘kilishi»ni Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov qisqa va lo‘nda ifodalagani bejiz emas: «Biz xato qilsak, qay bir ma’noda adolatga putur yetadi. Qachonki tayinlashda adolat bo‘lsa, sudda adolat bo‘ladi!».

O‘tgan hafta 38 ta sudyalik bo‘sh o‘rinlari uchun tanlovdan bir kun o‘tib, vakolat muddati tugagan 9 nafar sudyani yangi muddatga tayinlash masalasida Sudyalar oliy kengashi va Sudyalar oliy malaka hay’atining qo‘shma majlisiyam o‘tkazildi.

Mazkur qo‘shma majlis eshigi ham ommaviy axborot vositalari xodimlariga ochib qo‘yildi.

Bir kun avvalgi tanlovda birinchi marta sudyalikka tayinlanadiganlar muqobillik asosida saralab olingan bo‘lsa, keyingisi undam jiddiy tarzda kechdi. Buning bosiki, vakolati yakuniga yetganlar tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, yana 10 yil sudyalik naqd (to‘g‘ri ishlasa, albatta). Baski, talab ham shunga yarasha bo‘ldi.

Voqealikdan ozroq ilgarilab aytsak, 9 nafar nomzodning bittasi tanlov arafasida «oq bayroq»ni ko‘tardi: «tayyor emasman, ijozat bo‘lsa, keyingisida qatnashsam...». Ijozat berildi.

Qolgan 8 nafarining teng yarmigina (4 nafari) keyingi muddatga o‘tganiga nima deysiz? «Yiqilgan»larning ikkitasi zaxiraga olingan bo‘lsa, yana ikkitasi sudyalik lavozimiga noloyiq deb topilganiga-chi? Nomzodlarning hammasi vakolat muddati tugab, yarim yil-bir yildan beri «bekor yotganlar» emas. Aksincha, «bo‘shab qolgani»ga hali oy to‘lmagan (uch oy qayoqda?!) sudyalar hisoblanadi. Bunday qisqa vaqtda qonunchilikda jiddiy o‘zgarishlar yuz bermasligi shundoq ayon. Shunga qaramay besh yildan (sudyalikning ilk muddati) buyon insonlar taqdiriga oid hukm-u qarorlar qabul qilib, «qonunlarning ichida yashab kelgan» sakkiz nafar nomzodning teng yarmi tanlovda «qoqilishi» ne, ularning ikki nafari sudyalikka noloyiq deb topilganini ayting...

E’tiborli holatki, noloyiq deb topilganlarning biri besh yil Oliy sudda (!) sudya sifatida ishlagan bo‘lsa (bundan avval tuman va viloyatda sudyalik qilgani tayin), yana biri tumanlararo iqtisodiy sudga raislik qilgan?! Besh yil oliy mahkama tuprog‘ini yalagan sudya o‘z ixtisoslashuvi bo‘yicha bir qadar oson savollarga javob berolmay tizim bilan xayrlashgan bo‘lsa, ilk muddati davomida chiqargan 103 ta (!) qarori bekor qilingani ortidan tumanlararo iqtisodiy sudi raisining ham «javobi berildi».

Yaqin bir oyda Sudyalar oliy kengashi taynlovlar bo‘yicha navbatdagi tanlov o‘tkazadi. Kengashning ommaviy axborot vositalari (OAV) bilan aloqalar sho‘’basiga ko‘ra, bundan yog‘iga tanlovlar ochiq va shaffof o‘tkazilishi e’tiboridan unda OAV xodimlari ishtirokiga cheklov bo‘lmaydi.

Yo, nasib!..

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oliy sud sudyasi lavozimiga noloyiq deb topildi