23:37 / 05.09.2020
3 617

Soddalik ham evi bilan

Soddalik ham evi bilan
Yetti o‘lchab bir kesadigan, qonun-qoidaga rioya qilgan kishi firibgarga aldanib qolmaydi. Ammo…

– Aldarko‘salar ko‘payib ketdi, – deya gapga qo‘shildi Jonibek. – Men ham kuyganman, qatiqniyam puflab ichadigan bo‘lib qolganman. Xotinim bozordagi «Matbuot» do‘konida ishlardi. «Xajalxon opani besh-olti yildan beri taniyman. Yonimda savdo qiladi. Bozor yonidagi domda turadi. Qizini unashtirganida xonadonida bo‘lganman. Kuyovi andijonlik. Diler, mashina sotadi. Asakaning zavodidan olib chiqarkan. Pulning yarmini berib, qolganini uch yil bo‘lib-bo‘lib to‘larkanmiz. «Tiko»ni soting, yangi «Matiz» olamiz» deb quloq-miyamni yedi.

– Qaydanam senga aytdim-a mashinani sotaman deb. Sotamanu yangisini bank kreditiga olaman. Kreditga berayapti, – deya qo‘l siltadim.

– Maqsudaxonning xo‘jayini kredit olmoqchi bo‘lib bankka sakson besh foiz pulini topshirib qo‘ygan ekan. O‘n oyda navbati yetganda «narxi oshdi, qo‘shimcha to‘lov qilasiz» deyishibdi. O‘sha pulini savdoda aylantirganda bir yarim-ikki barobar ko‘paytirib olardi. Pulni berib qo‘yib bir yilda, narxi oshganda olamizmi? Xajalxonning kuyovi mashinani bir haftada keltirib berarkan.

Oxiri ko‘ndirdi. «Tiko»ni bozorda sotdim. Pulni Xajalxon ayaning kuyoviga ikki qo‘llab topshirib qo‘ydim… «Kelasi yakshanba mashinani minib kelib kalitini qo‘lingizga beraman» degan «diler» bu yakshanba ham, undan keyingi yakshanbalarda ham qorasini ko‘rsatmadi. Qo‘ng‘iroq qildim. Haydarali Andijon shahriga kiraverishdagi oshxonada kutib oladigan bo‘ldi. Ko‘rishganda u yengimdan kirib bu yengimdan chiqdi. «Ikki kundan keyin mashinani minib boraman» deb chippa-chin ishontirdi. Oradan ikki kun o‘tgach o‘zi qo‘ng‘iroq qilmadi, qo‘ng‘iroq qilsam «zavod to‘xtab turibdi, kelasi oyda ishga tushadi» deya yana aravani quruq olib qochdi. Bir-ikki oy o‘tdi. Haydarali qo‘ng‘iroqlarimga javob bermay qo‘ydi.

Firibgarning to‘riga tushganimni anglab, «sen qilding» deya xotinni bo‘g‘dim. Ruxsora «mashina kerakmas, ayt kuyovingga, pulni qaytarsin» deb qisti-bastiga olganda Xajalxon «men hech nimani bilmayman, pul oldi-berdisida bo‘lmaganman» deya to‘nini teskari kiydi. Asakaning zavodiga borib uchradim. Zavod to‘xtamagan ekan. Haydarali degan dilerni hech kim tanimas ekan. Xajalxondan uning uyini so‘rab topib bordim. Andijon shahrining chetidagi mahallada turarkan. Uyda yo‘q, uch-to‘rt kundan beri kelmabdi, keksa ota-onasi, xotini Farg‘onada beva ayolga uylanganini, zavoddan mashina olib sotishini bilishmas ekan.

Farg‘ona shahar IIBga uchradim. Ariza yozib berdim. Ikki kundan keyin IIB xodimi qo‘ng‘iroq qildi. Uni Andijon shahridagi firibgarning uyiga boshlab bordim. Biroq Haydarali bu gal ham tutqich bermadi. O‘rtada turgan Xajalxonni IIBga chaqirishganida «chet elga ketib yuboribdi» dedi. Xajalxon Ruxsoraga «o‘sha pullaringni o‘zim qaytaray» deya yolvoribdi. Ko‘nmay ilojim qancha? Bo‘lib-bo‘lib qaytarilgan pulning barakasi uchdi. Boqqa piyoda qatnab qiynaldim. Kuzda meva puliga eski «Moskvich» oldim. Kelasi yili hosil barakali bo‘ldi. Mashina bozorida ikki yil minilgan, yaxshi saqlangan «Matiz» mashinasini oldim. Soxta diler men kabi qancha odamni chuv tushirdi – xudo biladi.

Ayb o‘zimda, o‘shanda dilerlik hujjatingni ko‘rsat, idorangga olib bor deb tag-tugini surishtirganimda firibgarning o‘zi yo‘q bo‘lardi, aldanib qolmasdim. Bo‘larkanu, mana hozir bankka avvaldan to‘lov qilib mashina chiqishini oylab kutishlar bekor bo‘ldi. To‘lov qilgan zahoti mashinani rasmiylashtirib berishadi. Gazetalarda e’lon berishayapti. Kreditga mashinani narxi, ustamasi, bari necha pul bo‘lishini hisob-kitob qilib, ma’qul kelsa, hamyon ko‘tarsa olaverasiz.

– Meni quruvchiman degan olg‘ir aldab ketdi, – deya suhbatga qo‘shildi Hosilbek. – Uyning tomini yopish kerak edi. Birga borib bozordan kerakli narsalarni oldik. Ertasi kuni uchta shogirdi bilan ishga kirishdi. Xizmatchilik, ishning tepasida tura olmadim. Arafa kuni shifer qoqishga tayyor bo‘lganida usta «hayitni o‘tkazib kelamiz» dedi. Xomlik qilib qo‘liga so‘ragan pulini, ish haqining to‘rtdan uch qismini berib qo‘yibman. Hayit o‘tdi, kelmadi. Na manzili, na telefon raqami bor. Boshqa, o‘zimizning mahalladan, qo‘li bo‘shagan ustani gaplashdim. Tomga chiqib, boshini chayqadi.

– To‘sinlar nimjon, tom silkinayapti, stropila mustahkam emas, qattiq shamolda qulab tushadi, – dedi. – Qaytadan qilmasak bo‘lmaydi. Keyin ko‘z-ko‘zga tushadi, ishimga javob berishim bor.

Xullas, buzib, yangidan qildi. Tom ikki barobar qimmatga tushdi. Tanimagan-bilmagan bilan ish qilib bo‘lmas ekan.

– Pulga iymonini sotgan tanish, hatto qarindosh ham firib berayapti-yu, – dedi Jonibek. – Qo‘shni qishloqda uch-to‘rt yil burun chet elda ishlab qaytgan ayol qarindoshlariga maqtangan. Qozog‘is­tonda quruvchilarni ishga joylashtiradigan xotin bilan tanishganini aytgan. Besh-oltita qarindosh yigitlarni chegaradan olib o‘tib o‘sha ayol bilan gaplashib ish topib berishiga ishontirgan. Yo‘lkiraga pullarini yig‘ib Toshkent viloyatidagi chegara postidan Qozog‘istonga o‘tkazgan. Jambul shahriga olib borib, o‘zi aytgan ayolga ro‘baro‘ qilib, ortiga qaytgan. Yigitlar bir odamning uyini poydevoridan boshlab qurishga kirishishgan.

Bir oy ishlab, ish haqini berishni, uyga pul jo‘natishlarini aytishgan. Uy egasi «seni olib kelganga pul berib qo‘yganman, o‘sha pulimni ishlab berasanlar» deya uyi bitganida ham sariq chaqa bermagan. Ish topib bergan ayolga uchraganlarida, «sizlarni chegaradan olib o‘tgan xotin bilan hisob-kitob qilganman» deya faqat yo‘lkiraga yarasha pul bergan. Uyga qaytgach, yigitlar departamentga murojaat etishgan. Sud bo‘lib, firibgar ayoldan har biriga bir-bir yarim ming dollardan ish haqi undirib berildi. Ham firibgarlik, ham odam savdosi jinoyatiga qo‘l urgan qarindosh ayol qamaldi.

Darvoqe, firibgarlar muayyan sohaga ixtisoslashgan. Nafaqat soddadil, huquqiy saviyasi sayoz, qonun hujjatlarining mohiyati, jamiyatdagi o‘zgarishlar, barcha idoralarning oshkora faoliyat yuritishga o‘tganidan yetarlicha xabardor bo‘lmaganlar, balki xabardor bo‘lsa-da, o‘z bilganidan qolmagan, ko‘pni ko‘rgan odamlar ham pul evaziga bolasini bog‘chaga, maktabga, universitetga o‘qishga, diplomi bo‘yicha ishga joylab qo‘yishga, kommunal qarzlarini yo‘qqa chiqarishga, imtiyozli shartlarda uy olib berishga, huquqbuzar o‘g‘ilni ochiqda qoldirishga oid qaror yoki hukm chiqartirishga kamarbasta ustasi faranglar tashlagan qarmoqqa ilinib qolishayapti.

Sudlanib turib ham takroran firibgarlik jinoyatiga qo‘l urish holatlari kamaymayapti. Sud hukmlarida firibgarligi uchun uch-to‘rt, yetti-sakkiz marta sudlanib, jarima, axloq tuzatish, ozodlikni cheklash jazosini o‘tagan, takroran firibgarlik qilganlarga ham tag‘in o‘sha axloq tuzatish yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlanganini ko‘rish mumkin. Kechirimlilikning ham chegarasi bor. Bundaylarga qilmishidan xo‘jako‘rsinga emas, chinakamiga afsuslanishiga majburlovchi ozodlikdan mahrum etish jazosini qo‘llash lozim emasmi?! Qamoq jazosi qayta-qayta firibgarlikka qo‘l urishga moyil kimsalarni jilovlashi aniq.

Isroil Ibrohimov

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Soddalik ham evi bilan