17:38 / 18.10.2020
4 904

Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?

Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?
Leykozni davolash uchun nega ko‘p mablag‘ sarflanadi? O‘zbekistonda donorlik ishlari qanday tashkil etiladi, bemorlar uchun qon zaxirasi yetarlimi? Qon quyuqligi qanday oqibatlarga olib keladi? Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati shu kabi savollarga javob olish maqsadida tibbiyot fanlari doktori Abdurahmon Qayumovga murojaat qildi.

— Koronavirusga chalingan bemorlarning ahvoli qon quyuqlashishi oqibatida og‘irlashmoqda. Aslida qon quyuqligining inson salomatligiga qanday ta’siri bor?
— Ayrim holatlarda xastalik yoki tashqi omillar sabab qonimiz tarkibi buziladi va uning keragidan ortiq quyuqlashib ketishi yoki, aksincha, suyuqlashishi kuzatiladi. Qonning quyuqlashishi tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, insult va infarktka chalinish ehtimolini orttiradi. Qon tarkibining suyuqlashishi esa qon ketishi, bemor tanasida ko‘karish va qon talashlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ikki holatda ham tezda tibbiy ehtiyot choralarini ko‘rish zarur.

— Og‘ir xastalar va kutilmagan baxtsiz hodisaga uchragan shaxslarga doim ham donor qoni topilavermaydi. Umuman, mamlakatimizda bemorlarga qon quyish ishlari, qon zaxirasi haqida so‘zlab bersangiz.
— Qon zaxirasiga bo‘lgan talab hamisha yuqori bo‘lgan. Shu bois, qon topshirish aksiyalari tez-tez amalga oshiriladi. Albatta, bu amaliyot kimlarningdir hayotini saqlanib qolinishiga sabab bo‘ladi. Mana shunday targ‘ibot-tashviqot ishlarini ko‘paytirish, ommalashtirish kerak.

Leykoz bilan kasallangan bemorlarga yoki kamqonligi bo‘lgan bemor bolalarimizga ko‘p miqdorda qon komponentlari talab etiladi. Shuni hisobga olgan holda butun O‘zbekiston xalqiga donor bo‘ling, deb murojaat qilgim keladi. Favqulodda holatlarda qon komponentlari Respublika, viloyat va shahar qon markazlari zaxiralaridan ta’minlanadi. Donorlarning qoni bilan yana zaxira to‘ldiriladi.

— Oqqon kasalligining qaytalanish sabablari aniqlanganmi?
— Leykoz qaytalanishining aniq sabablari noma’lum. Lekin davoga to‘liq rioya qilmagan bemorlar orasida bunday holat ko‘p uchraydi. Ba’zi ota-onalar tibbiyotga ishonmay tabibga murojaat qiladi. Natijada qimmatli vaqti behuda sovrilib, kasallik og‘irlashadi va o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqiziladi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda leykoz bilan og‘rigan bemorlarning dori-darmoni uchun xayriya uyushtirish borasidagi e’lonlarga ko‘p bora ko‘zimiz tushgan. Aytingchi, leykozga davo sifatida ishlatiladigan preparatlar shu darajada qimmatmi?
— Hozirgi kunda leykoz kasalligining diagnostikasi molekular-genetika ko‘rsatkichlari bilan birgalikda uning monitoringi ham amalga oshiriladi. Bu yangi, zamonaviy, yuqori texnologik davo usullarini qo‘llashni talab etadi. Ushbu davo usulida dori vositalari – sitostatiklarni qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Shu bois ham onkogematologik kasalliklarni davolash butun dunyoda katta mablag‘ talab etadi.

Butun dunyoda onkogematologik bemor bolalarni davolashda homiylar, volontyorlar, turli nodavlat jamg‘armalar mablag‘lari jalb etiladi.

Bundan tashqari kimyoterapiya muolajalaridan so‘ng bemorga ko‘p miqdorda qon komponentlari – eritrotsitar massa, trombokonsentrat, yangi muzlatilgan plazma kerak bo‘ladi. Shu bilan bir qatorda boshqa organlarda kasalliklar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan, shuningdek, bakteriya, virus va zamburug‘larga qarshi qaratilgan profilaktik davo terapiyasini amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bular ham o‘z navbatida katta mablag‘ talab qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qon quyuqlashishi qanchalik xavfli?