13:35 / 06.09.2020
1 278

Pul jigardan ustunmi?

Pul jigardan ustunmi?
Valixon (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Qo‘qon shahrining Charxiy mavzesidagi uyning birinchi qavatidagi xonadonda onasi va oilasi bilan istiqomat qilgan. Hech qayerda ishlamagan. Akasi Alixon san’atkor, «O‘zbekkonsert»ning Qo‘qon shahar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. A.Xo‘qandiy mavzesidagi ko‘pqavatli uydagi xonadonlardan birida oilasi bilan yashagan. Asosiy ishidan tashqari to‘ylarga chiqib yurgan. Valixonning ovozkuchaytirgichi bo‘lib, hofiz akasining guruhida yurib to‘ylarda tushgan puldan ulushini olib turgan. Shuning hisobiga ro‘zg‘orini tebratib kelgan.

Mehr, oqibat, muhabbat, vafo, halollikni tarannum etuvchi qo‘shiqlarni kuylab tanilgan hofiz ichkilikka ruju qo‘ygan. Aroq ichib mast bo‘lganida izzattalablik qilib janjal chiqarishga odatlangan. Mastligida odam tanimagan, yaqinlariga ham tashlanavergan. «Pul bo‘lsa changalda sho‘rva» deya pulga berilgan. Yoshi ulug‘larning, onasining ichkilikbozlikdan qaytarishga urinishlari besamar qolavergan.

Alixonning guruhida shogirdi Sherqul davralarni qizitadigan qo‘shiqlarni kuylagan. Aka-uka o‘rtasida kelib chiqqan nizo bilvosita Sherqulning g‘irromligiga borib taqaladi. Sud jarayonida aniqlanishicha, Alixonning guruhini shahardagi qahvaxonalardan birida tashkil etilayotgan ziyofatda xizmat qilishga taklif etishadi. Alixon o‘zi bormay shogirdlarini yuboradi.

Valixon ovozkuchaytirgichini qahvaxonaga o‘rnatib, ziyofatdagi tushumni xomaki hisob-kitob qilib o‘tiradi. Sherqulga qistirilgan ellik ming, yuz ming so‘mliklar umumiy qozonga tushmasdan, cho‘ntagida qolib ketayotganiga e’tibor qaratadi. Banketdan so‘ng pulni taqsimlash chog‘ida Sherqulning yirik pullarni yashirib olib qolganini yuziga solib e’tiroz bildiradi. Tanbeh berib, bu haqida telefonda akasiga aytadi. Alixon «Sherqulga bir so‘m ham berma» deya tayinlaydi.

Uch kun o‘tib ko‘rishganida akasining kayfiyati yo‘q edi. Rafiqasining homilasi tushib qolgan ekan. Alixon buni onasidan ko‘radi, Valixonning uyiga kelib, onasi bilan san-manga boradi. Shanba kuni shogirdi Sherqul, uning oshnasi Shukur bilan ulfatchilik qilib, to‘ygunicha ichadi. Banketda tushgan pullarni yashirib qolganini Sherqulning yuziga soladi. U esa o‘z navbatida pulni ukasi Valixon olib turgani va taqsimlaganini aytib, olovga moy sepadi.

Tun yarmidan o‘tgan, Valixon televizorda futbol tomosha qilib yotgandi. Alixon bir necha marta qo‘ng‘iroq qildi. Unga javob bermadi. Soat birlarda akasi eshikni ochishni talab qildi. «Tashqariga chiq…» deya so‘kindi. Valixon derazadan qarasa, uning yonida Sherqul bilan Shukur, o‘zi mast, vajohati yomon. Sherqulga qo‘ng‘iroq qilib, «Akamni olib ketinglar, chiqmayman» dedi. Shukurning telefoniga «Chiqmayman, olib ketinglar» deya xabar tashladi. Biroq Alixon ikkovining gapiga quloq solmadi.

Baqir-chaqir qilib qo‘shni xonadonlarning ham tinchini buzaverdi. Onasining derazadan turib, «Mastsan, uyingga bor, ertaga gaplashamiz» degan so‘zlari ham kor qilmadi. Valixon qo‘shnilardan nomus qilib tashqariga chiqdi, akasi bilan yuzma-yuz bo‘ldi. Alixon birdaniga pichoq bilan tashlandi. Valixon chap berib, yozgi oshxonadagi qozon qopqog‘ini, qo‘liga kirgan narsalarni unga qarata otdi. Akasi chap berib keldi-yu, qo‘lidagi pichoqni soniga sanchdi. Valixon oshxonaga kirdi. Pichoqlab qo‘ydi deya ikki qo‘liga pichoq olib tashqariga chiqdi.

Akasining mashinasi yoniga borib, «Qanisan, chiq buyoqqa» deya so‘kindi. Shamshod daraxtining butalari orasidan chiqib tashlangan akasiga chap berib, pichoqni bir marta uning yelkasi ostiga sanchib oldi. Alixon g‘uldirab besh-olti qadam yurib yiqildi. Tepasida qo‘shnilar to‘plandi. Valixon hushini yig‘ib yordam so‘radi. Qo‘shnilar mashinaga ortgani qarashib yuborishdi. Alixonni «Jentra» mashinasida shifoxonaga olib bordi. Birozdan keyin shifokorlardan biri akasi hushiga kelmay o‘lganini ma’lum qildi.

Pul mojarosi tufayli akasining umriga zomin bo‘lgan V.Qoriyevning aybi iqrorligidan tashqari guvohlarning ko‘rsatmalari, dalillar bilan tasdiqlandi. Sud qotilga sakkiz yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)