23:30 / 17.09.2020
661

Sergelida yirik xalqaro universitet qurilishiga tamal toshi qo‘yildi (foto)

Sergelida yirik xalqaro universitet qurilishiga tamal toshi qo‘yildi (foto)
17 sentabr kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida "Minerva World of Knowledge" xalqaro universiteti qurilishi uchun tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Marosimda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, "Minerva World of Knowledge" loyiha rahbari Murali Lal Jalan, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbirda xorijiy investorlar loyiha taqdimotini ham o‘tkazdi. Ma’lum qilinishicha, bu yerda 10 000 dan ziyod talabaga mo‘ljallangan, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlovchi universitet quriladi.

Asosiy bino 2021 yilning sentabrida qurib bitkaziladi va keyin 5 yil davomida boshqa kampuslari, sport majmuasi, kutubxonasi va talabalar turar joylari bunyod etiladi.

Ilk talabalar 2021 yilda qabul qilinadi. Bu yerda avvaliga axborot texnologiyalari va menejment sohalarida mutaxassislar tayyorlanishi kutilmoqda.

«Xalqaro universitetimizda AQSH va Angliyadagi eng nufuzli oliy ta’lim dargohlaridagi talabgir kasblarga o‘qitish bo‘yicha yo‘nalishlar ochiladi, hozir ular bilan bu borada muzokaralar olib boryapmiz. O‘qituvchilarning asosiy qismi ham chet eldan taklif etiladi», – dedi loyiha rahbari Murali Lal Jalan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari O‘ktam Salomov va "Minerva World of Knowledge" loyiha rahbari Murali Lal Jalan
Xalqaro universitet – Sergelida quriladigan Minerva City majmuasining bir qismi. Loyiha doirasida yaqin 5 yilda universitet kampusi va talabalar shaharchasiga tutash hududda savdo va turar joy majmualari quriladi.

Avvalroq loyiha qiymati 500 mln dollar bo‘lishi ma’lum qilingandi. Minerva City 100 gektar maydonni egallashi ko‘zda tutilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)