16:30 / 18.09.2020
902

Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida noyob qor qoploni ko‘rinish berdi (video)

Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida noyob qor qoploni ko‘rinish berdi (video)
Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida o‘rganishlar chog‘ida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan qor qoploni hamda oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i fotoqopqonda qayd etilgan. Bu haqda milliy tabiat bog‘ining kichik ilmiy xodimi Akbar Rustamovga tayanib, «Kun.uz» xabar qildi.

Qor qoploni 2 iyul kuni ertalab soat 05:56 da, so‘ngra soat 10:44 da fotoqopqon oldidan o‘tgan.

Yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan tur, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) qizil ro‘yxatiga kiritilgan Ilvirs (qor qoploni) — (ruscha: snejniy bars (irbis), inglizcha: Snow Leopard) — G‘arbiy Tyan-Shan, G‘arbiy Pomir-Oloy tizmalarida, O‘zbekistondan tashqarida Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, G‘arbiy Sibir janubi, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Nepal, Butanda tarqalgan.

U tog‘larning o‘rta va yuqori (dengiz sathidan 2500–4500 metr balandlikda) qismida yashaydi. Havza ayirg‘ichlari hamda qoyali tosh-sochma qiyaliklarni afzal ko‘radi.

Ularning soni doimo kam bo‘lgan. So‘nggi o‘n yilliklar davomida soni uzluksiz kamaymoqda. 1980–1990 yillarda Hisor qo‘riqxonasida 5-11, 1970–1980 yillarda Chotqol qo‘riqxonasida 10-3 tasi hisobga olingan. Hozirda taxminan 30-50 tani tashkil etadi.

Oqshomda faol, kunduzi qorlarga, qoyalar orasiga berkinib yotadi. Ikki yilda bir marta bolalaydi. Juftlashish davri – fevral martda. Iyunda bolalaydi (1 tadan 5 tagacha). Bolalari 1–1,5 yoshgacha onasidan ajralmaydi, 2-3 yilda jinsiy voyaga yetadi. Yovvoyi tuyoqlilar, ba’zan kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Tog‘ bo‘ylab yovvoyi tuyoqlilar ortida yuqoriga va pastga mavsumiy ko‘chib yuradi. Umri uzunligi — 21 yilgacha.

Ma’lum qilinishicha, baland tog‘ yaylovlarining o‘zlashtirilishi, ozuqa manbalarining kamayishi va brakonerlik qor qoplonining kamayishiga sabab bo‘lmoqda.

U hozir dunyoning hayvonot bog‘larida ko‘paytiriladi. Uni ovlash taqiqlangan. Hisor, Zomin, Chotqol qo‘riqxonalari va Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida muhofaza ostiga olingan. CITЕS’ning 1-ilovasiga kiritilgan.

Shuningdek, o‘tgan yili 15 avgustda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining ham fotosuratlari fotoqopqonlarga tushgan.


Ushbu ayiq ham O‘zbekiston va jahon «Qizil kitob»iga kiritilgan bo‘lib, CITЕS’ning ikkinchi ilovasida turadi.

Qayd etish joiz, fotoqopqonlar Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i BMT Taraqqiyot dasturining «Global ahamiyatga ega bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida tog‘li hududlarda o‘rmonlardan va tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va boshqarish» loyihasi bilan hamkorlikda o‘rnatilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)