08:30 / 09.10.2020
3 583

Komil Allamjonov o‘zining biznesi haqidagi surishtiruvga munosabat bildirdi

Komil Allamjonov o‘zining biznesi haqidagi surishtiruvga munosabat bildirdi
Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi rahbari Komil Allamjonov Irlandiyaning Olsters universiteti va Inson huquqlari bo‘yicha o‘zbek forumining loyihasi bo‘lgan UzInvestigations tomonidan olib borilgan surishtiruvga munosabat bildirdi. Surishtiruv natijalari haqidagi maqola muallifi universitet professori Kristian Lasslett hisoblanadi, deb yozmoqda «Gazeta.uz».

Surishtiruv natijalari e’lon qilingach Komil Allamjonov Twitter’da Kristian Lasslett «o‘z maqolasida hech qanday yangi narsa aytmagani» haqida yozgan.

«Bu ma’lumotlarning barchasi internetda bor. Eng asosiysi — mening faoliyatimda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilganmi? Yo‘q, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari buzilmagan!!!», — deya ta’kidlagan Allamjonov.

«Kristian Lasslett tomonidan vahima bilan e’lon qilingan suratning asli mana bu ko‘rinishda. Hammasi mijozga va u nimani buyurtma qilishiga bog‘liq. Agar maqsad tasvirni bo‘yash bo‘lsa, bu dizayner uchun oddiy vazifa. Haqiqatni ko‘rsatish uchun siz uni tahrir qilishingiz kerak emas. Hammasi maqsadga bog‘liq!», — deb yozgan Komil Allamjonov.

Surishtiruv mualliflarining yozishicha, «Allamjonovning biznes imperiyasini o‘rgana turib, u tomonidan asos solingan kompaniyalar noqonuniy faoliyat hisobiga gullab-yashnayotgani aniqlangan, davlat ularga yashirin ravishda imtiyozlar taqdim etmoqda, ular iste’molchilar huquqlarini buzmoqda va daromadli buyurtmalarni tenderlarsiz qo‘lga kiritmoqda».

Maqolada aytilishicha, soliq inspektorlari tadbirkorlarni Komil Allamjonov tomonidan asos solingan kompaniyalar tomonidan sotiladigan «Soliq-info» gazetasiga obuna bo‘lishga va BЕM buxgalteriya dasturiy ta’minotini sotib olishga majburlagan. Majburiy savdo go‘yoki Komil Allamjonov Davlar soliq qo‘mitasi axborot xizmatiga rahbarlik qilgan vaqtda yuz bergan. Bunda maqolada aytilishicha, «bu Allamjonov kompaniyalar tomonidan foyda olish maqsadida amalga oshirilgan majburlov harakatlaridan xabardor bo‘lganini isbotlamaydi».

Allamjonov Twitter’dagi Lasslett bilan yozishmalar chog‘ida soliq organlari majburlash huquqiga ega emasligini ta’kidlagan.

«Sizda tadbirkorlar obunadan bosh tortgani uchun Davlat soliq qo‘mitasidan sanksiya olganiga asosli dalillar bormi? O‘sha paytda soliq organlari faol mahalliy tadbirkorlarga faoliyatni axborotlashtirishda va buxgalterlarning huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘mak bergan. Dastlab soliq to‘lovchilar orasida obuna bo‘lish uchun tavsiya qilingan «Soliq va bojxona yangiliklari» gazetasi, «Norma» huquqiy tizimi, keyin «Soliq-info», BЕM va boshqalar bo‘lgan. O‘sha vaqtda obunaga tavsiya odatiy amaliyot bo‘lgan. Biroq tadbirkorlar ham tez-tez obunadan bosh tortgan, har kim ma’lumotni qayerdan olishini o‘zi tanlagan», — deya ma’lum qilgan fond rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikaning har bir soliq organi mansabni suiiste’mol qilmaslik haqida qat’iy ogohlantirilgan. Majburlov holatlari tasdiqlangan taqdirda, ular jazolangan. Fond rahbarining bildirishicha, «bunday loyihalarning katta qismi ko‘p yillar avval yopilgan».

Mualliflarning yozishicha, 2017 yilda Komil Allamjonov O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi etib tayinlanishidan ikki oy avval u tomonidan asos solingan Avtotest avtomaktabi «professional haydovchilarni (majburiy) qayta tayyorlash bo‘yicha monopoliyani qo‘lga kiritgan».

Maqolada qayd etilishicha, 2020 yilda «Allamjonovga juda yaqin bo‘lgan kompaniya tendersiz daromadli buyurtma olgan — qog‘oz kadastr pasportlarni plastik kadastr pasportlariga almashtirish bo‘yicha loyiha». Gap GID Systems Tashkent kompaniyasi haqida ketmoqda.

«Mening bu kompaniyaga aloqam yo‘q. Men na xodim, na direktor, na ta’sischi, na benefitsiar hisoblanmayman. Men shunchaki ko‘plab dasturiy ta’minotlar muallifiman, shu jumladan, mazkur kompaniya mendan sotib olgan dasturiy ta’minotning ham», — deya ta’kidlagan fond rahbari.

Komil Allamjonov 2020 yilning yanvar oyidan buyon Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashiga rahbarlik qilmoqda. Bunga qadar Allamjonov Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida ishlagan. Avvalroq esa Prezidentning matbuot kotibi va bir vaqtning o‘zida davlat rahbarining ijro apparati rahbari o‘rinbosari bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Komil Allamjonov o‘zining biznesi haqidagi surishtiruvga munosabat bildirdi