09:05 / 19.09.2020
2 785

Yong‘oq — inson xotirasini charxlaydi. U salomatlik garovi hamdir

Yong‘oq — inson xotirasini charxlaydi. U salomatlik garovi hamdir
Inson organizmi uchun kerakli vitaminlarga boy yong‘oq mag‘zi, ayniqsa, inson miya faoliyati, xotira tizimini mustahkamlaydi. Mutaxassislar har bir odamga kuniga hech bo‘lmaganda bir yoki ikki dona yong‘oq iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Ushbu tavsiyalarga amal qilgan yangi avlodning kelajagi porloq. Bilim bor, istiqbol bor, mamlakatni taraqqiyoti uchun zehni o‘tkir, botiniy olami butun yoshlar tayyor... Bu-ularni har qanday innovatsion yangiliklarni yaratishga qodir deganidir. Idrokli, takrorlanmas qobiliyat va ongu tafakkuri yuksak kadrlar bilan mamlakatning o‘zi ko‘zlagan marralarga erishishi oson kechadi.

Demak, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z faoliyatining dastlabki kunlaridanoq zaminimizda serhosil yong‘oqzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etish tashabbusini ilgari surdi. Maqsadlar yuksak—sohani rivojlantirish orqali iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bir pog‘ona ko‘tarish, shuning barobarida iste’molni ko‘paytirib, bo‘lg‘usida intellektual salohiyati yuqori avlodni tarbiyalash. Endilikda yong‘oqdan qisqa yil ichida mo‘l hosil olish maqsadida turli intensiv texnologiyalar joriy etilmoqda. G‘oyaning mazmun-mohiyati chuqur. Yillar o‘tgan sari biz buni teran idrok etib boraveramiz.

Mulohazalar: tabobat ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino o‘zining «Tib qonunlari» asarida ko‘plab dorivor foydali o‘simliklar qatori yong‘oqning xususiyatlari haqida yozadi. Unga ko‘ra, yong‘oq daraxti mevasi, bargi, po‘stlog‘i, mag‘zidan tayyorlangan sharbat har xil kasalliklarni davolaydi va oldini oladi. Shu xususiyati bilan yong‘oq mag‘zi mol go‘shtidan 7 barobar ustun turadi. Yong‘oq mag‘zida temir, fosfor, mis, serotin moddalari, 58–77 foiz yog‘, 12–25 foiz oqsil va 5–25 foiz uglevodlar mavjud.

Xitoy, AQSH, Ispaniya, Italiya, Avstriya, Turkiya, Ukraina, Moldova kabi davlatlari yong‘oq yetishtirish va uni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallaydi. O‘zbekiston ham ular safiga qo‘shilmoqda. Prezidentimiz ko‘rsatmalari va yaratib bergan sharoitlari natijasida Akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan yong‘oqning o‘nlab qimmatli navlari yaratildi.

Asosiy urg‘u berilayotgan grek yong‘og‘i. Issiqsevar daraxt va uni yaxshi yetishtirish uchun harorati +10° dan yuqori bo‘lgan 150 kun talab qilinadi, namlikka talabchan. Hozirda respublikamizning bir qator tumanlarining tog‘ bag‘rilarida, yassi kengliklariga barq urib rivojlanayotgan daraxtzorlarni ko‘plab uchratasiz. Bo‘yi 25-30 m.gacha yetadigan daraxt dastlab in-vitro laboratoriyalarida uta nozik shaklda undiriladi.

Masalan, uning «Chandler» navi to‘rtinchi yildan boshlab hosilga kiradi. U gektaridan 6-7 tonnagacha meva boradi. Yong‘oq – yorug‘sevar o‘simlik bo‘lib, u yolg‘iz o‘zi yoki siyrak o‘sganda yaxshi rivojlanadi.

Bu yilning 9 aprelida yurtimizda yoqqan qor yong‘oqzorlarga ancha zarar yetkazgan, sovuq urgan bo‘lsa-da, rizqqa yarasha berib, yong‘oqdan shaxsiy tomorqalarda ham tuzukkina daromad olinmoqda. Hovlilarda yangi daraxtzorlar ko‘paymoqda. Bu quvonarli hol. Yong‘oq mag‘zi inson organizmi uchun koni foyda ekanligini unutmaslik kerak. Yong‘oqni muntazam iste’mol qilgan odamning ongu tafakkuri tiniq, dunyoqarash va fikrlashi keng bo‘ladi. Borliqqa teran nigoh bilan boqish qobiliyati ortib boradi.

Demak, yong‘oq nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki insonni hayotda o‘z o‘rnini topishida ham unga aqliy yo‘ldosh bo‘ladi. Eng muhimi kishi salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan yong‘oq uni uzoq umr ko‘rishida shaxsiy shifokor vazifasini ham o‘taydi.

Masalan: Qandli diabetda yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, stressdan chiqishga yordam beradi. Yong‘oq suvi yurak sog‘lomligini saqlaydi, jigarni sog‘lomlashtiradi, ozishga yordam beradi, terini sog‘lomlashtiradi va harakatchanlikni yaxshilaydi. Xotirani kuchaytiradi, miya funksiyalarini yaxshilaydi va hazm sistemasini yaxshilaydi. Uyqusizlik muammosini hal etadi va boshqalar... Yong‘oq ming dardga davo ekan.

Navro‘z Rizayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi a’zosi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yong‘oq — inson xotirasini charxlaydi. U salomatlik garovi hamdir