23:30 / 19.09.2020
1 631

Yuridik sohada ishlovchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha elektron platformalar yaratiladi

Yuridik sohada ishlovchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha elektron platformalar yaratiladi
Bu haqda joriy yilning 17 sentabr kuni adliya vaziriligi tomonidan AOKA anjumanlar zalida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi. Matbuot anjumani Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2020 yil 8 sentabr kuni qabul qilingan “Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga bag‘ishlandi.

Matbuot anjumanida Adliya vazirligi va vazirlik huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi mutasaddi xodimlari tomonidan mazkur qarorni qabul qilishdan maqsad va kutilayotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga qaror bilan yuridik sohada ishlovchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning zamonaviy tizimini joriy etish tartiblari belgilangani aytildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qarorni qabul qilishdan maqsad xalqaro standartlarni hisobga olgan holda adliya organlari va muassasalari xodimlari, advokatlar, notariuslar, yuriskonsultlar, patent vakillari, mediatorlar hamda boshqa soha mutaxassislarini, ya’ni yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishdan iborat.

Qarorga muvofiq, Yuristlar malakasini oshirish markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda hududiy filiallari tashkil etilib, Adliya vazirligining yuridik texnikumlari binolariga joylashtiriladi.

Endilikda qayta tayyorlash kurslarida o‘qitish davomiyligi 4 oy (576 soat)ni, malaka oshirish kurslarida esa 2 hafta (72 soat)ni tashkil etadi va quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
•Markaz va uning filiallarida o‘qitish;
•mutaxassislik bo‘yicha xodimning ish joyida o‘qitish;
•kredit-modul tizimi asosida o‘qitish;
•masofaviy ta’lim.

Matbuot anjumanida malaka oshirishning kredit-modul tizimi haqida tushuntirish berilib, mazkur tizim malaka oshirishning belgilangan davriyligiga rioya qilingan holda o‘quv dasturi modullarini uzluksiz, mustaqil ravishda o‘zlashtirib borishni nazarda tutishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, qaror bilan kasbiy ehtiyojlardan kelib chiqib kadrlar buyurtmachilari va xodimlarga malaka oshirish shakllarini mustaqil tanlash imkoniyati va boshqa soha mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan qisqa muddatli o‘kuv kurslari ham tashkil etilmoqda.

Mutaxassislar tomonidan qaror bilan bir nechta elektron platformalar yaratilishi bo‘yicha ma’lumotlar berildi. Bular :
•kadrlarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi faoliyatini tashkil qilish va har bir xodimning malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma’lumotlar bazasi;
•malaka oshirish kursi bitiruvchilariga elektron sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish maqsadida “Elektron sertifikatlar repozitoriysi” tizimi va dasturiy ta’minoti;
•har bir xodimning individual trayektoriyalari bo‘yicha malaka oshirish jarayonlarini monitoring qiluvchi yagona ma’lumotlar bazasi.

Shuningdek, qaror bilan Yuridik sohaga oid bilim talab etiladigan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat ta’lim talablari tasdiqlanganligi ham aytib o‘tildi.
Matbuot anjumani davomida davlat organlari mutasaddi xodimlari tomonidan jurnalistlarning savollariga huquqiy javob berishdi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yuridik sohada ishlovchi mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha elektron platformalar yaratiladi