08:50 / 06.10.2020
7 122

Otasining yuzini yerga qaratgan qizlar...

Otasining yuzini yerga qaratgan qizlar...
Bugun qulog‘imizga chalinayotgan gaplar:
“... Yettinchi sinfda o‘qiydigan qiz tug‘ib qo‘yibdi”.
“... O‘n uch yashar qiz homilador ekanligi aniqlanibdi”.
“... To‘qqizinchi sinfda o‘qiydigan qiz tug‘ib qo‘yibdi”.

Eshitaverib odatlanib ham qoldik bu kabi shivir-shivirlarga. Hatto keyingi paytda shivirlab emas, baralla gapirayapmiz ham. Hayo qilmay qo‘ydik eshitishdan. Har qanday xunuk illat avval odatga aylanar, keyin esa qonga singib ketaverar ekan. Poraxo‘rlik, haromxo‘rlik, zino va fahsh ham qon-qonimizga singib ketayotgandek nazarimda. Ha, nega jahlingiz chiqadi? Kecha ho, qaysidir qishloqda bir yigit bilan oshiq-ma’shuq bo‘lib, ahdu paymon qilgan qiz to‘yidan 5-6 oy o‘tib farzand ko‘rgani ovoza bo‘lsa, yuzingiz qizarib ro‘molingiz uchini tishlardingiz.

Bugun 12-13 yashar qizaloqning tug‘ib qo‘yganini bemalol eringiz, qo‘ni-qo‘shningizu hatto farzandlaringiz bilan muhokama qilyapsiz. Oxirzamon nishonalarining biri — odamlar orasidan hayo ko‘tarilishidir. Ha, og‘riqli, lekin tan olmay ilojimiz yo‘q — hayo ko‘tarilgan. Hayoning ko‘tarilishi esa baraka, xotirjamlik va halollikdan uzoqlashishga sabab bo‘ladi. Uzoqlashib ketdik bu xususiyatlardan. Afsus, ming afsuski, ho‘lu quruq barobar yonyapti. Birniki mingga, mingniki tumanga uryapti. Ota- o‘g‘ilga, ona qizga shafqat qilmayotgan zamonlarga yetib keldik. Fahsh, zino, harom-harish ishlarga gunoh deb qaralmaydigan kunlarda yashayapmiz.

Ayb faqat pul topishdami?
“Tug‘ib qo‘ygan qizchaning otasi Rossiyada ekan, onasi mardikor ekan” deyapmiz. Odatga ko‘ra bunday hollarda “Ana, ota-ona pul topish dardida uzoqlarda yurgani uchun, bolasining tarbiyasi izdan chiqqan” degan qo‘shiqni baralla kuylashga o‘rganib qolganmiz. Pul topmasa, puli bo‘lmasa yashab bo‘ladimi? Pul bo‘lmasa farzand tarbiyalab bo‘ladimi? Mehnat qilmasa, pul topmasa oila boqish, tirikchilik o‘tkazishning imkoni bormi? Mayli, sizning kasb-koringiz, hunaringiz bordir, Alloh taqdir qilib diplomli bo‘lgandirsiz, kasb-hunari, diplomi yo‘qlar nima qilsin? Umuman olganda, o‘z yurtida moddiy imkoniyatlari uchun yetarli mablag‘ topolmagan inson o‘zga yurtda rizq qidirishga majbur bo‘ladi. Va buning hech aybsitiladigan joyi yo‘q. Tirik jon tirikchilik uchun o‘rmalaydi. Rizq kelishi uchun ham harakat va mujodala kerak. Masala boshqa, farzand tarbiyasidagi kemtiklikka ham moddiyatning o‘rni bor.

Ya’ni to‘kis ta’minot ham, ehtiyojmandlik ham bola tarbiyasiga aks ta’sir qiladi. Ota-onaning pul topish bilan mashg‘ulligini farzand tarbiyasidagi nuqsonga sabab qilish unchalik ham to‘g‘ri emas, nazdimizda. To‘g‘ri, qaysidir ma’noda ta’siri bo‘lishi mumkin, ammo bolalarimizning tarbiyasida oqsayotganimizning asl sababi — ma’rifatdan uzoqligimiz. Bir necha yillar davomida bizni ma’rifatdan uzoqlashtirib bordilar. Bu amallarini juda mukammal reja bilan bosqichma bosqich bajardilarki, oxir-oqibatda bir paytlari ajdodlarimiz uchun uyat, sharmandalik sanalgan ishlar biz uchun oddiy, aytish joiz bo‘lsa, odatiy ishlarga aylandi.

Hayo — xayru baraka yog‘ini
Ma’rifatning ajralmas qismiga aylangan dinimizda ibo va hayo masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Hadisi sharifda ham “Al-hayau min al-iyman” ya’ni “hayo – iymondandir!”, deya marhamat qilinadi. Demak, hayosiz uyat va andishasi yo‘q odamda iymon ham mustahkam bo‘lmaydi.

Sharm-hayo masalasi har doim ulug‘ mutafakkirlarimiz, allomalarimizning e’tiborida bo‘lib kelgan. Xususan, buyuk ajdodimiz hazrat Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida bu masalaga bir necha bora to‘xtalib o‘tganlar.

“Hayratu-l-abror dostonida adab, tavozu’ va hayo kabi xislatlar tavsifiga alohida bob ajratilgan. Unda shoir jumladan, xalq uchun mansab emas, aynan hayo bilan adab sharafliroq ekanini yozadi.

Elga sharaf bo‘lmadi johu nasab,
Lek sharaf keldi hayovu adab.

Shoir hayo bilan adabni har doim yonma-yon tilga oladi. Ularni yog‘in manbaiga – xayru barakot keltiruvchi bulutlarga qiyoslaydi. Bu yomg‘irning har qatrasi tuproqni kimyo qiladi, ya’ni undan oltin undiradi. Navoiy aytadiki, hayo va adab bor joyga xorligu zorlik yaqin yo‘lamaydi. Nega bu haqida takror va takror munoqasha qilayotganimizni mulohaza qildingizmi, suhbatdosh? Farzandimizga eng birinchi navbatda hayo haqida tushuncha berishimiz shart. Va buning uchun avvalo o‘zimizda hayo, adab va iymon haqida yetarlicha zamin bo‘lishi kerak. Muammo shundaki, aksar hollarda farzand tarbiyalayotgan, to‘g‘rirog‘i o‘stirayotgan ota-onalarning o‘zi insoniy fazilatlar haqida tushunchaga ega emas.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmish nechta shoxchadan iboratdir. Hayo iymonning shoxlaridan bir shoxdir”, dedilar (Buxoriy rivoyat).

Hayo barcha yaxshiliklar boshi hisoblanadi. U eng go‘zal ziynatdir, iymon alomatlaridan sanaladi. Hayo Allohning sifatlaridan hamda U Zot suygan xulqdir. Sharmning yo‘qolishi barcha yaxshiliklarning ketishi, demakdir. Alloh asrasin, hayosizlik sharmandalikdir. Zero, Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Hayo nimada bo‘lsa, albatta uni ziynatlaydi. Hayosizlik nimada topilsa, albatta uni sharmanda qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Qiz bolani qanday tarbiyalash kerak?
Avvalo bola tarbiyasi, xususan, qiz bolaning tarbiya jarayonida huquqlari kamsitilmasligi maqsadga muvofiq. Zero: “Farzandlaringizni hurmat qiling va ularni yaxshi xulq bilan xulqlantiring” deyiladi Hadisi sharifda.

Qiz bolani har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, unga hamisha g‘amxo‘rlik qilishning ahamiyati yuksak, oqibati xayrlidir. Mo‘minlar onasi Oysha (r.a)dan rivoyat qilinadi: “Bir kuni mening huzurimga ikkita qizini yetaklab bir ayol tilanchilik qilib kirib keldi. Mening huzurimda bitta xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. Men xurmoni bersam, ayol uni ikkiga ajratdida, ikki qiziga berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirganlarida bu haqda xabar bersam, u zot: “Kim mana shu kabi qiz farzand bilan imtihon qilinsa, qizlarini chiroyli parvarish etsa, uning uchun jahannamdan parda bo‘ladi”dedilar". ( Mutafaqun alayh)

Odatda balog‘atga yetgan qizlarga mehmonday munosabatda bo‘lishadi. Har bir harakatlari to‘g‘irlanib, kelin bo‘lib tushadigan xonadon uchun tayyorlaydi. Qiz bola tarbiyasining zamirida ham aslida bekalikka, onalikka tayyorlash yotadi. Dildan chiqmagan gaplar bilan uni erkalashni esa u tezda payqaydi va bu kabi tanbehlarni qabul qilmaydi, shunday ekan uni ko‘proq o‘pish va erkalash, kamchiliklarini yuziga solmaslik kerak. Qiz bolani tarbiyalashda qaysarlik qilsa qattiqqo‘llik bilan jismoniy jazo qo‘llash yaxshi emas. Chunki qiz onasidan kaltak yeyishdan qo‘rqib o‘z fikrini aytolmasligi va eng muhimi onasini sirdoshi qilib qabul qila olmasligi mumkin. O‘n bir yoshdan boshlab qiz bolaning ruhiyati, dunyoqarashi va fikrlashi kundan kunga o‘zgaradi. Hattoki to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan onalarining gapini olmasligi ham mumkin. Shunday hollarda qiz bolaning ko‘ngliga yaxshi so‘zni qurol qilishi lozim bo‘ladi.

Rivoyat
Kunlarning birida Luqmoni Hakim bir onaning o‘z qiziga qilayotgan nasihatini eshitib qolibdi: “Qizim sen ham balog‘at yoshiga yetib qolding, ertaga birovning hasmiga aylanasan. Mening uyimga esa mehmonga kelasan, xolos. Sen yaxshi hayot kechiraman, obro‘-e’tiborli bo‘lib yuraman desang, qaynonangni hurmat qil, barchadan erta tur, hammadan kech yot, qo‘ling egri bo‘lmasin, boshingga qilich kelganda ham rost gapir, yolg‘onchi, ikkiyuzlamachi, chaqimchi, g‘iybatchi bo‘lma. Qaynonangni, oila a’zolaringni yomonlama. Ziyrak, dono, aqlli bo‘l! Shunda Luqmoni Hakim “Onasini ko‘rib qizini ol, arqog‘ini ko‘rib bo‘zini ol” deganlari shu bo‘lsa kerak deb, yo‘lida davom etibdi.

Millat onalarini munosib o‘stirish kerak

Har bir qizning tarbiyasi, uning kamoloti, uning bir oilaga sevimli kelin bo‘lib borishi nafaqat o‘zi uchun, balki butun bir jamiyat uchun ham muhim sanaladi. Bir qizning sha’ni faqat bir ota-ona yoki xonadon a’zolarining sha’ni emas, butun boshli millatning izzat-obro‘yidir. Bugun hayosizlik domiga tushgan, ekranlaridagi sharmandali sahnalarga boy seriallar ta’sirida “tarbiyalanayotgan”, ma’rifatdan uzoq, odob, hayo va iymondan mosuvo o‘sayotgan qizlar ertaga qanday ona bo‘ladi? Ulardan tug‘ilgan, ularning qo‘lida tarbiyalangan farzandlar kim bo‘ladi? Menimcha, muammoga faqat ota-onaning mardikorligini ro‘kach qilmay, asl mohiyatni ham tahlil qilish va bu borada jiddiy harakat qilish mavridi keldi.

Umida Aziz

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Otasining yuzini yerga qaratgan qizlar...