20:45 / 10.09.2020
6 075

To‘yiga belgilanganidan ortiq odam chaqirgan «Bravo» kulgi jamoasi a’zosi Ahmad Temurov jarimaga tortildi

To‘yiga belgilanganidan ortiq odam chaqirgan «Bravo» kulgi jamoasi a’zosi Ahmad Temurov jarimaga tortildi
Foto: Instagram / @shahlo_bravo_official
«Bravo» kulgi jamoasi a’zosi Ahmad Temurov 9 sentabr kuni uylangani, uning nikoh to‘yi gala-konsertga aylanib ketgani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahar IIBB tomonidan ma’lum qilinishicha, Ahmad Temurov karantin qoidalarini buzgan holda to‘y marosimini tashkil etgani sababli unga nisbatan chora ko‘rilgan.

Xabar berilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ahmad Temurovning to‘yida olingan videolar bilan bog‘liq holat Toshkent shahar IIBB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganildi.

«Mazkur video 9 sentabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanida olingan bo‘lib, u yerga 29 yoshli Ahmadjon T. kuyov sifatida o‘rtoqlari bilan kelgan. Bundan tashqari, Ahmadjon T. to‘yini Shayxontohur tumanidagi uyida tashkillashtirgan va to‘yga 40 nafardan oshiq mehmon kelgan», — deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Mazkur fakt asosida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, karantin va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Biroq IIBB xabarida Ahmad Temurovga tayinlangan jarima miqdori ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida 23 martdan e’tiboran ommaviy tadbirlar, xususan, to‘y-marosimlarning o‘tkazilishi taqiqlangan edi. Ushbu taqiqdan so‘ng to‘y marosimlarini o‘tkazishga uringanlarga nisbatan hatto jinoyat ishi ham qo‘zg‘atildi.

Mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorlashib, nisbatan nazorat ostiga olingach, Respublika maxsus komissiyasining 30 maydagi qarori bilan «yashil» toifaga kiritilgan hududlarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazishga ruxsat berildi.

Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinlashgani sababli 10 iyuldan boshlab mamlakatda to‘ylarni o‘tkazish yana taqiqlandi.
O‘zbekistonda 15 avgustdan 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga yana ruxsat berildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘yiga belgilanganidan ortiq odam chaqirgan «Bravo» kulgi jamoasi a’zosi Ahmad Temurov jarimaga tortildi