09:53 / 11.09.2020
2 166

Sudlar faoliyatini raqamlashtirish - aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini orttiradi

Sudlar faoliyatini raqamlashtirish -  aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini orttiradi
Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, nufuzini oshirish, tizimni demokratlashtirish va takomillashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.
Elektron sudlov tizimi 2012 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan “E-SUD” elektron tizimi loyihasi shaklida joriy etib kelinmokda.

Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarni yangi turdagi interfaol sud xizmatlarini joriy qilish orqali murojaatlarni o‘z vaqtida hal etish, ortiqcha sansalorliklarga chek qo‘yish, sudlar faoliyatning ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash, shuningdek, bu boradagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 3 sentabr kuni “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilinishi esa sudlar faoliyatining hozirgi zamon talablariga mos kelishini ta’minlaydi.

Mazkur qaror asosida sud tizimi rivojlanishining zamonaviy davrini belgilab berib, sudlar faoliyati sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etishning yangi bosqichini boshlab berdi hamda odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga erishishda turtki bo‘ldi.

Endilikda, fuqarolar eng chekka hududdan turib ham vaqt va mablag‘ini yuqotmasdan sudga qilgan elektron murojaatini ko‘rib chiqish natijasini onlayn kuzatib borishi imkoniyati paydo bo‘ldi.

Ma’lumki, sud majlislarini o‘tkazishda barcha ishtirokchilarni muddatida xabardor qilishda muammolar mavjud edi. Sud majlisining o‘tkazish vaqti va joyi haqida taraflarga sud chaqiruv qog‘ozi yuborish pochta xizmati orqali amalga oshirilar edi va bu ma’lum xarajatni va muddatni olar edi. Endilikda sud majlislarining vaqti va joyi haqida barcha ishtirokchilarni “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilinishi belgilandi.

Bu esa avvalo taraflarning sud majlisi to‘g‘risida qisqa muddatlarda va aniq ogohlantirilishini ta’minlasa, ikkinchidan sud majlisiga qasddan kelmasdan sud ishlarini sun’iy cho‘zmoqchi bo‘lgan taraflarning sud majlisi to‘g‘risida ogohlantirilganligiga dalil bo‘ladi.
Shuningdek, sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etilishi belgilandi. Bu esa fuqarolarning sarson bo‘lib sudga kelishini oldini olishga va masofadan turib ham sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratib beradi.

Sudlar faoliyatiga axborot-texnologiyalarni qo‘llash tajribasi bo‘yicha xorijiy davlatlar, xususan ilg‘or texnologiya rivojlangan Singapur, Koreya, Malayziya, Germaniya va Estoniya kabi davlatlar tajribasidan ma’lumki, sudlarga axborot-texnologiyalarning joriy qilinishi ish jarayonlarining optimallashtirishga va sudlarning ish unumdorligining oshirilishiga erishilgan.

Yevropaning aksariyat mamlakatlarida odil sudlov tizimida axborot-texnologiyalardan foydalanishi sudlarga tezkor ravishda huquqiy ma’lumotlarni olish va ularni qayta ishlashda yordam berishga va sud qarorlaridan erkin foydalanish orqali ilmiy izlanishlar olib borishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish joriy qilinmoqda. Sud majlislarda audioyozuvdan foydalangan holda ishlarni yozib borish ishlarni ko‘rib chiqishda inson omilining rolini sezilarli darajada kamaytiradi. Sud majlisi bayonnomasi yangi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bu esa sud ishlarini olib borishda, sud majlisi bayonnomalarini yuritishda qulaylik yaratishi hamda taraflarda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Amaliyotda uchrayotgan taraflar tomonidan vaqtida sud majlisi bayonnomasi bilan tanisha olmaslik holatlari hamda sud majlisi bayonnomasiga guvohlarning sudda bayon qilgan ko‘rsatmalarini to‘liq yoritmaslik holatlarining oldini oladi.

O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 691-moddasida, sudlarda ishlar sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvi hisobga olingan holda, sudyalar o‘rtasida ishlarni taqsimlashga sud muhokamasi natijasidan manfaatdor bo‘lgan shaxslarning ta’sir ko‘rsatishi istisno etiladigan tartibda, avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taksimlanishi belgilangan.

Sudlarda joriy qilingan elektron sudlov tizimi bo‘yicha kelib tushgan da’vo ariza, shikoyat, ariza, ma’muriy, iqtisodiy, fuqarolik va jinoyat ishlarni ko‘rishda sudyalar o‘rtasida taqsimlash mexanizmi mavjud edi. Biroq, birinchi bosqich sudida ko‘rib chiqilgan ma’muriy, iqtisodiy, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha shikoyat yoki protest keltirilganda ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilishida sudyalarga avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda taqsimlanishi mavjud emas edi.

Endilikda, ishlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda sudyalarning ish hajmi hisobga olinib avtomatik ravishda taqsimlashda inson omili qatnashmay, ya’ni viloyat sudi raisining ishlarni taqsimotiga aralashishning oldi olinib, mazkur instansiyalarda ham sudyalar o‘rtasida elektron tarzda taqsimlanib, taqsimlashda sud muhokamasi natijasidan manfaatdor bo‘lgan shaxslarning ta’sir ko‘rsatishi oldi olinadi. O‘z navbatida bu fuqarolarda odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshiradi.

Shu sababli sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallariga biriktirilishi hamda ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv dasturlariga sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha alohida o‘quv modulini kiritilishi mazkur sohada yetuk kadrlarning yetishib chiqishini ta’minlaydi.

Sud faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilinishini amalda ta’minlash hamda elektron sudlov tizimini soddalashtirish maqsadida, quyidagi takliflar bildiriladi:
- fuqarolarga davlat bojidan imtiyoz berish orqali elektron sud tizimidan foydalanish jozibadorligini orttirish maqsadida hamda xorij tajribasidan (jumladan, Rossiya Federatsiyasi va boshqalar) kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonuniga sudga elektron tarzda murojaat qilingan taqdirda belgilangan stavkaning 75% miqdorida davlat boji to‘lanishi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirish;
- sud faoliyatidagi sud ishlarini taqsimlash, sud ishlarini kurish va sud hujjatlarini e’lon qilish uchun joriy qilingan axborot tizimlari ekspluatatsiyasini axborot texnologiyalari sohasidagi vakolatli organga o‘tkazilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish;
- sudlar faoliyatini raqamlashtirish va mavjud elektron tizimdan foydalanishda tizimning o‘z afzalliklariga (vaqt, yo‘l xarajatlarini tejash, mablag‘ iqtisodi) ega bo‘lsada, sudga hujjatlarni va murojaatni elektron tarzda yuborishda elektron sudlov tizimidan foydalanishda murakkab usulda emas, balki aholi uchun oddiy sodda usulda foydalanishni yo‘lga quyish taklif qilinadi. Bundan maqsad aholi uchun qulay, sodda va tushunarli vositalardan yaratishdir, ularning yordamida fuqaro istalga paytda sud bilan bog‘lanishi imkoniyati yaratilishi kerak. Bu esa sudga elektron tarzda murojaatni yuborish nafaqat huquqshunos yoki mutaxassis xizmatidan foydalanish talab etilishini emas, balki fuqaroning o‘zi tomonidan ham oddiy usulda sudga elektron tarzda murojaat qilish imkoniyati mavjud bo‘lishi lozim.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, sudlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali sudlarning faoliyati samaradorligini oshirish, elektron sudlov tizimini soddalashtirish, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolarga ularning sudlarga murojaat etish buyicha konstitutsiyaviy huquqlaridan yanada keng foydalanish, ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish, ishlarni ko‘rib chiqishning muddatlarini sezilarli darajada qisqartirish, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni real vaqt rejimida sud majlisi jarayoni haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash imkonini beradi.

Otabek Toshev,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
ma’sul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudlar faoliyatini raqamlashtirish - aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini orttiradi