17:33 / 09.09.2020
2 442

Besh qonunda besh xil talqin, qaysi biri to‘g‘ri?

Besh qonunda besh xil talqin, qaysi biri to‘g‘ri?
Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ham ko‘rib chiqilishi kutilmoqda. Hujjatda ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi bir necha muhim masalalar inobatga olingan, ayrim jazo choralari kuchaytirilib, milliy qonunchiligimizda gender masalalariga oid bir necha yangiliklar joriy etilmoqda.

Qonun bilan 8 kodeks va 9 qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti. Shuning o‘ziyoq mazkur hujjatda ko‘tarilayotgan masalalar naqadar keng ko‘lamli ekanligini ko‘rsatadi. Shuning uchun ham, qonun joylardagi senatorlarga avvaldan yuborilib, mahalliy Kengash deputatlari va soha mutaxassislari bilan birgalikda o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, hududlarning manfaatlarini inobatga olgan holda fikr va tavsiyalar bildirilyapti.

Ushbu o‘zgartirishning ayrim muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tsak.

Avvalo, Mehnat kodeksi va «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq, mehnat munosabatlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarning kafolatlarini muctahkamlash maqsadida aniqlashtiruvchi norma kiritilmoqda.

Ya’ni Jinoyat Kodeksida «Mehnat qilish huquqini buzish» uchun javobgarlik ko‘rsatilgan 148-moddasining 2-qismi yangi tahrirda «Ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganligini bila turib, uni ishga olishdan g‘ayriqonuniy ravishda bosh tortish yoki ishdan bo‘shatish» deb belgilandi. Demak, bunda shaxs degan so‘zni kiritishdan maqsad, jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham bo‘lishi mumkin.

Yana bir yangilik — bu avtomobil yo‘llarida katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi natijasida avtomobil yo‘llarining tegishli ta’mir muddatlarigacha buzilishi bilan bog‘liq. Endilikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining maxsus ruxsatnomasiz avtomobil yo‘llarida yurganligi uchun ma’muriy jazo choralari nazarda tutilmoqda. Qonun bilan katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishida vazn va hajm parametrlariga rioya etmagan shaxslarga ma’muriy choralar belgilanib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Qayd etish kerak, Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning ko‘rsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning ko‘plab uchrayotganligini hisobga olib, bu boradagi tegishli javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik kodeksi yangi modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari davlat inspektorining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, shuningdek, uning ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qonunda yana bir muhim modda borki, u bevosita hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytiradi. Ma’lumki, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» Qonun bilan himoya orderi ta’sis etildi. Lekin qonun hujjatlarida ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik masalasi nazarda tutilmagan edi.

Shu bois tazyiq o‘tkazish, zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu esa mavjud cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

Yana bir masala «ko‘p bolali oila» tushunchasi bilan bog‘liq. Mazkur atama qonunlarimizda 21 marotaba qo‘llanilgan bo‘lsa, 5 ta qonunda turlicha talqinda kelgan.

Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya hamda «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, bola deganda o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs tushuniladi.

Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida «ko‘p bolali oila» tushunchasining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida Oila kodeksiga tegishli o‘zgartish kiritildi. Unga ko‘ra, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila — ko‘p bolali oiladir. Bunda, agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila, deb hisoblanadi. Bu yangi normaning kiritilishi ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy muhofaza qilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Qonunning hayotga tatbiq etilishi aholini qiynayotgan bir necha muammolarni hal etish, ularning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va o‘z navbatida, davlat organlarining ham bu boradagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Botir MATMUROTOV,
Oliy Majlis Senatining
Sud huquq masalalari va korrupsiyaga
qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Besh qonunda besh xil talqin, qaysi biri to‘g‘ri?