18:48 / 10.09.2020
4 646

Rasul Kusherbayev «boshini egib qo‘ygan» holat haqida gapirdi

Rasul Kusherbayev «boshini egib qo‘ygan» holat haqida gapirdi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev «yangiyo‘llik tadbirkor ishi» bo‘yicha sudda qo‘shimcha guvoh sifatida so‘roqqa chaqirilgani xabar qilingandi. Deputatning o‘zi ushbu holatga quyidagicha izoh berdi:

Kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida guvoh sifatida chaqirilib, savollarga javob berganim haqidagi axborotlarni ayrimlar deputatni javobgar sifatida so‘roqqa tutishdek tushinibdi. Biroq bundaymas, men biror narsada ayblanib, sudlanmayapman.

Aslida sudga guvoh sifatida chaqirtirilgan har qanday shaxs mansab va mavqeidan qat’i nazar borib ishtirok etishi shart. Kerak bo‘lsa deputat, vazir va davlat rahbarining ham sudga guvoh sifatida chaqirilishi demokratik jamiyat uchun normal holat hisoblanadi. Bizda bunaqa hol kam bo‘lishi mumkin. Biroq adolat uchun zarur bo‘lsa, har qanday shaxs o‘zini «osmonga olmasdan» sudga chaqirilganda borishi kerak.

Shu sababli o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning jinoyat ishida men bilan bog‘liq turli ko‘rsatmalar olishga urinishlar bo‘lgani aytilgani uchun vaziyatga oydinlik kiritish nuqtai nazaridan sudning chaqirishini tabiiy qabul qildim va bordim. Bu aslida deputatning saylovchilari oldidagi burchi ham hisoblanadi.

Eng muhimi, sud ishining oshkora, ommaviy axborot vositalarining erkin ishtirokida o‘tkazilgani men uchun ham kutilmagan hol bo‘ldi. Ochig‘i, men sudda ishtirok etib, so‘nggi yillarda sudlarning mustaqilligi va ochiqligini oshirish bo‘yicha ishlarning natija bera boshlaganiga guvoh bo‘ldim.

Kecha sudlanuvchi yosh tadbirkor J.Zokirjonovning sud zalidan ozod qilinib, jazosi yengillatilib oilasi bag‘riga qaytganini eshitib quvondim. Yosh tadbirkorning oilasi, mahalla ahli va do‘stlarining quvonchini ko‘rib, o‘zim ham ko‘p oylardan buyon cho‘zilib kelgan tushunarsiz va men uchun og‘ir kunlarning yakun topayotganidan hursandman. To‘g‘risi qiyin bo‘ldi: tadbirkor boshiga tushgan ish mening faoliyatim bilan bog‘liq, degan gap chiqqani uning oilasi va qishloqdoshlarim oldida boshimni egib qo‘ygandi. Umid qilamanki, hammasi ortda qoldi va boshqa bunday bo‘lmaydi...

Biroq shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: agar shaxsning qilmishi davlat yoki jamiyatga xavf tug‘dirish, odam o‘ldirish kabi og‘ir jinoyatlar bilan bog‘liq bo‘lmasa, oilasi va yaqinlarini ruxiy azobga qo‘yib, buni yetti sakkiz oylab cho‘zib yurish to‘g‘rimi? Xavfi katta bo‘lmagan ishlar bo‘yicha tergov va sudlarni qisqa vaqtda o‘tkazib, oqni oq, qorani qora, deb hukm chiqarishga o‘tish vaqti kelmadimikan?

Bo‘lib o‘tgan ushbu tergov va sud ishi misolida bu savol meni ko‘p o‘ylantirdi. Agar savolimni tushungan bo‘lsalar tergovchi, prokuror va sudlarga insof bersin! Tushunmaganlarga esa hammasi joyida, sizga tegishlimas, — deb yozdi u.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayev «boshini egib qo‘ygan» holat haqida gapirdi