20:30 / 18.09.2020
3 062

Karantinni buzgan san’atkorlar: Senat qo‘mitasi raisi buni hurmatsizlik deb baholadi, Madaniyat vazirligi bayonot bilan chiqdi

Karantinni buzgan san’atkorlar: Senat qo‘mitasi raisi buni hurmatsizlik deb baholadi, Madaniyat vazirligi bayonot bilan chiqdi
Foto:Ahmad Temirov va Vohidjon Isoqov
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi ayrim san’atkorlar tomonidan to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha bayonot berdi. Ma’lumki, keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Bravo» jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda xonanda Vohidjon Isoqovlarning nikoh to‘ylari tasvirlangan video va fotolavhalar tarqaldi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

«Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqi yo‘q. Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas. Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

Tabiiyki, san’at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va mas’uliyat yuklaydi
», - deyiladi bayonotda.

Madaniyat vazirligi soha vakillaridan o‘z hayot va faoliyatlarida yuqoridagi mezonga amal qilishni so‘ragan. Mas’ul idoralarni belgilangan me’yorlarni buzgan san’atkorlarning javobgarliklarini ta’minlash uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqirgan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayevning bildirishicha, tabriklash uchun kelgan o‘ndan ortiq san’atkorlar hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligini tarqalgan video va fotolardan yaqqol ko‘rinib turibdi.

«Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qo‘yganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali o‘z ta’sir kuchini ko‘rsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yig‘ib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sog‘lig‘ini, hayotini xavf ostiga qo‘yish to‘g‘rimi?», - deb yozadi senator.

Uning aytishicha, bunday xatti-harakatlar «tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday to‘y o‘tkazib, belgilangan jarimani to‘lab ketish bilan osongina qutulish mumkin» degan noto‘g‘ri xulosalar shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi.

«Axir xalq ko‘z o‘ngida yurgan, san’at olamiga daxldor odam boshqalardan ko‘ra madaniyatliroq bo‘lishi, kerak bo‘lsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga ko‘proq hissa qo‘shib, yoshlarga o‘rnak ko‘rsatishi kerak emasmi?

Bu kabi ko‘ra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina ma’lum bir miqdorda jarima to‘lash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash ko‘rinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq
», - deydi Baxtiyor Sayfullayev.

Ushbu holatlar bo‘yicha Madaniyat vazirligiga senator so‘rovi yuborilgani va mazkur masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingani aytiladi.

Avvalroq, 29 yoshli Ahmad Temirov to‘yini Shayxontohur tumanidagi uyida tashkillashtirgani va to‘yga 40 nafardan ortiq mehmonlar kelishgani ma’lum bo‘lgandi. Toshkent shahar IIBB mazkur fakt asosida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini bildirdi.

16 sentabr kuni esa 32 yoshli Vohidjon Isoqov Shayxontohur tumanida amaldagi sanitariya-epidemiologiya talablarini buzgan holda to‘y tadbiri o‘tkazgani ma’lum qilindi. Poytaxt IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, foto va videolardagi mehmonlar soni 50dan oshgan. SEX ishchilari tomonidan mazkur fakt asosida tadbirni tashkillashtirgan Vohidjon Isoqov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasiga ko‘ra jarimaga tortildi. Unga EKIHning 5 baravari miqdorida jarima belgilandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Karantinni buzgan san’atkorlar: Senat qo‘mitasi raisi buni hurmatsizlik deb baholadi, Madaniyat vazirligi bayonot bilan chiqdi