21:23 / 09.09.2020
2 067

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bunga qanday erishildi?

Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bunga qanday erishildi?
Adliya vazirligi O‘zbekistonda davlat boshqaruv organlari orasida birinchi bo‘lib Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritdi.

Ushbu sertifikat vazirlik faoliyatining barcha yo‘nalishlarini qamrab oladi. ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikati korrupsiya holatlarining oldini olish, aniqlash, zarur choralarni ko‘rish hamda korrupsiya xavfini kamaytirishga yo‘naltirilgan maqbul va aniq mezonli chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Muvaffaqiyat formulasi
Adliya vazirligi ushbu sertifikatni qo‘lga kiritish uchun nimalar qildi?
Vazirlik korrupsiyaga qarshi o‘z formulasini ishlab chiqqan holda, bu masalaga nisbatan kompleks yondashdi. 2018 yilning oxirida vazirlik tomonidan 2019 yilni shartli ravishda kadrlar va korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan ikkita muhim hujjat: kadrlar bilan ishlash va korrupsiyaga qarshi kurash dasturlari ishlab chiqildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakatlar huquqni muhofaza qilish organlarining ilg‘or tajribasi va amaliyoti ushbu dasturlar asosini tashkil etdi.

Masalan, xodimlar faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish tizimi joriy qilindi. Xodimlarning manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalari bazasini tuzish yo‘lga qo‘yildi. Adliya organlari va muassasalarida kadrlarni tanlash, ishga qabul qilish, lavozimga tayinlash, attestatsiyadan o‘tkazish, notariuslikka tanlov, yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash bo‘yicha suhbatdan o‘tkazishning mutlaqo shaffof tizimi o‘rnatildi. Mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi normalar kiritildi.

Ochiq va shaffof ishlash - korrupsiyaga qarshi kurashning muhim omilidir. Yana bir dastur - «Open Justice» (“Ochiq adliya”)ning ishga tushirilishi sababi ham ana shu. U jamoatchilikni vazirlik faoliyati (xodimlarni ishga qabul qilishdan tortib, uning moliyaviy faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlargacha bo‘lgan) axborotlar bilan tanishtirishning yangi yondashuvi va mexanizmlarini o‘z ichiga oladi.

Birinchi bosqich: jamoatchilikni jalb qilish va ochiqlik
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, uchta o‘zaro bog‘liq soha – kadrlar, korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflik – borasida o‘zgarish qilmay turib, hech qanday davlat organini rivojlantirib bo‘lmaydi.

Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasining birinchi bosqichi 2019 yilning 1-yarmida amalga oshirildi. Bunda Adliya vazirligi korrupsiya xavflari va faktlarini, xodimlarning o‘z vakolatini suiiste’mol qilishi yoki zarur paytda harakatsizligi holatlarini aniqlash maqsadida keng jamoatchilikni yordamga chaqirdi. Shu bois, adliya organlari va muassasalarida fuqarolarga audio va video yozuv vositalaridan foydalanishga ruxsat berildi. Jamoatchilik nazorati xodimlarning javobgarligini oshirish imkonini berdi.

Vazirlik huzurida korrupsiyaga qarshi kurash kengashi tashkil etildi. Korrupsiya xavflarini baholash uslubi tasdiqlandi, korrupsiya xavfiga moyil bo‘lgan funksiyalar (vakolatlar) va lavozimlar ro‘yxati tuzildi. Adliya organlari va muassasalari faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan izchil tahlillar nafaqat korrupsiya xavfiga moyil bo‘lgan yo‘nalish va sohalarni aniqlash, shuningdek, huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha o‘z vaqtida samarali choralarni qabul qilish imkonini ham beradi.

Telegram messendjerida aholi tomonidan adliya organlari va muassasalarida yuz berayotgan korrupsiya huquqbuzarliklari haqida tezkor xabar berish imkonini yaratish maqsadida maxsus @antikorbot boti ishga tushirildi. O‘tgan vaqt davomida @antikorbot orqali 2,5 mingdan ziyod xabarlar kelib tushdi. Xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra, 20 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, to‘rt nafariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, adliya organlari va muassasalari xodimlarining mehnat intizomi, axloq qoidalariga rioya qilishi, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish maqsadida 2019 yilda 1 801 ta qisqa muddatli tekshiruvlar o‘tkazildi. Natijada, 160 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. “Sirli mijoz” bo‘yicha o‘tkazilgan 1 344 ta tadbirlar yakunida yana 380 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

Internet tarmog‘ida notariuslar bo‘sh ish o‘rinlariga tanlovlar onlayn-translyatsiya qilinishi yangiliklardan biri bo‘ldi. Bu bilan, birinchidan, xodimlarni saralab olishning maksimal shaffofligiga, ikkinchidan, vijdonli mutaxassislarni notarius lavozimiga ishga tayinlashga erishildi.

Ikkinchi bosqich: komplayens nazorat va idora siyosati
Bunda Singapur, Fransiya, AQSH, Germaniya va Latviya tajribasi, xalqaro tashkilotlar hisobot tahlillari va tavsiyalari o‘rganildi. Ular asosida tahliliy materiallar tayyorlandi va idora dasturiga tuzatishlar kiritildi.
Birinchi bosqich yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalar, bajarilgan ishlarning tanqidiy tahlili kuchli va zaif tomonlarni aniqlash, ikkinchi bosqich uchun harakatlar rejasini ishlab chiqishga yordam berdi.

Ikkinchi bosqich 2019 yilning iyul oyidan 2020 yilning avgust oylarini qamrab oldi. Bu vaqtda qanday ishlar amalga oshirildi?
Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha siyosati ishlab chiqildi, unda adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy yo‘nalishlari va yondashuvlari belgilandi. Shu bilan birga, vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etish bo‘yicha choralar ham qabul qilindi.

Idoraning komplayens tizimi kasbiy va axloqiy me’yorlarga rioya qilish, qonunchilik va ichki tartib-qoidalarni buzish xavfini kamaytirish hamda katta moddiy zararni bartaraf etishni ko‘zlovchi ogohlantiruvchi va profilaktik chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda adliya organlari va muassasalarida “KPMG International” kompaniyasining xalqaro ekspertlarini jalb etgan holda, korrupsiyaga qarshi komplayens nazoratni joriy etish bo‘yicha loyiha amalga oshirildi. Birinchi navbatda, tizim doirasida vazirlik va uning muassasalariga yuklatilgan funksiyalarni bajarishda korrupsiya xatarlari xavfi darajasi (492 ta) bo‘yicha baholandi va tasniflandi. So‘ngra ularning ta’sirini kamaytirish bo‘yicha huquqiy va tashkiliy choralar qabul qilindi. Xususan, vazirlikning 10 dan ziyod ichki hujjati (korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, korrupsiya to‘g‘risidagi xabarlar bilan ishlash reglamenti, xavflarni baholashning uslubiy asoslari) tubdan yangilandi, vazirlikda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi.

Adliya organlari va muassasalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari joriy etildi. Xususan, xodimlar izchil o‘qitilmoqda, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida yangi e-study.adliya.uz platformasi ishga tushirildi. Korrupsiya huquqbuzarliklari va jinoyatlari minimal darajaga tushirildi.
Masalan, 2019 yilda adliya organlari va muassasalarining 6 nafar xodimiga nisbatan jinoiy javobgarlik ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, ularning
4 nafari korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha ishlar bo‘lgan. 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida esa 2 ta jinoyat qayd etildi.

Ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatishning shaffof tizimi: shikoyatlar soni 4 baravar kamaydi
Xodimlarni saralab olish va ishga tayinlash, ularni attestatsiyadan o‘tkazish va moddiy rag‘batlantirishning shaffof tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bo‘sh ish o‘rinlariga xodimlarni ishga qabul qilish va tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovlarda 3900 nafar nomzod ishtirok etdi. Ushbu tanlovlar keng jamoatchilikning onlayn nazorati ostida o‘tkazildi. Tanlovlar yakuniga ko‘ra, 1 300 nafar kishi turli lavozimlarga ishga tayinlandi. Xodimlar samaradorligini baholash jarayoni avtomatlashtirildi, kadrlar boshqaruvi bo‘yicha elektron tizim ishlab chiqildi. 2020 yilning o‘tgan davrida xodimlarni ishga qabul qilish va ularni ishdan ozod etish bilan bog‘liq shikoyatlar soni 2019 yilning shu davriga nisbatan 4 baravarga kamaydi.

Xodimlarning fuqarolar, boshqa tashkilotlar xodimlari, jumladan turli joylar va xorijiy mamlakatlarga uyushtiriladigan xizmat safarlari davomida sovg‘alar olishi taqiqlandi. Xorijiy safarlar davomida olingan sovg‘alar, vazirlikka o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, davlat xaridlari sohasida ham kontragentlarni tekshirish amaliyoti joriy qilindi, tuziladigan shartnomalarga korrupsiyaga qarshi shartlarni majburiy kiritish tartibi o‘rnatildi. Tizimda korrupsiya huquqbuzarliklari to‘g‘risidagi faktlardan xabardor qilish va aniqlangan holatlarni bartaraf etish maqsadida tashkiliy baza kuchaytirildi. @antikorbot Telegram-boti bilan birga “ishonch telefoni” va vazirlik veb-saytida maxsus murojaat shakli samarali qo‘llanilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning amaliy natijasi – adliya organlari va muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning hatti-harakatlariga nisbatan shikoyatlar sonining keskin kamaygani bo‘ldi. 2019 yilning birinchi yarmida 1 119 ta ana shunday shikoyat kelib tushgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bunday shikoyatlar soni 672 tani tashkil etdi.

Bu boradagi kompleks ishlar hali davom etmoqda. Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi siyosatida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirish orqali organlar va muassasalarni korrupsiyasiz sohaga aylantirish ustuvor vazifalardandir.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Adliya vazirligi korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi. Bunga qanday erishildi?