22:16 / 05.09.2020
3 612

O‘gay opaning qasdi


O‘gay opaning qasdi
2020 yil yanvar oyida Asilbek (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ismli to‘rt yoshli bolaning o‘z uyida o‘ldirilgan murdasi topildi. Shu kunning o‘zida qotil ham aniqlandi. Xo‘sh, bu vahshiy kim, bolada nima qasdi bo‘lgan?

Jinoyat
Huquq-tartibot idoralari tomonidan voqea joyida olib borilgan o‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, o‘sha kuni bolaning otasi Mansur Elmuratov ishga, onasi Rayhon Umarova do‘konga ketgan. Asilbek esa onasining birinchi nikohidan bo‘lgan o‘gay opasi Shirinoy Lepesova bilan uyda qolgan. Qo‘shnilarning guvohlik berishicha, shu kuni Elmuratovlarning xonadonida begonalar bo‘lmagan va hech qanday shovqin yoki janjal ovozi eshitilmagan.

Savol tug‘iladi, unda bolani kim o‘ldirgan? Nahotki, yaqin atrofdagilarning hech biri hech narsa sezmagan bo‘lsa?..

Taqdir
Rayhon Umarova birinchi turmush o‘rtog‘i bilan o‘n yilcha birga yashadi. Ammo oilada yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ajrashdi. Ikki farzand sud ajrimiga binoan ona tarbiyasida qoldi.

Rayhon ishsiz edi. Shu bois ajrashganidan keyin bir yil o‘tib farzandlarining kattasi Shirinoyni mehribonlik uyiga, kichigi Amirni esa go‘daklar uyiga topshirib, o‘zi ishlashga qaror qildi. U farzandlaridan butunlay kechmadi, vaqt topib ulardan xabar olib turdi.

Shu zayl yillar o‘tdi. Bu orada Rayhon Mansur Elmuratov ismli yigit bilan tanishib, unga turmushga chiqdi. Bir yildan so‘ng o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Er-xotin maslahatlashib, unga Asilbek deb ism qo‘yishdi.

Ayrim kelishmovchiliklarni hisobga olmaganda, oiladagi umumiy muhitdan Mansurning ham, Rayhonning ham ko‘ngli to‘q edi. Shundan bo‘lsa kerak, keyinchalik bu uyga Shirinoy ham kelib turadigan bo‘ldi. Shirinoy har kelganida onasiga uy ishlarida yordam berardi, Asilbekni o‘ynatardi, xullas, uning ora-orada kelib turishi oila a’zolarining hech biriga ortiqcha tashvish tug‘dirmasdi.

Janjal
Yillar o‘tdi. Bu orada Shirinoy mehribonlik uyida maktabni tamomlab o‘gay otasining uyiga qaytdi va keyingi o‘qishini yaqin atrofdagi ta’lim muassasalarining birida davom ettirdi.

Shirinoy endi biroz ulg‘aygan, oq-qoraning farqini tushuna boshlagan, shu bilan birga, fe’lida ham o‘zgarishlar paydo bo‘lgandi. Shuning uchun keyingi paytlarda onasidan ko‘proq tanbeh eshitadigan bo‘lib qoldi. Lekin onaning bu urinishlari befoyda ketdi. Chunki Shirinoy onasining gapiga kirmas, hech bir sababsiz o‘qishiga bormas, gohida onasining Asilbekni erkalaganiga jahl qilib uydan ketib ham qolardi. Uning shu kabi nojo‘ya harakatlari ota-onasining janjallariga sabab bo‘lardi.

Gumon
O‘sha kuni ertalab ota odatdagidek ishga ketdi. Ona esa Shirinoy va Asilbek bilan uyda qoldi. Ota uydan chiqishi bilan Rayhon qiziga kecha maktabdan o‘qituvchilari kelib, uning ustidan yana shikoyat qilganini, shuningdek, bir necha kun avval qo‘shnilar uni ko‘chada mast holda ko‘rganini aytib urushdi. Ammo Shirinoy onasining gaplariga parvo ham qilmadi. Tabiiyki, bundan Rayhonning battar jahli chiqib, ona-bola o‘rtasida janjal yuzaga keldi. Odatiy janjallar va qizining fe’lida yuz berayotgan o‘zgarishlardan charchagan Rayhon Shirinoyga urushib, xonadan chiqib ketdi.

Shirinoy onasi uydan chiqishi bilan arazlab xonasiga kirib yotib oldi. Shu yotishida o‘gay otasi va onasining o‘ziga munosabati haqida, o‘zi bilan bog‘liq keyingi voqealar haqida o‘yladi. «Nahotki bu uyda ortiqchalik qilayotgan bo‘lsam» deb iztirob chekdi.

Vahshiylik
Aynan shu fikr unga tinchlik bermadi. U o‘zini o‘gay ota xonadonida keraksiz buyumdek hisoblab, onasini ukasi Asilbekdan qizg‘andi. Shu payt xonaga Asilbek kirib opasiga odatdagiday erkalik qila boshladi. Shirinoy uning ko‘kragidan itarib, o‘zidan uzoqlashtirishga harakat qilar ekan, Asilbek unga yomon so‘z aytdi. Bu Shirinoy uchun katta haqoratday tuyuldi va eng dahshatli voqea shundan keyin boshlandi.

Shirinoy shahd bilan o‘rnidan turdi-da, Asilbekni duch kelgan joyiga urib-tepa boshladi. Keyin ko‘tarib karovat ustiga tashladi va qo‘llari bilan, so‘ng ro‘moli bilan bo‘g‘di. Shusiz ham nafas olishga qiynalayotgan bolaning yuziga yostiq bosib, o‘lishini kutdi…

Jazo
Tabiiyki, bu mudhish voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan surishtiruv boshlandi. Voqea joyini ko‘zdan kechirish jarayonidayoq o‘zini g‘alati tutgan Shirinoy berilgan savollardan so‘ng jinoyati haqida gapirib berishga majbur bo‘ldi. Shu bois Sh.Umarovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishini har tomonlama o‘rganib chiqqan sud aybdorni 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Timurbek BЕKMURATOV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim prokurori

Paraxat HABIBULLAYEV

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘gay opaning qasdi