22:46 / 01.09.2020
2 814

O‘zbekistonlik harbiylar Xalqaro armiya o‘yinlarining uchta yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi (foto)

O‘zbekistonlik harbiylar Xalqaro armiya o‘yinlarining uchta yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi (foto)
31 avgust kuni «Forish» tog‘ poligonida “ArMI-2020” VI Xalqaro armiya o‘yinlari «Harbiy-tibbiy estafeta» tanlovining so‘nggi sharti bajarildi.

Harbiy-tibbiy ko‘pkurash musobaqasi shartiga ko‘ra, ishtirokchilar to‘siqlardan o‘tish, yaradorlarni jangovar texnikadan xavfsiz hududga olib chiqish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yaradorlarni suvli to‘siqdan olib o‘tish va evakuatsiya qilinadigan texnikaga joylashish kabi mashqlarni bajarishdi.

Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, erkaklar bahslarida O‘zbekiston jamoasi 2572 ball bilan «Jamoaviy birinchilik» bosqichida tengsiz deb topildi. Asosiy raqobatchilar – rossiyaliklar 1513 ball to‘plab, finishda ikkinchi bo‘ldi. Uchinchi o‘rinni Belarus jamoasi egalladi – 814 ball.

Ayollar orasida ham o‘zbekistonliklar 1642 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi. Rossiya jamoasida 1452 ball. Belarusliklar 554 ball bilan kuchli uchlikni yakunlashdi.

Navbatdagi shartni ham o‘z foydasiga hal qilgan o‘zbekistonlik harbiy tibbiyotchilar 2019 yilda «Forish» tog‘ poligoni ilk bor mezbonlik qilgan «Harbiy-tibbiy estafeta»ning «Jamoaviy birinchilik» bosqichida o‘rnatilgan 07’35,9’’ (erkaklar) va 11’35,6’’ (ayollar) vaqt rekordlarini mos ravishda yangiladilar: 6’28,8’’ va 10’09,2’’.

Shu bilan «Harbiy-tibbiy estafeta» xalqaro musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. Barcha shartlar bo‘yicha to‘plangan umumiy natijaga ko‘ra, 12 857 ball bilan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Rossiyaliklarda 10110 ball va ikkinchi o‘rin.
Belarus jamoasi esa 6585 ball bilan sovrinli o‘rinni egalladi.
Keyingi o‘rinlar quyidagicha taqsimlandi – Tojikiston, Vetnam va Falastin.

Shuningdek, Qo‘qon mezbonlik qilgan «Yo‘l patruli» bahsida ham O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mudofaa vazirligi harbiylari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va bu natija O‘zbekiston jamoasining musobaqa tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichi hisoblanadi.

Bir necha kun davom etgan bellashuvlarda Mudofaa vazirligi harbiy avtomobil nazorati xodimlari jamoasi birinchi, Rossiya — ikkinchi, Belarus esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonlik harbiylar Xalqaro armiya o‘yinlarining uchta yo‘nalishida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi (foto)