19:37 / 08.10.2020
1 977

Koronavirusga chalinganlarning 90 foizida hech qanday alomat qayd etilmagan

Koronavirusga chalinganlarning 90 foizida hech qanday alomat qayd etilmagan
Foto: «Penzrb.ru»
Koronavirusni yuqtirib olgan odamlarning aksar qismida hech qanday alomat kuzatilmagan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, qariyb 90% bemorlarda sinov paytida kasallikning uchta asosiy alomatidan birortasi ham aniqlanmagan, deya xabar berdi «The Daily Mail».

Britaniyalik olimlar 36 ming ko‘ngillini o‘rganishdi. Ular apreldan iyunga qadar virusga surtma tahlilini topshirishgan. Buni qarangki, 115 nafar bemordan atigi 16 tasida tahlil topshirgan kuni isitma, yo‘tal, hid va ta’m bilmaslik qayd etilgan. COVID-19 bilan bog‘liq hisoblangan nafas siqishi va charchoq hissi esa 23% bemorda kuzatilgan.

Shu bilan birga, kasallikning birorta alomatidan shikoyat qilgan 158 nafar bemordan atigi 10 foizida koronavirus borligi chindan ham tasdiqlangan.

Olimlar isitma, yo‘tal kabi tashqi alomatlarga qarab COVID-19ni tashxislab bo‘lmaydi, degan xulosaga kelishdi. Faqat testlargina virus yuqqanligini aniqlashi mumkin.

Ta’kidlanishicha, koronavirusning alomatsiz tashuvchilari ham boshqa bemorlar kabi virusni atrofdagilarga yuqtirishi mumkin. Shu paytgacha COVID-19ning yashirin shaklini boshidan o‘tkazayotgan bemorlar yon-atrofdagilar uchun xavfsiz hisoblanardi.

Tadqiqot mualliflari ko‘proq test o‘tkazishga va tekshiruv strategiyalarini o‘zgartirishga chaqirmoqda. Shundagina ko‘plab yashirin holatlar aniqlanib, kasallik tarqalishiga chek qo‘yiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)