23:43 / 21.09.2020
1 068

O‘zbekiston Rossiyada yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinani hamkorlikda sinovdan o‘tkazishga qiziqish bildirdi

O‘zbekiston Rossiyada yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinani hamkorlikda sinovdan o‘tkazishga qiziqish bildirdi
Foto: «Rospotrebnadzor»
O‘zbekiston Rossiyadagi «Vektor» ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqarilgan COVID-19 kasalligiga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uning qo‘shma sinovlarini o‘tkazishga qiziqish bildirdi. Bu haqda «Rospotrebnadzor» tomonidan ma’lum qilindi.

«Rospotrebnadzor» tomonidan xabar berilishicha, mazkur tashkilot vakillari O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan koronavirus tarqalishiga qarshi kurash, shu jumladan, COVID-19 profilaktikasi uchun vaksinani ishlab chiqish masalalari bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazgan.

«Tomonlar Rossiya va O‘zbekistondagi mavjud epidemik vaziyat, o‘rnatilgan cheklovlarni bekor qilish shartlari, shuningdek, ‘Rospotrebnadzor’ning ‘Vektor’ virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Rossiyaning ‘EpiVakKorona’ vaksinasini sinovdan o‘tkazish jarayonini muhokama qildi. Xususan, O‘zbekiston tomoni vaksina ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng uni ishlatish bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok etish istagini bildirdi», — deyiladi «Rospotrebnadzor» xabarida.

Avvalroq Xitoyning Anhui ZhifeiLongcom Biopharmaceutical kompaniyasi O‘zbekistonga koronavirus vaksinasi sinovlarida qatnashishni taklif etgandi. Shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya yoki Xitoy vaksinasini xarid qilish masalasi muhokama qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Gamaleya instituti tomonidan yaratilgan va «Sputnik V» deb nom olgan koronavirusga qarshi ikki komponentli vaksina 11 avgust kuni vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasini oldi. Vaksina to‘liq samaradorlik tadqiqotini o‘tkazish sharti bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan va guvohnoma 2021 yil 1 yanvarga qadar amal qiladi.

Shuningdek, COVID-19’ga qarshi ikkinchi vaksina — «Vektor» ham tezlashtirilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Rossiyaning «Vektor» davlat ilmiy markazi tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlarida ishtirok etgan ko‘ngillilarda ikkilamchi ta’sirlar aniqlanmagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)