15:39 / 02.09.2020
3 157

Tug‘ilajak bolani jinsini oldindan rejalashtirish o‘zini oqlayaptimi?

Tug‘ilajak bolani jinsini oldindan rejalashtirish o‘zini oqlayaptimi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori Zufarova Shaxnoza Alimjanovna bilan suhbatni e’lon qildi.

Bo‘lajak ota-onalarning ba’zilari oilasida o‘g‘il dunyoga kelishini istasa, boshqasi qiz tug‘ilishini intiqlik bilan kutadi.

– Hozirda ayollarda qanday kasalliklar ko‘proq uchramoqda, buning sabablari nimada?
– Hozirda ayollar orasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni kasalliklari, kichik chanoq yallig‘lanish kasalliklari, kamqonlik, bo‘qoq bezi, buyrak va peshob yo‘llari xastaliklari ko‘p uchramoqda.

Sababi, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik, tibbiy ko‘rikdan muntazam va vaqtida o‘tmaslik, ratsional ovqatlanmaslik (vitaminlarga va mikroelementlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilmaslik), shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, bolalik va o‘smirlik davrida o‘tkazgan kasalliklarga e’tibor bermaslikdir.

– Ayollar doim salomat bo‘lishlari uchun qancha vaqt oralig‘ida ginekolog qabulida bo‘lib turishi lozim?
– Har 6 oyda bir marta, albatta, ginekolog qabulida bo‘lish shart! Bu o‘z navbatida, ayollar o‘rtasida ko‘p uchraydigan ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni kabi kasalliklarni ham o‘z vaqtida oldini olish va davolashda yordam beradi.

– Xalqimiz bolajon, ba’zi oilalar esa o‘g‘il yoki qiz tug‘ilmaguncha ketma-ket farzand ko‘rishga ham tayyor. Bu vaziyatni qanday izohlaysiz, bu ayol salomatligi uchun qanchalik zararli?
– Sog‘lom bola dunyoga kelishi uchun, albatta, ona ham sog‘lom bo‘lishi shart. Shuning uchun biz, shifokorlar tug‘ruqlar oralig‘iga e’tibor berilishi haqida qayg‘uramiz. Chunki hali avvalgi tug‘ruqdan keyin o‘zini tiklashga ulgurmagan bachadonda tug‘ilajak bolaning sog‘lom rivojlanishi uchun sharoit yetarli bo‘lmaydi. Bu esa homilaning o‘z-o‘zidan tushishi, vaqtidan oldingi tug‘ruqqa olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, og‘ir toksikozlar, kamqonlik, surunkali kasalliklarning avj olishi kabi noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Homiladorlik va tug‘ruq vaqtida qon ketish, sepsis, eklampsiya kabi holatlar rivojlanishi natijasida homilador ayolni nogironlikka, hatto, nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

– Umuman zamonaviy tibbiyotda tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish tajribasi qay tarzda rivojlanmoqda va bu qanchalik o‘zini oqlamoqda?
– Farzand jinsini rejalashtirish mavzusi doim qiziqishlarga sabab bo‘lib kelgan. Bo‘lajak ota-onalarning ba’zilari oilasida o‘g‘il dunyoga kelishini istasa, boshqasi qiz tug‘ilishini intiqlik bilan kutadi.

Tibbiyot nuqtai nazaridan farzandning jinsi erkak kishiga, aniqrog‘i, tuxum hujayrani aynan qanday spermatozoid urug‘lantirishiga bog‘liq. Ayol tuxum hujayrasida jins uchun javob beruvchi xromosoma doim bitta — X xromosoma bo‘ladi. Erkak spermatozoidi esa X yoki Y xromosomaga ega bo‘lishi mumkin. Agar tuxum hujayra X xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, qiz, Y xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, o‘g‘il dunyoga keladi. Demak, bolaning jinsi yuz foiz homilador bo‘lish vaqtidagi vaziyat zayliga bog‘liq, deyish mumkin.

Xalq orasida rejalashtirishning bir necha usullari mavjud: parhez usuli, qon yangilanishi usuli, taqvim usullari mavjud. Lekin, zamonaviy tibbiyot va ilmiy jihatdan isbotlanmagan va dalillar yetarli darajada emas. Shunday ekan, farzand o‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz, u Alloh tomonidan in’om etilgan ne’matlarning eng ulug‘laridan biri. O‘g‘ilmi, qizmi hech bir bandani tirnoqqa zor qilmasin. Bolajon xalqimiz har bir yangi mehmonni shukronalik bilan qabul qiladi. Eng asosiysi, sog‘-salomat farzandlar dunyoga kelishsin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tug‘ilajak bolani jinsini oldindan rejalashtirish o‘zini oqlayaptimi?