20:33 / 19.09.2020
3 177

Kundoshlik haqida o‘ylar... Yoxud ayollardan ayollarga nasihat

Kundoshlik haqida o‘ylar... Yoxud ayollardan ayollarga nasihat
Aslida, bu mavzuda gapirishni istamagan edim. Ammo...
Kuni kecha tanishlarimdan biri qo‘ng‘iroq qildi. Emishki, unga singil bo‘lgan ayol (ya’ni kundoshi) o‘rtadagi kelishmovchilik tufayli bilak tomirini kesishga uringan. Tez tibbiy yordam vaqtida ko‘rsatilib, ayolning hayoti omon qolgan, ammo, mushaklar jiddiy shikastlanib, qo‘l falajlanib qolibdi. Shu kungacha juda ko‘plab ayollardan kundoshlik to‘g‘risida shikoyatlar, hikoyatlar, rivoyatlar tinglagan edimu, bunday mushkulot haqida eshitmagan edim.

Nahotki biz muslimalar hayotimiz, sog‘ligimiz, eng dahshatlisi oxiratimizni shu qadar arzon baholaydigan, oson yo‘q qiladigan bo‘lib ketgan bo‘lsak? Dunyoning hech bir qiyinchiligi, musibati (ularni biz musibat deb o‘ylaymiz, xolos) shirin jondan aziz emas, o‘zni o‘ldirishga, nogiron bo‘lib qolishga arzimaydi.

Keling, azizalarim, fursat bo‘lgan ekan, kundoshlik haqida bir dildan suhbatlashaylik, fikr almashaylik. Mavzuimizga erkaklarning adolati, tenglik masalasi, shar’iy mezonlarni zarracha aralashtirmay, ikki ayolning kechmishlari, o‘zaro muomalasi, muammolarni bartaraf etish haqida gaplashamiz.

Kundoshlik nima, kundosh kim?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalaridan boshlanib, o‘zini musulmon deb bilgan, halollik izlagan salafi solihlarimizning juda ko‘pchiligi amal qilgan sunnatning nomi – ko‘poilalilik. Ana shu sunnatni ado etilishiga sabab bo‘lgan, sunnat tirilishiga hissa qo‘shgan ayollarning nomi kundosh, turmush tarzi esa kundoshlilik. U ayol sherigining dushmani emas, bil’aks, taqdirdoshidir. Yaxshi yomon kuni, shodligiyu musibati, ochin-to‘qinligi – barcha-barchasi, bir so‘z bilan aytganda, ko‘rgan kuni bir xil bo‘lgan dugona.

Bir sinfda o‘qiganlar sinfdosh, birga harbiyda bo‘lgandar «quroldosh», g‘am qayg‘usi o‘xshash bo‘lganlar «qayg‘udosh» bo‘lsa, butun turmush tarzi bitta insonga bog‘liq ayollar «kundosh»dir. Mantiqan olib qaralsa, ana shu dugonalar dunyoda opa-cingildan ham ko‘ra yaqinroq bo‘ladi. Chunki, jigar-bag‘irlarning g‘ami bir, ammo hayoti boshqa. Kundoshning esa, g‘ami ham, turmushi ham, hayoti ham bir. Sinov kelsa, hammasiga barobar keladi, shodlik ham.

Kundoshlik biz o‘ylagan, miyamizga singib qolgan darajada yomon holat emas. U ham qarindoshchilikning, ijtimoiy aloqalarning bir turi, xolos. Agar bu biz o‘ylagan kabi qabih, zararli ish, g‘urbat manbai bo‘lganida, nomi tinchlik, salomatlik ma’nosini anglatuvchi muborak Islom dini shariatiga kiritilmas, bil’aks, ta’qiqlangan bo‘lar edi. shunchaki, ongimizda noto‘g‘ri tutumlar, xato talqinlar sabab yomon bir ish kabi o‘rnashib qolgan. Kundoshlik maqollardagi «Kundosh – kunda ko‘zingda yosh», «Kundoshlik – ko‘ngil g‘ashlik» emas, balki hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ta’riflagan qo‘shnichilikdir. Kundosh biz o‘ylagan «yosuman» emas, balki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlari kabi dugona bo‘ladi. Biz kundoshga mana shu rakursdan turib qarab ko‘rsak, qanday bo‘larkin?

Alloh rahmatiga olsin, hofizi Kalomulloh bo‘lgan onaxon bor edilar. Bir suhbatlashganimizda: «Qori dodangiz uylandilar. Bir ayolning qalbidan o‘tadigan hamma his mendan ham o‘tdi. O‘sha kunlarda Rahmatulloh allomaning onalarini ziyorat qildim. Eshikdan kirsam, 92 yoshli onaxon o‘rinlaridan turib: «Onalarimizga berilgan maqom sizga ham muborak bo‘lsin. Ularning yo‘lidan yurish baxti hammaga ham nasib qilmagan. Bu maqomga munosib bo‘ling!» deb kutib oldilar. Shuning o‘zi manga kifoya qildi», deb aytib bergan edilar. Bir jumlada nasihat, taskin, tanbeh jamlanganini qarang. Bu nasihatning yetukligi, beozorligi, zalvorini qarang! Nasihat qiluvchining odobu usuli, eshituvchining itoat va husni qabul qilishini ko‘ring!

O‘shanda, allomani alloma qilgan volidalari ekanda deb o‘ylagan edim. Bizga bugun shunday nasihat qiluvchi onalar yetishmayapti, nazarimda. Qoriya onam o‘zlari eshitgan bu go‘zal taskinni qachonlardir menga aytgan edilar. Men endi sizga aytmoqdaman. Qanday qabul qilish o‘zingizga bog‘liq.

Bizda, ming afsuski, ko‘poilali kishilar odamlar nazdida xiyonatkor, kattadan keyingi ayollar esa eng razil ayol bo‘lib ko‘rinib, sunnat toptalib qolgan. Bu ham sobiq tuzumning «xizmatlari»dan biridir. Biz soddalar 14 asr amalda bo‘lgan sunnatni qo‘yib, 70 yillik tuzumning ta’siriga berilib ketdik. Ota-bobolar ibodat deya qilgan amalni jinoyat, xiyonat, razolat deb qabul qildik. Qosir aqlimiz, sayoz tuyg‘ularimiz, nafsimiz amriga bo‘ysunib, sunnat amaldan kulfat yasab oldik. Miyamizga majburan singdirilgan bolalar o‘ksiydi, odamlar nima deydi, degan andisha sunnatga amal qilishdan ustun bo‘lib qoldi. Shariat ruxsat bergan, hatto maqtalgan bu ishni qo‘ldan xunuk ko‘rsatishga erishildi.

Ko‘p oilali bo‘lishning jamiyatga foydalari, ijtimoiy birlik, ijtimoiy himoya, qudachilik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi oqibatida musulmonlar kuchli jamiyat tuzishi mumkinligini yaxshi tushungan sobiq tuzum korchalonlari nima qilib bo‘lsa ham, bu an’anani yo‘qotish, odamlarni undan nafratlantirish uchun barcha imkoniyatni ishga solishdi. Va bunga to‘la erishildi ham. Bir eslab ko‘ringchi, to rus tuzumi adabiyotigacha bo‘lgan manbalarning birortasida ko‘poilalilik zarari haqida birorta ma’lumot bormi? Men bu haqida na siyrat, na tarojum kitoblarining birortasida o‘qimadim hali.

Ruhlar yaralishidan ellik ming yil avval bitib qo‘yilgan taqdir kitobida, kundoshli bo‘lish qismati nasib etibdi. Bu nima degani? Bu Oisha, Zaynab, Hafsa, Savda onalarimizga o‘xshab yashash, ularning sunnatini tutish sharafi berildi degani! Axir, kimga o‘xshashni orzu qilasan, deganda, aynan onalarimiz nomini tilga olgan, ular kabi bo‘lishni istaganlar biz emasmidik? Mana, ilohiy inoyat sabab ular sunnati bizga musharraf bo‘lib turibdi, qani o‘sha orzular ro‘yobi o‘laroq, onalarimiz kabi tutum qilib ko‘rmaymizmi?

Yoki biz hatto orzularimizda ham munofiqlik qilamizmi? Soxtalik shu darajaga yetdimiki, biz orzuni ham xo‘jako‘rsin, xo‘ja eshitsin deb qiladigan bo‘ldik?! Aytingchi, Oisha onamiz ustilariga boshqa onalarimiz kelishganida, o‘zlarini qanday tutganlar? Janjal to‘polon, araz, adolat qilishga yo‘l qo‘ymaslik, boshqa onalarimiz dilini og‘ritish, ko‘nglini cho‘ktirish, ularning «oh»iga qolish evaziga hukmlarini o‘tkazdilarmi?

Kundoshlarining kamsitilish, ezilib yig‘lashlari hisobiga, o‘zlari harna ikki-uch kun ko‘proq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga turdilarmi? Yoki onalarimiz farzandlarini o‘rtaga qo‘yib, ulardan foydalandilarmi? Biror joyda o‘qiganmisiz, Moriya onamiz Ibrohim sabab Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tutib qolganlarini? Aslo! Nubuvvat xonadonida ham, sahobalar uylarida ham bunday ishlarning uchquni bo‘lmagan hatto.

Onalarimizda ham bizda bo‘lgan tuyg‘ular, ayol sifatida ko‘ngil o‘zgarishi, allaqanday hislar bo‘lmaganmi? Yo‘q, ular bizdan yuz chandon nozikta’b, hassos va qalbi zarif ayollar edilar. Shunchaki, ular o‘zlaridan boshqalarda ham qalb borligini bilib, ehtiromini o‘rniga qo‘yganlar, xolos. Ular biz kabi Alloh taoloning nazargohi bo‘lgan qalbni sindirishga jur’atli emas edilar.

Ayollarning topib olgani, «Onalarimiz ham rashk qilganlar, kelishmovchiliklar bo‘lgan» degan bahona! Shuni yaxshi bilish kerakki, biz tarixdan o‘qigan, onalarimiz oralarida bo‘lib o‘tgan ba’zi ishlar juda kam sodir bo‘lgan. Bori ham hadis va siyrat kitoblarida qayd etilgan. Xo‘sh, insof bilan aytaylik, ular orasida yuz bergan bu beozor to‘qnashuvlarda g‘araz, ichiqoralik, noinsoflik, beandishalikni ko‘rganmisiz?

Unda bolalarcha beg‘uborlik, musulmoncha soflikdan o‘zga narsa yo‘q! Ular rashkni hayotlari asosi qilib olmaganlar, ularda kundoshga nisbatan nafrat yoki adovat degan narsaning o‘zi bo‘lmagan. Ular ongida buyuk g‘am – oxirat dardi bor edi. Islom dini rivojiga hissa qo‘shish g‘ami bor edi. Allohni rozi qilish, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ko‘zlarini quvnatish kabi yuksak maqsadlari bor edi.

Ba’zan, yaxshiyamki bizlar saodat asrida tug‘ilmagan ekanmiz, deb o‘ylayman. Shu dunyoqarash, shu torfe’llik, shu kaltao‘ylovlik bilan o‘sha davrda yashasak, bilmadim ne kechardi holimiz. Onalarimizning taqdirlaridan bir shingilginasi bizga musharraf bo‘lib turganda, chidamay, ayyuhannos solyapmiz, agar din tashvishlari, islomiy yurishlar, musulmonlik uchun chekilgan jafolar, hijrat mashaqqatlariga yo‘liqqanimizda, aniqki, yutqazar edik, noumid bo‘lib qolardik.

Biz o‘zgalardan sunnatga qat’iy amal qilishni talab etamiz, go‘yo o‘zimiz do‘ndirib qo‘ygandek! Tahorat va namozdagidan boshqa qaysi rotiba sunnatni qoim qilganimiz, esimizda ham yo‘q. Jazo jinoyatning jinsidan bo‘ladi, unutmang. Siz minglab sunnatlarni tark etib yashayotgan bir sharoitda, xojangiz bittasini tark etsa, nima bo‘libdi?

Ba’zan tuyg‘ularga aylanib qolgim keladi. Ba’zan tuyg‘ularning tili bo‘lib qolishni istayman. Qani endi odamlar qalbidagi kechmishlarning jonli timsoliga bo‘lsamu, ulardan o‘tgan alam-ozorlar, orzular, sof tuyg‘ularini bir-biriga ko‘rsatib bersam... Buning imkoni yo‘qda...

Katta xonimlar, sizga aytar gaplarim bor, izn bersangiz...
Xojangiz siz bilan necha yillar birga yashadi, yaxshi kunlarni ko‘rdi. Kuyovlik, otalik tuyg‘ularini siz sabab tuydi. Bu xotiralar uni hech qachon tark etmaydi, xotirjam bo‘ling. Siz uning uchun hayotining bir bo‘lagi, qadrdoni, qadrli insonisiz. Uning tayin makoni sizning uyingiz. Yo‘qlovchilar ham sizning eshiginizga kelib chaqiradi uni, kundoshingiznikiga borib emas. Odamlar sizni nomingizni uniki bilan birga aytadi, faqatgina siz dunyoga keltirgan farzandlarni uning zurriyoti deb taniydi. Qarindosh-urug‘, do‘st-yoronlarnikiga emin-erkin, erka bo‘lib siz kirib bora olasiz, u emas. Xojangiz bilan birga yurish, sayohat qilish huquqi ham faqat sizga berilgan.

Kundoshingiz esa, eri bilan hatto o‘z ota uyiga borishga ham haqli emas. Bora olmaydi. Siz uchun oddiy kunlar, hatto zerikarli bo‘lgan hayot uning uchun ushalmas orzu. Rashk qilish, xafa bo‘la olish, o‘ksinish huquqi ham faqat sizga berilgan, unga emas. Mobodo u rashk qilib qolgudek bo‘lsa, eshitadigan javobi tayin: «O‘zing birovni ustiga tekkan bo‘lsang, endi rashk qilasanmi?» O‘ylab ko‘rilmaydi, Savda onamizning ustilariga kelin bo‘lib kelgan Oisha roziyallohu anho rashkda eng peshqadam ayol bo‘lganliklari.

«Bu erning hamma tashvishi mening zimmamda. Mehmoniga qarayman, kir-chirini yuvaman, dazmolini bosaman, uy joyini saranjom qilib o‘tiraman. U kishim esa, erimning topgani yeb yotishni, tayyoriga ega chiqishni biladilar». Siz xuddi shu fikrda bo‘lib, o‘rtanib yurgan chog‘da, u umuman boshqa narsani o‘ylaydi. «Qani edi men ham bir ayol kabi ro‘zg‘or yuritsam. Qani endi bu yerga ham mehmonlar kelsa. Qani edi mening uyimda ham uning kiyimlari bo‘lsayu, yuvib dazmollasam. Qani edi dadang kelib qoladi, deb shoshib uyimni yig‘sam, taom pishirib kuta olsam».

Siz eringizning xizmatini qilib, jannatdagi darajangizni oshirib yurgan vaqt, u uyida bor bo‘lgan sochiqni, bir sidra kiyim boshni toza bo‘lsada, yuvib, dazmollab, o‘zini aldab yurgan bo‘ladi... Chunki o‘zini tanigan, o‘zini bilgan odam o‘z vazifasini bajarishni istaydi, qila olmaslikdan siqiladi. Fitrati buzilmagan er oila tebratish, hojatlariga qalqon bo‘lishdan, oilasi uchun urinib yurishdan nechog‘li zavq olsa, o‘zligini yo‘qotmagan ayol ham xojaning xizmatida bo‘lishdan, o‘z vazifalarini bajarishdan shunchalar rohat tuyadi. Buni o‘zingiz hammadan yaxshi his qilasiz, to‘g‘rimi?

Siz alam ustida, o‘zingizga o‘zingiz: «tuzuk bo‘lsa, ajralib birovga ikkinchi bo‘lib tegarmidi», deya malomat qilayotganda, xayolingizga onalarimizning aksari ham shu taqdirga ro‘baro‘ bo‘lganlari keladimi? Maxluqning jismoniy aybini malomat qilish, aslida Xoliqni ayblash kabi bo‘ladi, deydilar. Biz ham kundoshni taqdiri uchun ta’na qilishimiz, qismatga iymonsizlikdek, hov o‘sha sahobiya onalarimizga ta’na toshi otishdek gap emasmi? Siz uning hayotini yashamagansiz, u chekkan ozorlar, hatto ajralib, malomatlarga qolishga ham rozi qilib yuborgan ranju alamlarni totmagansiz, totmang ham.

Bir ayolning orzular, umidlar, sof hislar bilan bosgan ostonani noumid bo‘lgan, hayoti singan, kelajagi qorong‘u holda yig‘lab yig‘lab tark etishga majburlagan qanday katta sabablar bo‘lishi mumkinligini siz bilmaysizda... Uning tili qisiq, nomi past, nuqsoni bo‘ynida bo‘lib qolgani uchun malomat qilish oson. Faqatgina ikkinchi bo‘lgani uchun ham «senga bo‘laveradi» qabilida muomala qilinishi, ko‘ngliga oyoq qo‘yilishi osonmi? Uning kelida tuyilgan gul umri Siz va xojangiz sabab chiroy ochsa, u ham oddiygina ayollik baxtini his qilsa, siz rohatlanmaysizmi? Dinqardoshga shuni ravo ko‘rish qo‘lingizdan kelmaydimi?

Kichkina singillarga aytar so‘zlarim...
Opangiz Sizga yonidan joy bergan, yoshligi, gul umrini bag‘ishlagan bir insonini bo‘lishgan, sizning ham o‘zi kabi yaxshi bir hayotda yashashingiz uchun o‘zidan kecha olgan bir bag‘rikeng ayol u. Shuncha yil yaxshi rafiqa, yaxshi kelin bo‘lib kelgan, hammaning ko‘nglini topa olgan opangiz, sizga kundosh bo‘lgani uchungina yomon ayolga aylanib qolmaydi, shuni unutmang. U siz sabab shundoq ham qiynaladi. Xojasining libosiga o‘zidan boshqaning qarovi, parvarishi sezib, qiynaladi. Yig‘lab tong ottirgan, bolalaridan ko‘zini olib qochib o‘tkazgan tunu kunlari qancha uning. Shuncha jafoga yarasha endi uning ehtiromini qilmay, yomon so‘zlar aytishingiz, adabsiz muomalangiz unga ortiqcha!

Odamning qalbini sindirib, o‘ksitib yuboradigan nayzali gaplardan biri «Tuzuk bo‘lsang, ering ustinga uylanarmidi, san turganda, mani dermidi», degan ahmoqona da’vo. Hoy, senga baxtining yarmini bergan, quvonchini bo‘lishgan, Alloh taologa itoati sabab sabrda bo‘lgan opanga javobing shumi? Oisha onamiz Savda onamizga, Hafsa onamiz Oisha onamizga shunday deganmidilar? Onalarimizga o‘xshashni orzu qilgan ekansan, marhamat, ularning odobi, andishasi, sofligi, insofiga ham taqlid qilgin. Senga xojasining kirini yuvdirmagan, xizmatini qildirmagan, injiqliklarini o‘zi ko‘targan ayolga shu gapni ravo ko‘rish uchun naqadar insofsiz bo‘lish kerak, bilmadim.

Ba’zan shikoyatchilar «Opamning uyi falonday, sharoiti bunday, men esa ijarada yashayman. Qani adolat?» deb yozg‘irishadi. Shunda «Siz shukr qilmaysizmi, Alloh taolo sizdan oxiratda mulkdorlik hisobini olmaydi, inshoolloh. Yashash uchun hamma qulayligingiz bor, ijara bo‘lsada uy joylisiz. Rizq faqat yeb ichishda emas, kiyinish, turar joy, hatto kunlarda ham har xil taqsimlangan. Bu ham rizqda», deyman. Bir ayol shuni o‘ylayverib, boshi og‘riydigan bo‘lib qolgani, psixotrop dorilar ichib yurishini aytib berdi. To‘g‘ri, uning ham havasi keladi, nimalarnidir orzu havas qiladi, lekin shuni deb hammani siqishi, o‘zi ham xastalikka mubtalo bo‘lishi to‘g‘rimi?

Xo‘jayin u yoki bu oilasida farzandli bo‘lsa, ikkinchi tomonning jahli chiqishi, g‘azablanishi, juda insof qilsa, shunchaki ichida xafa bo‘lishi oddiygina holga aylangan. Tasavvur qiling, erning mashinasi, uy yoki savdo do‘koni, boringki, yangi kiyimi bittaga ko‘paysa, xursand bo‘ladigan ayollar, naslinig davomchisi, ortidan qoladigan solih zurriyoti, duogo‘yi bo‘lgan farzandi ko‘paysa, qovoq tumshuq osib oladi. Shaxsan o‘zim taniydigan ayollardan biri «Dadasio‘g‘il ko‘ribdilar, kundoshimning telegramida birga tushgan suratni ko‘rdim. So‘rasam, mani bolam emas, uning jiyani, deb tan olmadilar», deb qoldi. Ayollarning kaltabinligi shu darajaga yetganki, eri o‘z bolasini tan olishga hadiksirab turibdi. Bu endi nimasi?

Bolajonga qanday qilib g‘araz va adovat bilan qarash mumkin? Xo‘sh, erning bolasi ko‘paysa nima qiladi? Unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bir ummatlari, farzandlarimning jigari deb qarash mumkin emasmi? Uni yaxshi ko‘rmasin, mayli, hech yo‘q, bir begunoh go‘dakda, deb tug‘ilishini tabrik etish, sunnatga amal bo‘lmaydimi? Insof, aql, farosat bilan qaralsa, dunyoda bir-biriga eng yaqin bo‘lishi, mehr ko‘rsatishi, silai rahmni eng qattiq bog‘lashi kerak bo‘lgan kishilar aka-ukalarku. Nega injiq onalarning erkaligi sabab bu rishta kech ulanishi, ko‘pincha aslo bog‘lanmay qolishi kerak? Mana shunday kurakda turmas injiqliklar sabab, ayolning avvalgi turmushdan bo‘lgan farzandlari tugul, hatto erning o‘z bolasi ham ota mehriga to‘ymay qoladi. Otasini pochcha yoki tog‘asi kabi onda sonda ko‘radi, o‘rtada uzilish, begonalik hissi paydo bo‘ladi.

Biz juda ham mayda ishlar, mayda muammolar bilan o‘ralashib qoldik. Dunyoda biz g‘am deb, asab buzib, gunohga botib, fikru zikrimiz ila mashg‘ul bo‘lib qolgan, nima qilsam shu erni bitta o‘zim egallayman, degan «olamshumul muammo»dan ko‘ra kattaroq tashvishlar tiqilib yotibdi. Biz o‘zimiz, erimiz va hatto farzandlarimizni ham faqat mana shu «qo‘shxotinlik» muammosi bilan ovora qilib qo‘yib, boshqa ishga imkon qoldirmagan chog‘da, boshqalar kosmosni zabt etmoqda, insoniyat manfaatiga xizmat qiluvchi kashfiyotlarni ochmoqda. Biz esa, iqtidorli bolalarimizni o‘tkir zehnini otasi va o‘gay onasining muammolari bilan to‘ldirib yuribmiz.

Biz zamonaviy muslimalarning musibatimiz shundaki, Qur’on va sunnatning o‘z nafsimizga mos qismini olib, qolganini nari surib qo‘ymoqdamiz. Taqdirda shunday ish bitilganmi, taslim bo‘laylik. O‘zimizni majburlab, nafsimizga jihod qilib, o‘rtada yo‘qolgan onalar sunnatini tiklab ko‘raylikchi, nima bo‘larkin.

Boshimizdagi ro‘mol, qo‘limizdagi Qur’on bizni muslimalarning timsoli qilib ko‘rsatib qo‘ygan. Boshqalar bizni ko‘rib, dinga baho beradi. Agar o‘zimizni o‘nglab, jahlimizni jilovlab, Alloh rizosi uchun opa-singillar bilan murosa qilsak, bu Islomga xizmat bo‘ladi, qadrimiz oshadi. Quruq yaxshi niyatdan o‘zimizga savob bo‘lar, ammo dinga foyda tegmaydida. Biz o‘rnak bo‘lishni niyat qilib, uni amalda tatbiq emasak, xuddi eng zaif iymon sohibi maqomida bo‘lamiz. Niyatni to‘g‘rilab, jon jahdimiz bilan uni amalga oshirishga harakat qilsak, Alloh taoloning O‘zi baraka berib qo‘yadi. Risoladagi tutumni qila olmasak, hechqursa elga gap so‘z bo‘lishdan qochaylik. Buning nomi – murosa! Shuncha qo‘ni qo‘shni, ovsinlar, qayin bo‘yinlar, tanishlar bilan qilgan muomalani shu kundoshdan ham darig‘ tutmang. Foydasini ikki dunyoda ko‘rasiz, inshoolloh.

Men kundoshli ayolga aslo oson tutmayman, bu ayniqsa, bugungi dindan uzoqlashilgan sharoitda ayniqsa og‘ir. Ammo oson emas ekan deb haddan oshish, shuni hayotning birinchi planiga qo‘yib olish yaxshimikin? Alloh taoloning ruxsati, payg‘ambarimizning sunnatlariga qarshi borish, ta’bir joiz bo‘lsa, unga qarshi kurashish bilan biror yutuqqa erisha olamizmi? Bugun qayg‘ular oxirat emas, shu dunyoning o‘zida yaxshi yashashdan iborat. Amallar ham, e’tiqod ham shunga yarasha. Ammo bizga juda juda yaqinlashib qolgan chin musibat bor. Bu qabr hayoti. Ha, yaqin qoldi. Bilmaymiz qancha muddat bu yorug‘ olamda mehmon bo‘lamiz, ammo borar manzilimizga yetib qolganimiz tayin.

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)