10:41 / 13.09.2020
1 791

«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun: u bizga nega kerak?

«Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun: u bizga nega kerak?
Foto:«O`zLiDep»
2019 yilning 10 yanvaridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonuni kuchga kirdi.

Xo‘sh, bu qonun xalq uchun nima beradi? Uning qanday foydasi bor?

Odatda har birimiz kunda-kunora davlat idoralariga ish bilan boramiz. Kimdir korxona ochmoqchi, yana kimdir oldi-sotdi shartnomasini tuzmoqchi yoki pensiyasini rasmiylashtirmoqchi. Boshqa birov uy yoki boshqa biror imorat qurish harakatida, yana kimdir o‘qishini boshqa institutga ko‘chirishi, xorijda olingan diplomini tasdiqlatish, ilmiy yoki ijodiy faoliyati bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish tashvishi bilan yuribdi.

Xullas har birimiz uyda yoki ishda, o‘qishda, kundalik hayotimizda kerak bo‘ladigan hujjatlar uchun ancha-muncha eshiklarni ochib yopamiz. Qayerdadir ishimiz tez va oson bitsa, yana qaysidir amaldorning oldidan noumid qaytib chiqamiz. Ba’zida hujjatlarning ko‘pligi, yugur-yugurlar sillamizni quritadi. Hatto ba’zida qaysidir ish uchun to‘plagan hujjatlarimiz noto‘g‘ri, yaroqsiz chiqib qolsa, yana hammasini boshdan boshlashga to‘g‘ri keladi. To‘g‘rirog‘i shunday edi.

Mazkur qonunning asosiy maqsadi ham imkon darajasida fuqarolarni ortiqcha dahmazalardan xalos qilish, ularni qiynayotgan muammolarga tezroq chek qo‘yib, ishlarini tezroq bitirishga yordam berishdan iborat. Qonun fuqarolarning davlatga va davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Masalan, qonunning 8-moddasida o‘qiymiz:

«Ma’muriy ish yuritish davomida manfaatdor shaxslar tomonidan taqdim etilgan haqiqiy holatlar to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar aksi isbotlanmaguniga qadar ishonchli hisoblanadi».

Mashhur bir telenovella esingizdadir? Bir mansabdor huzuriga ish bilan kelgan fuqarodan yigirmatacha joydan ma’lumotnoma va ularning har biri haqqoniyligini isbotlaydigan qo‘shimcha hujjatlarni talab qiladi. Endi Siz taqdim etgan hujjatlarni hech kim «qalbaki» deyolmaydi. Va bu hujjat yoki ma’lumotlarning haqiqiy ekanligidan kimdir shubhalanadigan bo‘lsa, marhamat, o‘zi tekshirib olaversin. Buning uchun siz harakat yoki xarajat qilishingiz shart emas.

Ushbu qonunga ko‘ra, ma’muriy organ vakili manfaatdor shaxs – ya’ni sizu bizga o‘xshagan oddiy fuqaro o‘ziga kerakli hujjatni olish uchun borgan taqdirda, uning takliflari, fikrlarini eshitishi, agar ular haq bo‘lsa inobatga olinishi shart. Deylik siz o‘z tadbirkorlik faoliyatingiz uchun zarur bo‘lgan hujjatni tegishli idoradan olmoqchisiz. O‘z ishingizning past-balandini siz o‘sha idorada o‘tirgan mansabdordan ko‘ra yaxshiroq bilasiz. Demak, o‘sha ma’muriy hujjatni tayyorlashda nima uchun sizning fikrlaringiz, takliflaringiz tinglanmasligi kerak?

10-moddada o‘qiymiz: «Ma’muriy tartib-taomillar ochiq, shaffof va manfaatdor shaxslar uchun tushunarli bo‘lishi lozim». E’tibor qilganmisiz, shu paytgacha aksariyat ma’muriy hujjatlar oddiy fuqaro tugul uncha-muncha tilshunos yoki faylasuf ham tushunishi qiyin bo‘lgan uslubda tayyorlanardi? Nima uchun? Fuqarolar o‘zlariga tegishli bo‘lgan huquq va imtiyozlarni tushunib olishlari kerak emasmi? Qonunlar, hujjatlar modomiki, insonlarga xizmat qilishi kerak ekan, u hamma uchun birdek tushunarli va aniq bo‘lishi ham kerak-da?

Qonuning 13-moddasiga ko‘ra, agar ma’muriy organga taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlar ma’nosiga ko‘ra boshqa zarur hujjatlar mazmunini o‘z ichiga olsa, ushbu hujjatlar qo‘shimcha yoki alohida tarzda talab qilinishi mumkin emas.

Masalan, ilgari ayrim tashkilotlarga ishga kiradigan xodimlardan pasport nusxasi bilan birga turar joyidan ma’lumotnoma, oliy o‘quv yurti diplomi bilan birga o‘rta ma’lumot olganini tasdiqlovchi maktab attestati ham talab qilinardi. Qiziq, pasportning alohida sahifasida fuqaroning qayerda yashashi gerbli muhr bilan tasdiqlab qo‘yilgan bo‘lsa, mahalla raisidan yana bir parcha qog‘oz talab qilinishi kulgili emasmi? Yoki maktabni bitirmagan bola institutga qabul qilinmasligi oydek ravshan-ku? Umuman olganda, bunaqa misollarni istagancha keltirish mumkin. Qonun ana shunday mantiqsiz hujjatbozlikning oldini olishga ham xizmat qiladi.

Ma’muriy ish yuritishning «bir darcha» orqali amalga oshirilishi ham ushbu qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi. Ya’ni fuqaro bitta ishini bitirishi uchun o‘nta tashkilotga yugurib ham vaqtini, ham naqdini, ham sog‘lig‘ini yo‘qotishiga hojat qolmaydi. Agar qonun hujjatlarida boshqa holatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ zarur hujjatlar va ma’lumotlarni mustaqil ravishda, sizning ishtirokingizsiz, boshqa idoralardan o‘zaro hamkorlik vositasida olaveradi.

24-moddada manfaatdor shaxslarning huquq va majburiyatlari aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Manfaatdor shaxslar ma’muriy ish materiallari bilan tanishish, ulardan ko‘chirmalar olish, nusxa ko‘chirish, rad qilish to‘g‘risida arz qilish, dalillar taqdim etish, dalillarni tekshirishda ishtirok etish, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga savollar berish, arz qilish, iltimosnoma yozish, ma’muriy organga og‘zaki va yozma tushuntirishlar berish, ma’muriy ish yuritish davomida kelib chiqadigan barcha masalalar bo‘yicha o‘z vajlarini bayon etish, boshqa manfaatdor shaxslarning arizalari, iltimosnomalari va vajlariga qarshi e’tiroz bildirish, ma’muriy va protsessual hujjatlar, shuningdek ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilish huquqiga ega. Albatta, manfaatdor shaxslar ham bu huquqlardan vijdonan foydalanishi, zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi kerak.

Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ma’muriy organ mumkin qadar qisqa muddatlarda, ko‘pi bilan o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay ma’muriy ishni ko‘rib chiqishi va ma’muriy hujjatni qabul qilishi kerak.

Ba’zida turli sabablarga ko‘ra ishni to‘xtatib turish yoki umuman tugatishga to‘g‘ri keladi. Shunday holatlar ham qonunda aniq ko‘rsatib o‘tilgan. 37-moddaga asosan tegishli organlar ma’muriy ish yuritishni faqat ushbu ish bilan bog‘liq holatlar qaysidir sudda ko‘rilayotgan bo‘lsa, ma’muriy ish yuritishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxs vafot etib qolsa, yetishmayotgan hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘lsa, manfaatdor shaxslar ishtiroki zarur bo‘lganida, u uzrli sabablarga ko‘ra yetib kelolmasa, manfaatdor shaxsning talabiga ko‘ra ma’muriy organ tomonidan ekspertiza tayinlanganda va boshqa bir qator holatlarda ish to‘xtatib turiladi. Ish to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgach, qayta tiklanadi va bu haqda manfaatdor shaxslarga bir ish kuni ichida xabar beriladi.

Ma’muriy organ ish shu organda ko‘rish uchun tegishli bo‘lmasa, ayni shu ish yuqori turuvchi tashkilot yoki sud tomonidan yoxud boshqa vakolatli organ tomonidan ko‘rilayotgan bo‘lsa, shu ish yuzasidan ilgari tegishli hujjat qabul qilingan bo‘lsa, ariza yoki ma’muriy shikoyat uni taqdim etgan shaxs tomonidan qaytarib olinsa, ishni tamomlash uchun ishtiroki zarur bo‘lgan manfaatdor shaxslar uzrsiz sabablarga ko‘ra yetib kelmasa, ishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxs vafot etsa, yuridik shaxs tugatilsa-yu, huquqiy vorislikka yo‘l qo‘yilmasa, shu va boshqa holatlarda ish tugatilishi mumkin.

Xullas, anchagina salmoqli hajmga ega bo‘lgan ushbu hujjat xalqaro qonunchilik talablaridan kelib chiqqan holda, muayyan o‘rganishlar va kuzatishlardan so‘ng qabul qilingan.

Rustam Jabborov,
Adliya vazirligi ma’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi qonun: u bizga nega kerak?